20:17 / 12.09.2023
27655

Namangan xalqaro universiteti litsenziyasi bekor qilindi

Nodavlat oliy ta’lim muassasasi faoliyatida bir qator kamchiliklar aniqlangan. 

Foto: Namangan xalqaro universiteti

«Namangan xalqaro universiteti» nodavlat oliy ta’lim muassasasi litsenziyasi sud tomonidan bekor qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Uchqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan NAMXU OTM mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2023 yil 10 fevralda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun berilgan 062797-sonli litsenziyasi bekor qilingan. Bo‘lib o‘tgan sud majlisi muhokamalarida oliy ta’lim tashkiloti faoliyatida aniqlangan qo‘pol qoidabuzarliklar asosli hujjatlar bilan sudga taqdim etilib, o‘z isbotini topgan. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Namangan xalqaro universitetida tekshiruv o‘tkazilganida ta’lim tashkiloti, ta’lim oluvchilar va pedagog xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar HEMIS axborot tizimiga kiritilmagani, tashkilotda rektor maslahatchisi shtat birligi joriy etilmagani, talabalarning o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmagani, barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar, shu jumladan 95 foiz adabiyotlarning elektron variantlari yetishmasligi, universitet o‘qituvchilarining 23 nafari ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar hisoblansa-da, 15 nafarining asosiy ish joyi Namangan davlat universitetida ekani, litsenziya talabi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat belgilangan bo‘lsa-da, ta’lim tashkilotida 17 foizni tashkil etishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlanmagani, tahsil olayotgan 858 nafar talabaga nisbatan ta’lim tashkilotining hududi yetishmasligi kabi holatlar aniqlangan. 

Universitet matbuot xizmati vazirlik xabariga munosabat bildirgan.

«Vazirlik tomonidan Namangan xalqaro universitetida o‘rganish o‘tkazilib, aslida mavjud bo‘lmagan kamchiliklar dalolatnomaga kiritilib, shu dalolatnomaga asoslanib sudga ariza kiritilgan. 

Biroq, NamXU OTM tomonidan tekshiruvchilar xatti-harakatiga huquqiy baho berish va dalolatnomani haqiqiy emas deb topish yuzasidan ma’muriy sudlarga ariza kiritilgan hamda ushbu ma’muriy ish sudda ko‘rib chiqilmoqda. 

Shuningdek, iqtisodiy sud jarayonlari ham davom etmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, NamXU OTMga berilgan litsenziya ayni damda bekor bo‘lmagan va faol holatda.

Shu o‘rinda mutasaddilarga amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga qat’iy amal qilish lozimligi eslatiladi», deyiladi xabarda.

Top