FT: Xitoy Rossiya banklariga ta’sirini keskin oshirdi
Urushning bir yarim yili davomida Xitoy to‘rtta yirik bankining Rossiyadagi sarmoyalari to‘rt baravarga oshib, 9,7 milliard dollarga yetdi. Rossiya eksport hisob-kitoblarida yuanning ulushi bir foizdan 16 foizgacha oshdi.
Xitoy banklari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga javoban g‘arb sanksiyalari kiritilgach, Rossiya bank tizimining asosiy kreditorlariga aylandi. Urushning bir yarim yili davomida Xitoyning Rossiya banklariga ta’siri to‘rt barobarga oshdi, deb yozadi Financial Times 4 sentabr, dushanba kuni Rossiya Banki ma’lumotlarini tahlil qilgan Kiyev iqtisodiyot maktabiga tayanib.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, urushning dastlabki 14 oyi davomida Xitoy sanoat va tijorat banki, Xitoy banki, Xitoy qurilish banki va Xitoy qishloq xo‘jaligi banki Rossiyaga yuandagi sarmoyalarni 2,1 milliarddan 9,7 milliard dollarga oshirgan.
Rossiya eksport hisob-kitoblarida yuanning ulushi 16 foizgacha oshdi
Xuddi shu davrda eksport hisob-kitoblarida «zaharli valutalar» deb ataluvchi ulush, birinchi navbatda, dollar va yevroning ulushi 50 foizdan kamroqqa tushdi, yuanning ulushi esa 16 foizgacha ko‘tarildi. Urush boshlanishidan oldin dollar va yevro eksport to‘lovlarining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etgan bo‘lsa, yuanning ulushi bir foizdan kam edi.
«Xitoy banklarining dollar va yevro o‘rnini yuan bilan to‘ldirayotgan Rossiya moliya-kredit muassasalariga berayotgan kreditlari sanksiyalar o‘z vazifasini bajarayotganini ko‘rsatmoqda», — dedi nashrga Kiyev iqtisodiyot maktabining rivojlanish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Andrey Onopriyenko.
Shu bilan birga, Rossiya Bankining iyul oyidagi hisobotida, shuningdek, moliyaning boshqa sohalarida, xususan, bir yarim yildan ko‘proq vaqt davomida Xitoy valutasining ulushi deyarli noldan joriy yil iyun oyida 44 foizga yetgan valuta bozori birja aylanmasida dollarning yuanga almashtirilishi haqida so‘z boradi. O‘z navbatida, The Moscow Times gazetasi TrueEcon tahlilchilarining ma’lumotini keltirdi. Unga ko‘ra, Rossiya kompaniyalarining RF banklarida yuandagi depozitlari ulushi 42,8 foizgacha, jismoniy shaxslar bo‘yicha esa - 14,4 foizgacha oshgan.
Raiffeisen Bank’ning Rossiyadagi aktivlari barcha Xitoy banklari investitsiyasidan uch baravar ko‘p
Shu bilan birga, Financial Times gazetasi yozishicha, Xitoy banklari hali ham Rossiyada faoliyat yuritayotgan eng yirik g‘arb banki - Avstriyaning Raiffeisen Bank’dan orqada. Urushning bir yarim yil davomida ushbu bank Rossiyadagi aktivlarini 40 foizdan ko‘proqqa oshirdi - 20,5 milliard dollardan 29,2 milliard dollargacha va 2023 yil fevral oyi oxirida, uning yuqori martabali vakillaridan biri so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va dunyo o‘rtasidagi barcha pul oqimlarining 40-50 foizini o‘tkazdi. Raiffeisen Bank Rossiya biznesining foydasi joriy yil birinchi olti oyida 9,6 foizga oshib, 867 million yevroga yetdi.
Rossiya hukumati 2022 yilda xorijiy banklarga mamlakatda shu’ba korxonalarini sotishni ancha qiyinlashtirdi. YeMB Yevropa banklariga Rossiyani tark etishga majburlash uchun bosimni kuchaytirmoqda. Nashrning yozishicha, Raiffeisen Bank mahalliy va xalqaro qonunlarga rioya qilgan holda, Rossiyadagi biznesini sotish yoki tugatish yo‘llarini topishga harakat qilayotganini bildirgan.
Mavzuga oid
23:34 / 19.11.2024
Olimlar Oyning orqa tomonidan olingan tuproq namunalarini o‘rgandi
22:10 / 19.11.2024
Xitoy kosmik stansiyasida tajribadan o‘tgan zaytun danaklari Yerda unib chiqdi
21:03 / 19.11.2024
Rossiyada dollar yil boshidan beri birinchi marta 100 rubldan oshdi
19:03 / 19.11.2024