Jahon | 11:54 / 19.11.2024
2013
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya RFga qurol yetkazib bergani uchun Eronga qarshi sanksiyalar kiritdi

Erondan Rossiyaga ballistik raketalar va boshqa qurollarni olib o‘tgani uchun davlatga qarashli Iran Air aviakompaniyasi va IRISL yuk tashish kompaniyasiga nisbatan jazo choralari qo‘llandi.

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan keyin Eronning Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaga harbiy yordami uchun sanksiyalar kiritdi. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligining 18 noyabr, dushanba kuni bergan bayonotida aytilishicha, jazo choralari davlatga qarashli Iran Air aviakompaniyasi va The Islamic Republic of Iran Shipping Lines (IRISL) yuk tashish kompaniyasiga qarshi qaratilgan.

Ikkala kompaniya ham Erondan Rossiyaga ballistik raketalar va boshqa qurollarni olib o‘tishda ayblanmoqda. Ushbu kompaniyalarning aktivlari muzlatilgan. Bundan tashqari, Rossiyaning «Port Olya-3» kemasiga uchinchi davlatlardan Rossiyaga harbiy yuklarni olib o‘tgani uchun sanksiyalar kiritildi. Unga Britaniya portlariga kirish taqiqlangan.

Britaniya tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi sanksiyalar Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida sentabr oyida erishilgan uch tomonlama kelishuvga muvofiq joriy qilingan. O‘shanda uch mamlakat hukumatlari Erondan Rossiyaga raketa yetkazib berilishi fonida Tehronga qarshi jazo choralari kuchaytirilishini e’lon qildi.

YeI Rossiya uchun ballistika tufayli Eronga qarshi sanksiyalar tayyorladi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Tehronning Moskvaga ballistik raketalarni topshirgani uchun Eronga qarshi sanksiyalarning ikkinchi paketi yuzasidan siyosiy kelishuvga erishdi. Bu haqda 15 noyabr, juma kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda YeIning yuqori martabali amaldori ma’lum qildi. Yangi paket 18 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida qabul qilinishi kutilmoqda.

DW tomonidan yangi sanksiyalar nimalarni o‘z ichiga olishi mumkinligi haqida so‘raganida, rasmiy ushbu paket oktyabr oyida kiritilgan birinchi paketga o‘xshashligini, biroq sanksiyalar ro‘yxati boshqa sohalardagi yangi jismoniy va yuridik shaxslar bilan to‘ldirilishini tushuntirdi. Shunday qilib, YeI Eronga Rossiya bilan harbiy hamkorlik va uning Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini qo‘llab-quvvatlashini to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishda davom etish niyatida.

Mavzuga oid