Eron, Kuvayt va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi gaz koni bo‘yicha bahs qayta jonlandi
So‘nggi oylar ichida Fors ko‘rfazida joylashgan hamda Eron, Kuvayt va Saudiya Arabistoni o‘rtasida talash bo‘layotgan yirik gaz koni bo‘yicha azaliy bahs yana qalqib chiqdi. Arab davlatlari gaz koni uchun «tanho huquq»qa da’vogarlik qilishmoqda. Eron, tabiiyki, bundan norozi.
Eronliklar Orash, Kuvayt va Saudiya Arabistoni Durra deb atovchi mazkur kon 1960-yillardan buyon da’vogar tomonlarning bir necha e’tirozlari va qarshi da’volari bilan mashhur bo‘lgan va Fors ko‘rfazidagi uch qo‘shni davlatning o‘zaro munosabatlariga raxna solib kelmoqda.
Mojarolarning so‘nggi sikli 2022 yilda boshlangan. O‘shanda Saudiya Arabistoni va Kuvayt Eronning chegaralarni demarkatsiyalar va bahsni tugatish bo‘yicha muloqotlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiruvlarini e’tiborsiz qoldirib, kondan birgalikda foydalanish to‘g‘risida kelishuv imzolashdi.
O‘tgan oydan boshlab Kuvayt va Saudiya Arabistonining rasmiy shaxslari dengizdagi gaz koniga «tanho huquq»qa ega ekanliklarini bot-bot takrorlashdi, Eron esa tomonlarga ularning yuridik majburiyatini eslatish bilan band bo‘ldi.
Hammasi Kuvayt tashqi ishlar vazirligining gaz koniga «tanho huquq»qa ega ekanini tasdiqlashi bilan boshlandi, shundan so‘ng Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi ham shunday bayonot bilan chiqish qildi.
Kuvayt neft vaziri Sa’d al-Barrak «Al-Axboriya»da chiqish qilib, uning mamlakati Eron bilan chegaralarni demarkatsiya qilishni kutib o‘tirmasligi, konda «burg‘ilash va gaz qazib olish»da davom etishini bildirgan.
O‘tgan payshanba kuni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi Kuvayt bilan birgalikda Durra konidagi tabiiy resurslarga «tanho huquq»qa egaliklari borasida yana bir bayonot bilan chiqish qilgan.
Bunga javoban Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanoniy Kuvayt va Saudiya Arabistonini bu masaladagi ixtilofni oshkora muhokama qilishdan qaytargan va bu amaliyotni «befoyda» deb atagan, deb yozadi Parstoday.
Kanoniyning ogohlantirishicha, agar boshqa tomonlar kondan birgalikda foydalanishga intilmasa Eron qo‘l qovushtirib qarab o‘tirmaydi va bu sohada o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qiladi.
Uning e’tirozlari Eron neft vaziri Javod Oujiyning Kuvayt va Saudiya Arabistoni «hamkorlikka xohish bildirmasa» Eron shak-shubhasiz o‘z «huquq va manfaatlari»ni himoya qilishi to‘g‘risidagi bayonotlaridan bir kun o‘tib yangradi.
O‘n yillik bahs
Fors ko‘rfazidagi kon yapon firmasi tomonidan 1967 yilda ochilgan. O‘shanda Eron British Petroleum o‘rniga paydo bo‘lgan Anglo-Iranian Oil Company’ga konni o‘zlashtirish huquqini topshirgan, Kuvayt esa o‘z huquqlari ulushini Royal Dutch Shell kompaniyasiga bergan.
Bu yon berishlar konning shimoliy qismida kesishgan, o‘sha vaqtda muzokaralarda hech qanday olg‘a siljish kuzatilmagan.
Eron 2001 yilda Kuvayt va Saudiya Arabistoni forslarsiz konni o‘zlashtirishni boshlaganda konda burg‘ilash uskunalarini o‘rnatishga kirishgan. Biroq, Tehron va Al-Kuvayt bir muddat o‘tgach o‘z loyihalarini to‘xtatishgan.
O‘tgan yili Kuvayt va Saudiya Arabistoni kelishuv imzolagan, Eron uni «noqonuniy» deb atagan va bu kelishuv avvalgi, kondan har uch davlat maslahatlashib foydalanishi to‘g‘risidagi kelishuvga zid ekanini ta’kidlagan. Tehron hattoki 2001 yilda to‘xtatib qo‘yilgan burg‘ilash ishlarini qaytadan boshlashini va’da qilgan.
Eron va Kuvayt bahs bo‘yicha muzokaralarning so‘nggi bosqichini mart oyida o‘tkazishdi, biroq natijasiz.
O‘tgan payshanba kuni Eron tashqi ishlar vazirligi uning Kuvaytdagi qandaydir yangi vakili arab davlati tashqi ishlar vaziri Salim Abdulloh al-Jobir as-Saboh bilan uchrashgani va uni Tehronga taklif etganini xabar berdi.
Bu tashrif davomida bahsli gaz koni ikki tomon o‘rtasidagi muloqotlarda tilga olinishi ehtimoli katta.
Eron parlamentining energetika komissiyasi raisi o‘rinbosari Ahmad Murodiy Press TV kanaliga bergan intervyusida Kuvayt Eronning yaxshi niyatdagi harakatlariga o‘zaro hurmat ma’nosida javob qaytarishi lozimligini ta’kidlagan.
«Orash koni borasidagi bahs ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga raxna solmasligi kerak, — degan Murodiy. — Kuvayt bosiqlik bilan, aksileron propagandaga uchmasdan, gaz qazib olishdek zaruriyatni qo‘lga kiritishi uchun adolatli taqsimotga ega bo‘lgan jiddiy muzokaralar o‘tkazishi kerak».
Deputat nisbatan kam xarajatlar bilan konni birtomonlama o‘zlashtirishga ham qodirligini ta’kidladi va So‘rush va Abuzar konlaridagi ishlarga ishora qildi.
Bir-biriga zid talqinlar
Eron dengiz neft kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan seysmik razvedka gaz konining 40 foizga yaqini Eronning hududiy suvlari ostida joylashganini ko‘rsatadi va bu boshqa tomonlarning bayonotlarini inobatdan soqit etadi.
Biroq Kuvayt Eron bayonotlarini rad etib, Britaniyaning Royal Dutch Shell kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan seysmik razvedka Eron kondagi ishlarga aralashishga haqi yo‘qligini ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.
Endi ikki arab davlati bu kon faqat ularga tegishli ekanini ta’kidlab, Eronni neytral zona deb atalayotgan sharqiy chegarani demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazishgagina taklif etishmoqda.
Kon Britaniya imperialistlari tomonidan belgilab berilgan, Saudiya Arabistoni va Kuvayt tomonidan bo‘lib olingan neytral zonaning dengiz qismida qisman joylashgan.
Keyinroq ikki davlat bu neytral hududni bo‘lib olishgan va ishlab chiqarishdan keladigan daromadlarni teng bo‘lib olish borasida kelishib olishgan.
Eron shu paytgacha faqat Kuvayt bilan muzokaralar olib borgan, chunki Eron-Saudiya dengiz chegarasi faqat 1968 yilga kelib belgilangan.
Tehron universitetining geosiyosat bo‘yicha professori Zahro Peshgohi Fard Press TV saytiga intervyu berar ekan, Kuvaytning Eron bilan chegarasi borasidagi rasmiy pozitsiyasi Kuvayt a’zo bo‘lgan 1982 yilgi dengiz huquqi konvensiyasiga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaydi.
Peshgohi Fardga ko‘ra, Kuvaytning 2014 yilda qabul qilingan dengiz zonalari to‘g‘risidagi qonunida foydalanilgan xarita konvensiyaga zid ravishda mamlakat hududiy suvlarini o‘rta chiziqdan chiqarib, kengaytiradi.
Professorga ko‘ra, bu Kuvayt zonasining Eron dengiz zonasi ichiga sezilarli tarzda kirib ketishini ta’minlayotgan yagona muammo emas ekan.
«Kuvayt qonunchiligida Kuvayt qo‘ltig‘idagi quyilish joyidan chiqayotgan to‘g‘ri chiziqlardan noto‘g‘ri foydalanilmoqda, chunki kelishuvga ko‘ra o‘rnatilishi lozim bo‘lgan boshlang‘ich chiziqlar uzunligi 24 dengiz milyasidan uzunroq, — degan Peshgohi Fard. — Bundan tashqari, Kuvaytdan chiqayotgan boshlang‘ich chiziqlar materikdan juda uzoqqa cho‘zilgan va uchburchak shaklga ega. Konvensiyaga ko‘ra chiqarilayotgan boshlang‘ich chiziqlar qirg‘oqning umumiy yo‘nalishidan biror tomonga sezilarli og‘masligi lozim».
Professorga ko‘ra, Kuvayt Uha orolini «ichki suvlar va boshlang‘ich chiziqlardan tashqarida» joylashtirgan.
«1982 yilgi konvensiyaga ko‘ra, bu orol mamlakat hududiy suvlari ichida bo‘lishi kerak, chunki uning materikdan uzoqligi 12 dengiz milyasidan uzoq», — deydi Peshgohi Fard.
Hamkorlik uchun yo‘nalish
Dengiz sohasi uzoq vaqtlardan buyon Eron va Kuvayt o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashuvi manbayi bo‘lib kelgan. Biroq, ekspertlarga ko‘ra bu maydon «hamkorlik va birgalikda kuchayish sohasi»ga ham aylanishi mumkin.
Kuvayt tarixan Eron bilan iliq munosabatlarda bo‘lib kelgan, endilikda Saudiya Arabistoni ham Tehron bilan munosabatlaridagi keskinlikni yumshatish tomon harakat qilayotganida ularda bahsga butunlay nuqta qo‘yish uchun katta imkoniyat bor, deyishmoqda ular.
Bu orada Kuvayt va Iroq ham o‘z dengiz chegaralari borasida xuddi shunday bahsga yakun yasash uchun avgust oyida muzokaralar rejalashtirishayotganini e’lon qilishdi. Bu muzokaralar Eron va Kuvayt o‘rtasidagi muzokaralarga ham yo‘l ochishi mumkin.
Bahsga qanday yakun yasash mumkin, deb savol berilganda professor Peshgohi Fard uchtomonlama konsorsium tashkil qilib, har bir tomonga adolatli ulush ajratish lozimligini taklif qilgan.
«Birinchi navbatda Eron-Kuvayt chegarasi hamda neytral zonada Eron-Saudiya chegarasi demarkatsiyasini o‘tkazish kerak. Shundan so‘ng uch mamlakat ishtirokida 1982 yilgi konvensiyaga asosan konda har bir davlat ulushini ajratib beruvchi konsorsium tashkil qilish mumkin», — degan professor Press TV saytiga bergan intervyusida.
Agar demarkatsiya to‘g‘risidagi bahs tartibga solinsa, mamlakatlar milliardlab dollar investitsiya kiritib, konni rivojlantirish bo‘yicha oldinga katta qadam tashlagan bo‘lishadi.
Umumiy gaz konlarida birgalikda gaz qazib olishning huquqiy mexanizmlari allaqachon yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, bu konlarni samarali va tez ishlatishni ta’minlaydi.
Uch mamlakat shuningdek energetik hamkorlikning boshqa turli shakllarida ishtirok etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishmoqda. Eron allaqachon O‘mon bilan energetik hamkorlik boshlagan. Unga ko‘ra Eron gazini O‘monga yetkazish uchun dengiz ostidan o‘tuvchi quvur qurish, shuningdek tankerlarda suyultirilgan tabiiy gaz yetkazish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Agar bu uch davlat bir-biri bilan hamkorlik qilishning yo‘lini topa olsa, bu Fors ko‘rfazidagi yana bir taranglikni yumshatish jarayonini mustahkamlaydi va qo‘shnichilik bo‘yicha jiddiyroq bahslarni ham tartibga solishga yo‘l ochadi, deyishmoqda ekspertlar.
Mavzuga oid
23:14 / 19.11.2024
Eron uranni boyitishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi - OAV
21:44 / 19.11.2024
Kanadada sobiq adliya vaziriga suiqasdning oldi olindi
19:09 / 19.11.2024
Tramp Moskva va Tehronning ittifoqini parchalay oladimi?
11:54 / 19.11.2024