15:50 / 09.09.2023
10319

“Bizning xalq befarq emas” – sudlar va sudyalar faoliyati haqida ochiq suhbat

Olimlari beamal, amaldorlari beilm, xalqi befarq yurt tanazzulga yuz tutadi. Adolat ta’minlanmagan davlat ham bir kun kelib yo‘q bo‘lib ketadi, deya g‘arb faylasuflaridan iqtibos keltiradi Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev.

Kun.uzʼning Bu galgi suhbati sudlar va sudyalar haqida bo‘ladi. Adolat peshvolari so‘nggi vaqtlarda bot-bot tilga tushyapti. Kimlardir sudya, hakam haqida gap ketsa, salbiy fikr bildirishga o‘rganib qolgan, kimlardadir esa aksi. Mana shu bahsli masalaga oydinlik kiritish uchun biz ham suhbatlar uyushtiryapmiz. Shu doirada bugun Chilonzor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Sarvar Mamadiyev bilan suhbatlashdik.

Sudyalar haqida salbiy fikrdagilarning aksariyati qo‘shtirnoq ichida ulardan jabr ko‘rganlar bo‘ladi. Nima uchun xalq orasida bu soha vakillariga nisbatan ishonch kamroq? Ishonch qaytyaptimi, hozir tendensiya qanday o‘zi?

— Sudya deyilganda adolat tushunchasi yonma-yon yuradi, shunday baholanadi. Har bir shaxsning o‘z adolati bor. Faqat sud, sudyalarga nisbatan adolat tushunchasi ishlatiladi-yu, lekin jamiyatda har bir shaxsning o‘z adolat tarozisi bo‘lishi kerak. Oilada, biror bir ish joyida adolat qilish ham buning bir ko‘rinishi. Ya’ni ushbu tushuncha ancha keng.

Sudyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning faoliyati qatag‘on davrlari, mustaqillikkacha bo‘lgan davr, mustaqillikdan so‘ng va hozirgi aytilayotgan yangi davrga bo‘linadi. Jinoiy ta’qib bilan bog‘liq masalalarda ko‘p hollarda no‘noqliklar bo‘lib, sudyalar ayblov tarafga yon bosdi, degan gaplar chiqqan. Bizning xalqimiz sud va sudyalarni kinolarda, badiiylashtirilgan nimalardadir ko‘rishadi odatda. Va tasavvurlarida, shunaqa bo‘lishi kerak, degan qarash bor.

Bizda jinoyat protsessi shakllari bo‘lgan, bular: ayblov, tortishuv va aralash shakllari. Ayblov shaklda hamma narsa shaxsni ayblashga qaratilgan. Miranda qoidasiga ko‘ra, aybni tan olishning o‘zi jazolashga asos bo‘lolmaydi bugungi kunda, bu Konstitutsiyada ham belgilab qo‘yildi.

Ilgarigi davrlarda ayblov shaklining o‘zi bo‘lgan. Keyinchalik insonlarning huquqlari kengayib, rivojlanish natijasida tortishuv shakli paydo bo‘lgan, ya’ni ayblanuvchi o‘zini himoya qiladi. Bizda asosan fanda ikki huquq oilasi o‘rganiladi: anglosakson va romanogerman. Bizda romanogerman huquq tizimi amal qiladi. Anglosakson huquq tizimida pretsedentlar bilan ish olib boriladi, qonunlar bilan emas. Bizda esa qonunlar bilan ishlanib, har bir holat va dalilga alohida baho beriladi, oldingi ishda o‘tgan dalil keyingisida o‘tmasligi mumkin. Anglosakson huquq tizimida tergov bitta bo‘ladi, ya’ni dalillar sudda ko‘riladi faqat. Bizda dastlabki tergov, ya’ni yopiq ayblov shakli, keyin sudda ko‘rilib, tortishuv shakli bo‘ladi, umuman ish aralash shaklda ko‘riladi. Shuning uchun bizdagi sudlar chet el kinolaridagidek tortishuvlarga boy, qizg‘in ko‘rinmaydi, oldin ko‘rib chiqilgan bo‘ladi, ularda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri sudda ko‘riladi.

— Bizning sudlarda xuddi kinolardagidek, yangi dalillar yoki guvohlar chiqib, dramatik o‘zgarishli holatlar bo‘lganmi?

— Bunday holatlar ko‘p bo‘lib turadi. Har bir jinoyat ishi bir asardek gap, faqat yakunlanmagan bo‘ladi. Asar yakunini sudya yozadi. Dastlabki tergov vaqtida isbotlanib, hammasi oydinlashgandek bo‘lgani bilan sudga kelib barchasi chippakka chiqishi mumkin. Dalillar noto‘g‘ri ishlatilgan bo‘lishi  yoki sud tomonidan yangi bir dalillar chiqishi mumkin. Bu holatda vaziyat o‘zgarib ketadi. Prokurorlar tomonidan ayblovdan voz kechish holatlari ham bo‘ladi.

Bizda mulk huquqi masalalari hali unchalik rivojlanmagan. Moliyaviy madaniyat hali yuksalishi kerak. Savdo masalalarida nasiya degan narsalar bor. Shunday bir holat bo‘lgan. Bir shaxs kursdoshidan bo‘lib to‘lashga mashina olgan, har oyning 15-sanasigacha to‘lashi kerak bo‘lgan. 9 oy to‘lagan, 10-oyda mashinani sotuvchi shaxs oyning 7-sanasida ichki ishlarga murojaat qilgan, pulimni bermadi, deb. Shunda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblov xulosasi bilan ish sudga oshirilgan, lekin kelishilgan sanaga e’tibor berishmagan. Sud tergov jarayonida esa o‘sha pul berish sanasi ham hisobga olinib, ayblanayotgan fuqaro oqlandi.

— Miranda qonuni haqida ham ikki og‘iz tushuntirib o‘tsangiz.

— 1966 yilda Miranda ismli ancha huquqbuzarlikka moyil shaxs bo‘lgan. Navbatdagi o‘g‘irlikda qo‘lga tushadi, o‘sha paytda unga huquq va majburiyatlari tushuntirilmaydi. O‘zidan ko‘rsatma olinadi va shu asosda hukm o‘qiladi. Keyin AQSh Oliy sudi ko‘rib chiqib, unga o‘zi haqida ko‘rsatmalar berishga majbur emasligi, o‘ziga qarshi ishlatilishi ogohlantirilmasdan turib ayblov qo‘yilgan, deydi va uni oqlaydi. Shundan so‘ng Miranda qonuni paydo bo‘ladi.

Bizda ham JKning 23/46-moddalarida shunday huquqlar keltirilgan. So‘roq qilinayotgan shaxs o‘zi berayotgan ko‘rsatmalar uning o‘ziga qarshi ishlatilishi haqida og‘ohlantirilishi shart. Ogohlantirishsiz olingan dalillar maqbul emas deb hisoblanmaydi. Bu huquq asosan dastlabki shaxsni ushlash jarayonida eslatilishi kerak. Shu bosqichdan keyin professional protsess boshlanadi, shuning uchun ogohlantirish shart.

Miranda qonuni yana bir narsa uchun kerak. Shaxs oldin bunday organlar bilan duch bo‘lmagan bo‘lsa, o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin, nima deyayotganini o‘zi ham bilmay qolishi mumkin. JKning 23-moddasiga ko‘ra, shaxsga sud hukmi chiqmaguncha u aybsiz hisoblanadi. Yana bir amaliyot ham bor. Miranda qonuniga amal qilingan bo‘lsa ham, shaxs o‘z ixtiyori bilan ko‘rsatma bersa-yu, lekin advokat ishtirok etmagan bo‘lsa, bu dalillar ham nomaqbul hisoblanadi va ayblovdan chiqarib tashlaymiz.

— Sudyalar mustaqilligi masalasida bizda ahvol qanday? Deylik, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan holatlar: nashid yuborganga 5 yil berilib, yetim bolalarni zo‘rlaganga shunchaki ozodlikni cheklash. Bunga o‘xshash solishtiruvlar ko‘p. Sudyalarga bosim paydo qiladi. Bunday holatlarga sudya sifatida sizning javobingiz qiziq.

— Sudyalarning harakatini nazorat, tahlil qiluvchi faqat yuqori turuvchi instansiya bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinganda odatda ikkinchi tarafni eshitish bo‘lmaydi, sudda ikki tomon bo‘ladi. Sud chiqaradigan hujjatlarda 3 ta talab bor: qonuniylik, asoslanganlik va adolatlilik. Umuman olganda, adolatning aniq bir normalari yo‘q. Tarmoqlarda mashhur bo‘lgan AQShlik sudyani adolatli deyishadi, lekin men ko‘proq ochiqlik bilan ishni olib borishini e’tirof etgan bo‘lardim.

Qonunchilikda chegaralar bor. Deylik, ma’lum bir qilmish uchun jarima, axloq tuzatish, jamoat ishlari, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish choralari bor, mana shu 5 xil jazodan chetga chiqib ketolmaymiz. Qaysi turdagi jazoni berish esa protsess davomida aniqlanadi. Ayblanuvchining pushaymonligi, keltirilgan zarar, jabrlanuvchining huquq va manfaatlari kabilardan kelib chiqiladi.

Siz keltirgan ikki keys bo‘yicha qandaydir xulosa berishga menda vakolat yo‘q. Malakalanish turlicha bo‘ladi, jabrlanuvchilar da’vo qilmagandir. Sudyalardan tajriba, ichki ishonch talab qilinadi, shuning uchun ham kamida 35 yosh bo‘lishi kerak. Masalan, Germaniyada voyaga yetmaganlarning ishini ko‘rish uchun sudya kamida ikkita farzandni tarbiyalagan bo‘lishi kerak. Sudyalarda ichki ishonch tarbiyasi, jamiyatdagi o‘rni, faoliyati, kitob o‘qiganligi, odamlar bilan muloqotida shakllanadi.

O‘zim bir ishni ko‘rganman. Sudlanuvchi psixotrop moddalar sotish bilan ayblangan edi. Lekin o‘zi men umuman bu ishni qilmaganman deb ta’kidlagan. Dalillar esa unga qarshi. Yordamchim bilan o‘sha dorixona yoniga borib, o‘zimni bilmaganga olib atrofdagi sotuvchilardan surishtirdim, ular ham tasdiqlashdi. O‘sha jarayonda men ishonchimni mustahkamlab oldim hukm chiqarish uchun.

— Futbolda ham aniq belgilangan qoidalar bor, lekin hakamlar emotsional holatdan, vaziyatdan kelib chiqib ham qaror qilishadi. Sudlarda ham shunday bo‘ladimi? Bir xil holatlarda ikki xil hukm chiqarilishi mumkinmi?

— Futbolda qilingan xato tuzatilmaydi deyarli, shu turishda qoladi. Lekin sudlarda hukm chiqarilgach, yuqori turuvchi instansiyalar tekshirib, hukmni o‘zgartirishi mumkin. Sudlarda har protsess alohida malakalanadi, ayblov moddalar to‘g‘ri kelgani bilan oqibat, vaziyat, ayblanuvchi munosabati kabilar hisobga olinadi. Ba’zida bir xil jazo qo‘llanishi ham mumkin.

— Boshqa kasb egalarida ham bor, ya’ni professional faoliyatdan tashqari har xil tadbirlar, targ‘ibot uchrashuvlari bo‘ladi. Bu narsalarga munosabatingiz qanday?

— Munosabatim 2 xil. Agar sohamga foydasi tegsa, bu to‘g‘ri. Masalan, siz bilan suhbatimiz aholining huquqiy ongini oshirish, sudlar faoliyati bilan tanishishiga, tushunishga xizmat qiladi. Odatda targ‘ibot ishlari xalqimizning huquqiy ongini oshirishga qaratiladi. Fuqarolar bilishi kerak haq-huquqlarini. Shuning uchun bizning sohada targ‘ibot judayam zarur.

Bizda Oliy Sud tomonidan tasdiqlangan dastur bor. Shu dastur bo‘yicha menga ham Chilonzor tumanidagi 5 ta mahalla biriktirilgan. O‘sha mahallalarga borib, bahsli keyslar haqida suhbatlashaman, tushuntirishlar beraman. Umuman, kasbiy faoliyatimizning yaxshilanishiga olib keluvchi qo‘shimcha ishlarga jalb qilinish bo‘lsa, men qo‘llab-quvvatlayman. Aytganimdek, sudya mustaqil shaxs, agar dadil qarorlar chiqaruvchi, o‘ziga ishongan bo‘lsa, unga har kim qo‘shimcha ish berishga hayiqadi ham.

— Nomusga tegish masalasida oqlov hukmi chiqargan ishingiz bor. Ko‘pchilikning noroziligiga ham sabab bo‘lgan bu. Shu haqida nima deya olasiz?

— Ish ko‘rilayotganda jabrlanuvchi tomonidan hech qanday shikoyat bo‘lgani yo‘q. Ayblov organi tomonidan protsess kiritilib, yuqori instansiyada ish qayta ko‘rilgan va mening qarorim o‘z kuchida qolgan. Voyaga yetmaganlar ishtirok etgani va jinsiy jinoyat bo‘lgani uchun yopiq holatda ko‘rilgan ish. Shuning uchun tafsilotlarni aytolmayman. 26-moddaga ko‘ra, qilayotgan ishi ijtimoiy xavfli ekanini anglab, ixtiyoriy to‘xtatgani uchun oqlangan. Agar tashqi ta’sir tufayli jinoyatni to‘xtatgan bo‘lganda suiqasd deb malakalangan bo‘lardi. Jinoyatni oxiriga yetkazish imkoni bo‘la turib undan qaytsa, rag‘batlantiruvchi modda qo‘llanadi va oqlanadi.

— Ish yuklamasi haqida gaplashsak. 6 sentabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Yulduz Olimovaning ish yurituvida 25 ta ish bor. Ayni shu sud sudyasi Sherzod Jamolov 6 sentabrda 55 ta, 4 sentabrda 62 ta, 5 sentabrda 55 ta ish ko‘rishi kerak bo‘lgan. Bitta sudya uchun buncha yuklama ko‘p emasmi?

— Islohotlar natijasida sudyalar ixtisoslashuvi yuzaga keldi, ma’muriy sudlar tashkil etildi. Natijada bir qadar ish hajmi kamaydi. Men jinoyat ishlari bo‘yicha gapiraman, iqtisodiy sudlardan unchalik xabardor emasman. Jinoiy sudlarda bir sudyaga 14 ta jinoyat ishi va 24 tagacha ma’muriy ishlar to‘g‘ri keladi. Agar ishlar soni ko‘payib ketsa, shoshma-shosharlikda xatolarga yo‘l qo‘yish mumkin, chunki har bir ishga muddat beriladi. Iqtisodiy sudlarda aniq faktlar bilan ko‘rinib turuvchi ishlar ham bo‘ladi, menimcha ularga juda ko‘p vaqt sarflash shart emas. 

Yana bir omil aholi soni oshishi. Lekin ixtisoslashuv, sudyalar ko‘payishi tufayli yuklama kamaymoqda. Ishlarni sudgacha olib bormaslik tajribasi ham qo‘llanmoqda. Masalan, soliqqa oid huquqbuzarlikda ayblanuvchi aybini tushunib, zararlarni qoplasa, ish sudga chiqmaydi, to‘xtatiladi. Bu borada davlat ham katta ishlarni amalga oshiryapti, ya’ni iqtisodiy nizolarni yechishda alohida nodavlat tashkilotlar paydo bo‘lmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda yarashuv, kelishuv institutlari qo‘llanadi, bu arzonroq ham tushadi. Bizda ham oxirgi yillarda shunday markazlar tashkil etilyapti.  

Yarashuv haqida gap ketganda, bir misolni keltirib o‘tmoqchiman. Bir ish bo‘lgan, er xotiniga jarohat yetkazgan. Ikki taraf oldimga kelishgan, so‘rasam bugun hukm chiqarishim kerak bo‘lsa, ertaga yarashtiruv komissiyasi ko‘rarkan. Ishni to‘xtatib, oldin komissiya ko‘rsin, bo‘lmasa keyin men ko‘raman, deganman. Agar o‘sha holatda men hukm o‘qiganimda, yarashtiruv komissiyasining foydasi bo‘lmasdi keyin.

— Konstitutsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat bo‘ladi, deyilgan. Amalda ham shundaymi? Targ‘ibotlarda yangi me’yorlar bilan tanishtiruvlar bo‘lyaptimi?

— Konstitutsiya qabul qilinishida protsessual me’yorlar kengaytirilib, konstitutsiyaviy me’yor bo‘lgan. Masalan, Miranda qoidasi shunday bo‘ldi.

Faylasuflarning bir gapi bor: olimlari beamal, amaldori beilm, xalqi befarq yurt tanazzulga yuz tutadi. Xuddi shunday adolat ta’minlanmagan davlat ham yo‘q bo‘lib ketadi. Bugungi suhbatimiz ham huquq borasida bir targ‘ibot. Xalqimiz ham befarq emas bu masalalarga. Umuman, hozir ilmli odamlar mansabga tayinlanayotgani ham ertangi kelajagimiz yaxshi bo‘lishidan dalolat.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi videoda ko‘rishingiz mumkin.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top