Jahon | 11:30 / 10.08.2023
6561
5 daqiqa o‘qiladi

Bayden AQSh kompaniyalarining Xitoy texnologiya sohasiga sarmoyasini cheklaydi

Prezident Bayden moliya vaziriga AQSh kompaniyalariga Xitoy texnologik kompaniyalariga sarmoya kiritishni taqiqlash yoki cheklash vakolatini berdi. Cheklovlar yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, kvant axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt tizimlari kabi sohalarga ta’sir qiladi. Xususan, chip ishlab chiqarish texnologiyalariga sarmoya kiritish taqiqlanadi. 

Foto: Sean Gallup/Getty images

Prezident Jo Bayden AQSh kompaniyalarining Xitoy texnologiya sohasiga sarmoya kiritishini cheklovchi farmonni imzoladi. Buyruq AQSh moliya vaziriga Xitoy kompaniyalariga mikrochip va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish, kvant axborot texnologiyalari va ba’zi sun’iy intellekt tizimlari kabi sohalarga sarmoya kiritishni tartibga solish vakolatini beradi. Xususan, u chiplar kabi nozik texnologiyalarga sarmoya kiritishni taqiqlaydi va texnologiya sektorining boshqa segmentlariga investitsiyalarni hukumat bilan muvofiqlashtirishni talab qiladi, deb xabar beradi Reuters. 

Bayden ma’muriyatining ta’kidlashicha, cheklovlar uchta sohaning «tor yo‘nalishlari» uchun qo‘llanadi. Bu buyruq Xitoyga XXR harbiy modernizatsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi va AQSh milliy xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni ishlab chiqishda yordam berishning oldini olishga qaratilgan. Cheklovlar xususiy kapital, venchur kapitali, qo‘shma korxonalar va yangi loyihalarga sarmoya kiritishga qaratilgan. Qoidalar faqat kelajakdagi investitsiyalarga ta’sir qiladi, deya bayonot berdi AQSh Moliya vazirligi. 

U AQSh kompaniyalaridan Xitoy kompaniyalariga yo‘naltirilgan operatsiyalarni oshkor etishni talab qiladi. Moliya vazirligi rahbari ba’zi operatsiyalarni taqiqlashi va investorlardan hukumatni boshqa investitsiyalar bo‘yicha rejalari haqida xabardor qilishni talab etishi mumkin. AQSh Moliya vazirligi «ayrim bitimlar, shu jumladan ommaviy sotiladigan vositalar bilan potensial bitimlar va AQSh kompaniyalaridan shu’ba korxonalarga o‘tkazmalar» uchun istisnolar bo‘lishini bildirdi.

Kompyuter chiplari va ular vositalari uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiquvchi Xitoy kompaniyalariga sarmoya kiritishga eng qattiq cheklovlar qo‘yiladi. AQSh, Yaponiya va Niderlandiya bu sohalarda hukmronlik qilmoqda, Xitoy hukumati esa mahalliy muqobil variantlarni ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Oq uyning ta’kidlashicha, Bayden ittifoqchilar bilan reja bo‘yicha maslahatlashgan va G7 davlatlarining fikr-mulohazalarini hisobga olgan. Vashingtondagi Xitoy elchixonasi bu choradan «hafsalasi pir bo‘lganini» ta’kidladi. 

Ushbu chora 2024 yilda kuchga kirishi kutilmoqda, dedi farmon bilan tanish bo‘lgan shaxs. Undan oldin u 45 kunlik davrni o‘z ichiga olgan holda jamoatchilik muhokamasidan o‘tadi. Avvalroq Bayden Kongressga yo‘llagan maktubida Xitoy kabi davlatlar «harbiy, razvedka, kuzatuv yoki kiber imkoniyatlar uchun muhim bo‘lgan nozik texnologiyalar va mahsulotlarda» sezilarli olg‘a siljishi tahdidi tufayli milliy favqulodda holat e’lon qilayotganini aytgan edi. 

Xitoy Baydenning buyrug‘idan «jiddiy xavotirda» ekanligini va javob qaytarish huquqini saqlab qolganini ma’lum qildi. Xitoy Savdo vazirligi bayonotida aytilishicha, hujjat korxonalarning normal ishlashi va qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatadi, xalqaro iqtisodiyot va savdo tartibini buzadi. Savdo vazirligi rahbari Amerika Qo‘shma Shtatlari bozor iqtisodiyoti qonunlari va adolatli raqobat tamoyilini hurmat qilishiga hamda global savdo va jahon iqtisodiyotini tiklash yo‘lida sun’iy to‘siqlar yaratishdan tiyilishiga umid bildirdi. 

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibining ta’kidlashicha, Oq uy Xitoyning cheklovlar rejasi yuzasidan «bir necha bor chuqur tashvish bildirganiga» e’tibor bermagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda 70 mingdan ortiq AQSh kompaniyalari biznes yuritmoqda. Cheklovlar ham Xitoy, ham Amerika biznesiga zarar yetkazadi, normal hamkorlikka xalaqit beradi va investorlarning AQShga ishonchini pasaytiradi, dedi agentlik suhbatdoshi.

AQSh yarimo‘tkazgichlar sanoati assotsiatsiyasining ta’kidlashicha, farmon «AQSh chips ishlab chiqaruvchilariga teng sharoitda raqobatlashish va asosiy global bozorlarga, jumladan, Xitoyga kirishga» imkon beradi. PitchBook ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Xitoyga venchur investitsiyalari 2022 yilda 9,7 milliard dollargacha (2021 yildagi 32,9 milliard dollardan) kamaydi. 2023 yilda amerikalik investorlar Xitoyning texnologik startaplariga atigi 1,2 milliard dollar sarmoya kiritdi. 

Mavzuga oid