14:27 / 14.09.2023
21422

«Imperializmga qarshi kurashda birgamiz» – Kim Chen In va Putin nimalarni gaplashdi?

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. Ikki davlat rahbarining Rossiya sharqidagi uchrashuvi 4 soatdan uzoq davom etgan.

«Qanday yetib keldingiz»?

Foto: Kreml rasmiy sayti

KXDR lideri rossiyalik hamkasbi bilan Amur oblastidagi Vostochniy kosmodromida uchrashdi. Uning zirhli poyezdi tong soat 07:00 da kosmodrom temiryo‘l stansiyasiga yetib bordi. U yerdan Kimning korteji Vostochniyning sinov-montaj korpusiga yo‘l oldi. Ikki davlat rahbarlari aynan mana shu yerda uchrashdi. Ular oxirgi marta 4 yil avval, o‘shanda ham Rossiya sharqida uchrashgandi.

Shimol yetakchisini kutib olgan Putin birinchi bo‘lib salom berdi va «Qanday yetib keldingiz?» deb so‘radi. Rossiya prezidenti bunday deb so‘raganida mantiq ham bor, chunki Kim Pxenyandan Rossiya sharqigacha sekin yuradigan poyezdda borgan. Bu esa har qancha qulay sharoitdagi poyezd bo‘lsa ham uzoq yo‘l degani.

Putin mehmonga «Angara» raketa tashuvchisining terish jarayoni va uning uchishi uchun qurilayotgan start kompleksini ko‘rsatdi. Kim «Soyuz-2» start kompleksini ham ko‘rdi. Shuningdek, Putin hamkasbiga o‘zi yuradigan Aurus mashinasini ko‘rsatdi. Ikki davlat rahbari mashinaga o‘tirib ham ko‘rishdi.

Rossiya va KXDR kengaytirilgan delegatsiyalari o‘rtasidagi uchrashuv bir soat davom etdi. Dmitriy Peskovning aniqlik kiritishicha, bu tashrif doirasida hech qanday hujjat imzolanishi kutilmayapti. Shuningdek, tomonlar uchrashuv yakunlariga ko‘ra qo‘shma deklaratsiya ham imzolamaydi.

Rossiya tomonidan kengaytirilgan muzokaralarda Putindan tashqari mudofaa vaziri Sergey Shoygu, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Overchuk hamda ishlab chiqarish vaziri Denis Manturov qatnashgan. Kim Chen In guruhidan esa uning singlisi, mamlakatdagi hukmron Mehnat partiyasi mulozimi Kim Yo Chon va tashqi ishlar vaziri Choy Son Hi o‘rin oldi.

Foto: Kreml rasmiy sayti

Tushlikka chuchvara

Keyinroq uchrashuvning OAV uchun yopiq qismi boshlanib, Putin va Kim yakkama-yakka gaplashdi. Bu suhbat 4 soat davom etgan va uning tafsilotlari aniq emas. Faqat ba’zi nashrlar uchrashuv yakunlariga ko‘ra Putin Shimoliy Koreyaga tashrif bilan borishga rozi bo‘lgani haqida yozishdi.

Kun yarmigacha davom etgan turli darajadagi uchrashuvlardan keyin Putin Shimol yetakchisini tushlikka taklif qildi. Rus nashrlarining yozishicha, Rossiya tomoni mehmonni kamchatka qisqichbaqasidan tayyorlangan chuchvara hamda oq amur balig‘i bilan siylagan. Ikki siyosatchi bir-birining sharafiga qadah so‘zi aytib ichkilik ham ichishdi.

Kim Chen In tushlikka yig‘ilganlarni Putin sharafiga ichishga taklif qilib, «Rossiya armiyasi va xalqi to‘planib qolgan zulmga qarshi muqaddas kurashda buyuk g‘alabaga erishishiga» ishonch bildirdi. Putin esa qadah so‘zi o‘rnida koreys xalqining maqollaridan birini tilga oldi: «Kiyimning yangisi, do‘stning eskisi yaxshi. Bizda ham shunga o‘xshash gap bor: eski do‘st ikkita yangi do‘stdan yaxshiroq».

KXDR rahbari o‘z chiqishlari bilan ochiqchasiga Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatladi. U, xususan, Rossiya «o‘z xavfsizligi va suvereniteti yo‘lida oyoqqa turganini» aytdi. Shuningdek, Shimoliy Koreya prezident Putinning har qanday qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. «Umid qilaman, imperializmga qarshi va suveren davlat qurish yo‘lidagi kurashda doim birga bo‘lamiz», dedi Kim.

Foto: Kreml rasmiy sayti

Nega aynan aerodromda uchrashishdi?

Shimoliy Koreya yetakchisining Rossiyaga tashrifi haqida AQSh nashrlari 4 sentabrdayoq yozgan va bu uchrashuvda KXDR Rossiyaga qurol yetkazib berishi muhokama qilinishini taxmin qilgandi. Tabiiyki uchrashuvning ochiq qismida bu haqda so‘z bormadi, lekin Kim Chen Inning «Rossiyaning yangi g‘alabalari uchun» qadah ko‘targani, «Rossiya xalqi va armiyasi gegemonlik iddao qilayotgan zulmga qarshi kurashda muqaddas g‘alabaga erishishi» haqida aytgan gaplari 4 soatlik yopiq suhbat nima haqida bo‘lishini taxmin qilishga imkon beradi.

Rossiya tomoni uchrashuv o‘tkazilishi haqida oxirgi soatlargacha aniq xabar bermadi. Avvalroq Putinning xalqaro tashriflari xavfsizlik nuqtai nazaridan anons qilinmasligi aytilgandi. Ammo AQShning New York Times ikki davlat yetakchisining uchrashish vaqtini to‘g‘ri topdi, lekin uchrashuv joyida biroz adashdi. NYT Kim Putin bilan 2019 yilda bo‘lgani kabi Vladivostokda uchrashadi deb taxmin qilgan, bunga asos ham bor edi. Chunki 10-13 sentabr kunlari Vladivostokda Sharqiy iqtisodiy forum o‘tkazilib, unda Putin ham qatnashishi belgilangandi. Ammo Rossiya tomoni bu gal uchrashuv joyini biroz o‘zgartirib, Kimni qabul qilish uchun Amur oblastidagi kosmodromni tanladi.

Putin Kimni nega aynan kosmik aerodromda kutib olgani haqida ham gapirib buni shimolliklar yetakchisi raketalarga qiziqishi bilan bog‘ladi. Uchrashuvdan e’lon qilingan qisqa videolarda Kim Chen In juda ko‘p savol berganini payqash mumkin. U raketada ishlatiladigan yonilg‘i xarakteristikasi, uning ishlatilgan qismi qayerga tushishi, raketa tashuvchining ish prinsipi haqida so‘ragan. Uning savollariga Roskosmos rahbari Yuriy Borisov va Yerdagi kosmik infratuzilmalarni ekspluatatsiya qilish markazi direktori Nikolay Nestchuk javob berdi.

Foto: Kreml rasmiy sayti

Vladivostokka baribir boradi

Kim Chen In Putin bilan uchrashuvdan keyin ham Rossiyada qolgan. Putin mehmon Komsomolsk-Amurdagi fuqarolik va harbiy texnika ishlab chiqariladigan zavodga borishi, shuningdek, Vladivostokka ham safar qilishini aytdi. G‘arb nashrlari ikki siyosatchi aynan mana shu shaharda uchrashishini aytgandi. 2019 yil Putin va Kim Chen In ilk marta aynan Vladivostokda uchrashgandi.

Uchrashuvga qanday reaksiya bildirishdi?

Bu uchrashuv haqida hali Rossiya tomoni e’lon qilmay turib AQSh agar KXDR Ukrainaga qarshi urushayotgan Rossiyaga qurol yetkazib beradigan bo‘lsa, yangi sanksiyalarga uchrashidan ogohlantirib chiqdi. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Edriyenn Uotsonning aytishicha, amerikaliklarda Kim Chen In Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni davlat rahbarlari darajasida davom ettirishni istagani haqida ma’lumotlar bor.

Financial Times o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolashga tayyor. Pxenyan Rossiyaga o‘q-dori, birvarakayiga o‘t ochuvchi raketa tizimlari va yaqin masofaga mo‘ljallangan ballistik raketalar yetkazib berishi mumkin.

Seuldagi Kunmin universiteti katta ilmiy xodimi Fedor Tertitskiyning fikricha, Putin va Kim qurol yetkazib berish bo‘yicha kelishgan bo‘lishi ham mumkin. Uning fikricha, Xitoy bunga qarshi bo‘lmasa, KXDR Rossiyaga juda ko‘p miqdorda o‘q-dori yetkazib berishi mumkin. «Ularda harbiy ishlab chiqarish kompleksiga doim jiddiy e’tibor qaratilgan. Rejali iqtisodiyot rejimiga o‘tish orqali esa harbiy ishlab chiqarish hajmini tezda oshirish mumkin. Bu yerda asosiy masala sifatga borib taqaladi. Axir Shimoliy Koreya armiyasi 1953 yildan buyon urushgani yo‘q», deydi ekspert BBC bilan suhbatda.

Foto: Kreml rasmiy sayti

Tertitskiy Rossiya va KXDR munosabatlaridagi uchta chekkada qolayotgan omillarga e’tibor qaratgan: «Birinchisi – o‘zaro deyarli hech qanday savdo aylanmasi yo‘q ekani. 2022 yildagi savdo balansi – nol. Xuddi qandaydir embargo amal qilayotgandek. Ikkinchisi – Ukraina urushi mavzusiga butkul e’tibor berilmasligi. Pxenyan Putin qiladigan har qanday ishni qo‘llashi haqidagi barcha xabarlar faqat xorijiy OAV uchun. Mamlakat ichki nashrlarida, xususan, asosiy gazeta «Nodin sinmun»da urush haqida hech nima deyilmaydi. Ular o‘z auditoriyasiga xuddi hech narsa bo‘lmayotgandek ko‘rsatishga harakat qilishadi.

Uchinchi omil – Rossiya KXDR bilan munosabatlarda Xitoy borgan yo‘ldan borishi. Hech qanday mustaqil harakat yo‘q, ba’zan Xitoydan aynan nusxa olinadi.

Rossiya KXDRga oziq-ovqat mahsulotlari bersa, Xitoy bundan faqat xursand bo‘ladi. Xitoy Shimoliy Koreyada vaziyat stabil bo‘lishini istaydi, ularga portlashi mumkin bo‘lgan inqiroz kerak emas. Xitoyning KXDR bilan chegarasida qochoqlar juda ko‘p. Qo‘shimchasiga Shimoliy Koreya rejimining kollapsi ikki Koreya birlashishiga olib kelishi ham mumkin. Bu esa amerikaliklar uchun ayni muddao bo‘ladi», deydi ekspert.

Foto: Kreml rasmiy sayti

Tertitskiyning fikricha, bu uchrashuvning Rossiya uchun plyus va minuslari ham bor: «Plyusi shundaki, Rossiya go‘yoki muhim figura ekani, u bilan hisoblashish kerakligini navbatdagi marta ko‘rsatib qo‘yadi. Sammitga qiziqish juda katta, shu sabab u haqda juda ko‘p yoziladi. Minusi shundaki, Rossiyaning ustidan kuladiganlar ko‘p bo‘ladi. Chunki Shimoliy Koreya asosan diktator boshqaradigan davlat sifatida shuhrat qozongan», deydi ekspert.

Seuldagi Kunmin universitetida ishlovchi yana bir siyosatshunos Andrey Lankovning aytishicha, bu uchrashuv shunchaki Vashington va Suyeldagilar uchun spektakl bo‘lib, Shimoliy Koreya Rossiyaga hech qanaqasiga qurol-yarog‘ yetkazib bermaydi: «Bu kichik siyosiy spektakl bo‘lib, uning tomoshabinlari Seulda va Vashingtonda o‘tirishibdi. Hech qanday qurol yetkazib berilmasligiga ishonchim komil, bu shunchaki Seul va Vashingtonda bosim o‘tkazishga urinish xolos.

Ularda ishlab chiqarish imkoniyati cheklangan, o‘z omborlaridan esa juda ko‘p narsa chiqarib bera olishmaydi. Savol tug‘iladi: Rossiya KXDRga harbiy texnologiyalarni beradigan bo‘lsa, evaziga nima oladi? Hech nima. KXDR bu loyihalarni bozor narxida sotib olishga qodir emas. Ular bu texnologiyalarni uchinchi tomonga sotishi mumkin. Mintaqadagi vaziyat keskinlashuvi esa Rossiya xohlaydigan narsa deb o‘ylamayman», degan ekspert.

Ukraina harbiy razvedkasi rahbari general Kirill Budanov esa boshqacha fikrda. Uning aytishicha, Shimoliy Koreya bir yarim oydan buyon Rossiyaga o‘q-dori yetkazib bermoqda. Ukrainalik harbiylar avvalroq Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan snaryadlarni ko‘rsatib «do‘st davlatlardan olingan qurollar» deyishgandi. Keyinchalik bu Rossiya harbiylaridan olingan o‘lja ekani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top