13:34 / 24.08.2023
29190

OChL guruh bosqichiga qur’a tashlandi - Neymar Namanganga, Benzema Olmaliqqa kelishi mumkin

Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi yulduzlardan iborat «An Nasr» guruh bosqichida O‘zbekistonning to‘rt klubidan birortasiga raqib bo‘lmadi.

Videodan kadr

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Osiyo Chempionlar Ligasida G‘arb mintaqasining guruh bosqichiga qur’a tashlandi va unda O‘zbekistonning 4 klubi ham o‘z raqiblarini bilib olishdi.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni «Paxtakor» nisbatan oson guruhdan o‘rin oldi. Uning guruhida Saudiya Arabistonidan yulduzlarsiz «Al Fayha» qatnashadi.

O‘zbekiston Kubogi sohibi sifatida OChLga chiqqan «Nasaf»ning guruhida esa umuman saudlar klubi yo‘q, jamoa o‘tgan yilgi raqibi «As Sadd» bilan bu safar ham guruhda to‘qnash keldi.

OChLga pley-off o‘yinlari orqali yo‘llanma olgan «Navbahor» turnir favoritlaridan biri, Saudiya Arabistonining nomdor jamoasi «Al Hilol»ga raqib bo‘ldi, bu jamoa shu yil yozda tarkibini kuchaytirib, Neymar, Kulibali, Mitrovich, Savich, Nevesh, Malkom, Yassin Bunu kabi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan.

O‘zbekistonning pley-off orqali og‘ir yo‘lni bosib o‘tgan yana bir jamoasi, Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi OKMK esa Saudiya Arabistonining amaldagi chempioni «Al Ittihod» bilan guruhdosh bo‘ldi. Bu jamoa ham yozgi transferlar oynasida shov-shuvli transferlar amalga oshirib, Benzema, Kante va Fabino kabi yulduzlarni olib kelgan.

Saudlarning yana bir nomdor jamoasi, tarkibida Ronaldu, Mane, Taliska, Brozovich, Lyaport kabi yulduzlari bor «An Nasr» klubi esa Tojikiston vakili «Istiqlol» bilan bir guruhdan joy oldi.

A guruhi
«Paxtakor» (O‘zbekiston) 
«Al Fayha» (Saudiya Arabistoni) 
«Ahal» (Turkmaniston) 
«Al Ayn» (BAA) 

V guruhi
«As Sadd» (Qatar) 
«Nasaf» (O‘zbekiston) 
«Al Faysali» (Iordaniya) 
«Sharja» (BAA) 

S guruhi
«Al Ittihod» (Saudiya Arabistoni) 
«Sipohon» (Eron) 
«Eyr Fors» (Iroq) 
OKMK (O‘zbekiston) 

D guruhi
«Al Hilol» (Saudiya Arabistoni) 
«Nassaji Mozandaron» (Eron) 
«Mumbay Siti» (Hindiston) 
«Navbahor» (O‘zbekiston) 

Ye guruhi
«Persepolis» (Eron)
«Duhayl» (Qatar) 
«Istiqlol» (Tojikiston) 
«An Nasr» (Saudiya Arabistoni) 

Ma’lumot uchun, guruh bosqichi 6ta turdan iborat bo‘ladi va 18 sentabrda boshlanib, 5 dekabrda tugaydi.

Top