O‘zbekiston | 13:45 / 26.09.2023
6970
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yil boshidan buyon «qondosh» maqomini olganlarning yarmidan ko‘pi O‘zbekistondan kelgan

1991 yildan beri respublikaga jami 1 million 123,2 ming etnik qozoq qaytib keldi. 

Foto: baigenews.kz

2023 yil 1 sentabr holatiga ko‘ra, 16 026 etnik qozoq o‘z tarixiy vataniga qaytib, «qondosh» maqomini oldi. Bu haqda Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Umuman olganda, 1991 yildan buyon respublikaga 1 million 123,2 ming etnik qozoq qaytib keldi.

Joriy yil boshidan buyon Qozog‘istonga kelgan «qondosh»larning yarmidan ko‘pi - 53,6 foizi O‘zbekistondan, 19,6 foizi Xitoydan, 10,9 foizi Mo‘g‘ulistondan, 7,8 foizi Rossiyadan, 5,9 foizi Turkmanistondan va 2,2 foizi boshqa davlatlardandir.

Joriy yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, «qondosh» maqomini olgan mehnatga layoqatli yoshdagi etnik qozoqlar soni 61,4 foizni, mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar 30 foizni, pensionerlar 8,5 foizni tashkil etadi.

Mehnat yoshidagi nomzodlarning ta’lim darajasi bo‘yicha 15,6 foizi oliy, 34,4 foizi o‘rta maxsus, 41,2 foizi umumiy o‘rta ma’lumotga ega. 

2023 yil uchun aholi punktlari bo‘yicha «qondosh»larni qabul qilish kvotasi 1925 kishini tashkil etadi. 2023 yil 1 sentabr holatiga 1773 kishi tegishli hududlarga ko‘chirildi. 

«Qondosh» - ilgari Qozog‘iston fuqarosi bo‘lmagan, o‘z tarixiy vataniga kelgan va «Migratsiya to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan tartibda tegishli maqomga ega bo‘lgan etnik qozoq va (yoki) qozoq millatiga mansub oila a’zolari.

Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin demografik muammolarga duch kelgan Qozog‘iston hukumati «Nurli kosh» dasturi orqali qozoqlarni o‘z vataniga qaytishga undamoqda.

Dunyoning 40 dan ortiq davlatida 5 millionga yaqin qozoqlar istiqomat qiladi va ularning aksariyati SSSR davridagi siyosiy qirg‘in va qashshoqlik tufayli 1920-30-yillarda ketgan avlod vakillaridir. 

Mavzuga oid