Rossiyadan dezinformatsiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi saylovlarga, xususan, Slovakiyada 30 sentabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga ta’sir o‘tkazmoqda. Bu haqda 26 sentabr, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yevropa Komissiyasi raisi o‘rinbosari, qadriyatlar va shaffoflik bo‘yicha Yevropa komissari Vera Yurova targ‘ibot va dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha internet konsernlar hisobotini taqdim etar ekan, ma’lum qildi. Unda Yevropa Ittifoqi iltimosiga ko‘ra, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq Rossiya propagandasi va dezinformatsiyasiga urg‘u berildi.
Yurovaning so‘zlariga ko‘ra, Slovakiya endi «Rossiyaning kremlparast urush afsonalari muvaffaqiyati uchun qulay zaminga aylandi». «Yolg‘on ma’lumotlar saylov natijalarini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Ammo hozir Slovakiya jamiyati Rossiyadan kelayotgan muayyan kampaniyalar haqida ko‘proq ma’lumotga ega», - deydi u. U jamiyatdagi bo‘linish chizig‘i Rossiyaning Ukraina bilan urushiga yondashuv ekanini ta’kidladi: «Kreml Ukrainada bombalar va dunyoning qolgan qismida so‘zlar bilan kurashmoqda».
Ijtimoiy tarmoqlar noto‘g‘ri ma’lumotni o‘z ichiga olgan akkauntlar va mahsulotlarni o‘chirib tashlayapti
26 sentabr kuni Google, Meta, Microsoft, TikTok kabi internet-platformalar Yevropa komissiyasiga dezinformatsiya tarqalishini kamaytirish choralari haqida hisobot berdi. Ular bu mavzuni birinchi marta shunday batafsil yoritdi –har bir hisobot o‘rtacha 200 dan ortiq sahifani o‘z ichiga oladi. Hisobotlar so‘nggi olti oyni qamrab oladi, bu davrda IT gigantlari Yevropa Ittifoqi oldida dezinformatsiyaga qarshi kurashish majburiyatini olgan.
Shu tariqa, 2023 yilning yanvaridan apreligacha YouTube Rossiya «Internet tadqiqotlar instituti» bilan bog‘liq uyushgan kampaniyada ishtirok etgan 400 dan ortiq kanal va 10 ta blogni o‘chirib tashladi. Google 300 ga yaqin internet portallaridan Rossiya davlat tashviqotiga aloqador saytlar reklamasini olib tashladi, dedi Vera Yurova.
TikTok va Meta Yevropa Ittifoqining turli tillarida faktlarni tekshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kengaytirdi va axborot agentliklari, shu jumladan Reuters bilan hamkorlik qilmoqda. Meta faktchekingi Yevropa Ittifoqidagi 22 tilni qamrab oladi, hozirda Chexiya va Slovakiya ham unga qo‘shilgan. TikTok rus, ukrain, belarus va 17 ta Yevropa tillaridagi faktlarni tekshiradi. U Rossiyaning Ukraina bilan urushiga oid 832 ta videoni tekshirib chiqdi va yakunda ulardan 211 tasini o‘chirib tashladi. Ijtimoiy tarmoq ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilarning 30 foizi «tasdiqlanmagan kontent» so‘zlari bilan duch kelganida ma’lumotni bo‘lishish qaroridan voz kechadi.
















