“Germaniya Markaziy Osiyo bo‘yicha alohida strategiyaga ega” - ekspertlar bilan suhbat
2023 yil O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo tashqi siyosatida yuqori faollik sezilmoqda. C5+1 formatidagi muloqot doiralari soni o‘ndan oshdi. Kuni kecha bu ro‘yxatga Germaniya ham qo‘shildi.
29-30 sentabr kunlari Berlinda birinchi Markaziy Osiyo-Germaniya sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitning ahamiyati va u bo‘lib o‘tgan geosiyosiy kontekstni muhokama qilish maqsadida studiyamizga siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdik.
— Germaniya-Markaziy Osiyo munosabatlarining o‘zagida qanday manfaatlar mavjud?
Farhod Tolipov: — Germaniyaning Markaziy Osiyoga nisbatan o‘z qarashlari, strategiyasi doim bo‘lgan. YeIning eng kuchli davlatlaridan bo‘lgan Germaniya 90-yillardan boshlab Markaziy Osiyoga qaratilgan maxsus strategiya ishlab chiqib harakat qilgan. Tartiblashtirilgan maxsus hujjat 2008 yildan boshlab YeIning Markaziy Osiyo strategiyasi deb yuritila boshlangan. Shu strategiyaning ishlab chiqilishida Germaniya tashabbuskor bo‘lgan. 2019 yilda qabul qilingan yangi strategiyada ham aynan Germaniya tashabbus ko‘rsatdi.
Tarixdagi imperiyalar o‘rtasidagi kurash davrida ham Germaniyaning Markaziy Osiyo, Afg‘onistonga nisbatan o‘z qarashlari, pozitsiyasi bo‘lgan. Umuman, har doim Germaniya Markaziy Osiyoga muhim mintaqa sifatida qaragan.
O‘zbekiston va Germaniya munosabatlari keng qamrovli. Statistik ma’lumotlarda ham ko‘rish mumkin: O‘zbekiston tashqi savdosida YeI davlatlari ichida Germaniya birinchi o‘rinda turibdi. Shuningdek, Germaniya eng yirik investorlardan biri hisoblanadi.
Kamoliddin Rabbimov: — Germaniya – YeIdagi O‘zbekiston bilan juda vazmin va ishonchli munosabatlar tarafdori bo‘lgan davlat. 2005 yildagi Andijon voqealaridan so‘ng kollektiv G‘arb O‘zbekistonga sanksiyalar qo‘llamoqchi bo‘lganda, Germaniya buni qo‘llab-quvvatlamagan va qo‘llangan sanksiyalarni tezroq olib tashlash tarafdori bo‘lgan. Aholi soni bo‘yicha YeIdagi eng katta davlat Germaniya hisoblanadi, taxminan 80 mlndan oshiq. YeIning iqtisodiy lideri.
Germaniya Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi tashabbuslar ko‘rsatyapti. O‘tgan haftada Yevropa Ittifoqi emas, o‘z nomidan 5 ta davlatni taklif qildi. Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari bilan yopiq eshiklar ortida muloqot bo‘ldi.
Birinchi kontekst Ukrainadagi urush bo‘lgan, menimcha. Keyingi masala esa Xitoy va Rossiya tandemi shakllanayotgan bir davrda Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish. Bu ikki davlatning mintaqamiz davlatlaridagi iqtisodiy ulushi, ta’siri katta, shuning uchun bu ulush kamaytirilmas ekan, tabiiy ravishda geosiyosiy ta’sir bo‘laveradi. Shu sababli muvozanatni saqlash uchun AQSh va YeIning mintaqa bilan hamkorligi oshib borishi maqsad qilinyapti.
— Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi vaqtlarda bir sub’yekt sifatida global hamjamiyat bilan muloqotga kirishyapti, bu nimani anglatadi?
Farhod Tolipov: — Markaziy Osiyo davlatlarining ichki formati ham bor, deylik, maslahatlashuv uchrashuvlari. Bunday C5+1 formatida muloqotlar ko‘payayotgani Markaziy Osiyo yaxlit mintaqa sifatida namoyon bo‘lyapti, degan fikr bersa-da, lekin mintaqaning o‘zi yaxlit sub’yekt ekanini to‘liq rasmiylashtirmayapti (kelishuvga Tojikiston va Turkmanistonning imzo chekmayotgani nazarda tutilmoqda – tahr.). Dushanbedagi maslahat uchrashuvining qo‘shma bayonoti hali chop etilmayapti, aniq bandlarini bilmaymiz hali.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan bo‘layotgan C5+1 muloqotlari bir-biriga mos emas. AQShniki boshqacha, Rossiya va Xitoyniki boshqacha. Ikki qudrat o‘rtasida joylashib qolgani uchun kuchli geosiyosiy to‘lqinda bo‘ladi, shuning uchun shunday harakatlanishga majbur degan qarashlar ham mavjud. Agar aniq manfaatlarga ko‘z tashlasak, Ukraina kontekstida Markaziy Osiyo yangicha ko‘rinish kasb etyapti, transport-logistika uchun asosiy yo‘l bo‘lyapti. Xitoyning loyihalari bunga misol.
AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan qiziqishini Afg‘oniston bilan bog‘lashardi ilgari. Lekin Vashingtonning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasida Markaziy Osiyo Afg‘oniston kontekstidan qat’i nazar muhim ahamiyatga ega ekani belgilab qo‘yilgan.
Kamoliddin Rabbimov: — Menimcha, global geosiyosiy kontekst mavjud. Bir tomondan AQSh, ikkinchi tomondan XXR o‘rtasidagi strategik tirashuv oshib boraveradi. Xitoy uchun dengizga muqobil bo‘lgan Yevropaga boradigan transport-logistika yo‘llari nihoyatda muhim, Pekin milliardlar sarflashga tayyor, loyihalar bor. Mana shu loyihalar Markaziy Osiyodan o‘tadi. Kelajakda AQSh va Xitoy ziddiyatlari ortidan dengiz yo‘li nomaqbul bo‘lib qolsa, asosiy iqtisodiy-savdo yo‘li Markaziy Osiyodan o‘tishini ta’minlamoqchi.
AQSh va Xitoy tirashuvi oshib borar ekan, Markaziy Osiyo ahamiyati yanada oshadi. Xitoy va Rossiya tandemi mintaqa ustidan nazorat o‘rnatmasligiga yo‘l bermaslik masalasi ham turadi. Markaziy Osiyo Xitoy va Rossiya bilan hamkor bo‘lishni istaydi, lekin iqtisodiy va geosiyosiy mustaqillik nuqtayi nazardan bu ikki davlat mintaqa uchun xavfli. Shunday raqobat kayfiyati shakllanyapti. Ayni paytda Markaziy Osiyo savdo-iqtisodiy va boshqa hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqib, muvozanatni shakllantirishga intilyapti.
· To‘liq suhbat bilan video tarzida tanishishngiz mumkin.
Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:46 / 05.11.2024
«Tramp prezident bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat qiyinlashadi» - Kamoliddin Rabbimov
17:38 / 04.11.2024
Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan tergov to‘xtatildi
19:21 / 01.11.2024
Oxunzoda va Haqqoniy qarama-qarshiligi: «Tolibon» rahbariyatida nizo avj oldimi?
21:37 / 31.10.2024