21:29 / 10.10.2023
4245

Ekologiya vazirligi Botanika bog‘ining boshqa tashkilotga o‘tkazilishiga e’tiroz bildirdi 

Bog‘ning Toshkent shahri hokimligi balansiga o‘tkazilishi sohadagi fundamental tadqiqotlarning jiddiy susayishiga olib kelishi ta’kidlanmoqda. 

Foto: Kun.uz

«Toshkent Botanika bog‘i»ning Toshkent shahri hokimligi balansiga o‘tkazilishi, boshqa vazirlik yoki idoraga berilishi mamlakatimizda botanika sohasidagi fundamental tadqiqotlarning jiddiy susayishiga hamda mintaqadagi ilmiy pozitsiyaning kuchsizlantirilishiga olib keladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, Ekologiya vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda «Akademik F.Rusanov nomidagi Botanika bog‘i faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy salohiyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, hududlarda ularning tajribasini qo‘llash va filiallarini tashkil etish» bo‘yicha qaror loyihasini kiritgan.

Loyihada Botanika bog‘ining mavjud o‘simlik turlari tarkibini boyitish, sun’iy yaratilgan sharoitlarda yetishtiriladigan yovvoyi holda o‘suvchi hamda chet el floralariga mansub introdusent o‘simliklar turlarini ko‘paytirish, mintaqaning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda turli sohalarda foydalanish uchun tajriba hamda realizatsiya qilish ko‘chatxonalarini tashkil etish, O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan, noyob va yo‘qolib borayotgan O‘zbekiston florasi turlarini saqlash va tabiiy sharoitga reintroduksiya qilish, mahalliy va iqlimlashtirilgan dorivor o‘simliklar genofondini saqlash va boyitib borish ko‘zda tutilgani aytilmoqda. 

Ma’lumot uchun, Toshkent Botanika bog‘iga fundamental va amaliy tadqiqotlarga ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida 1943 yilda asos solingan. Umumiy maydoni 66 gektardan iborat bo‘lgan bog‘da turli mintaqalardan jamlangan 2400 dan ortiq o‘simlik turlari va navlari o‘stirilmoqda. Mavjud ilmiy kolleksiyalarning salmog‘iga ko‘ra Markaziy Osiyoda yetakchilik qiladi. 

Botanika bog‘i 118 ta davlatdagi 800 ta botanika bog‘lari bilan ish olib boruvchi hamda o‘simliklarni saqlab qolish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi dunyodagi eng nufuzli Xalqaro Botanika bog‘larini himoya qilish (BGCI, London) tashkilotiga a’zodir.

Mavzuga oid
Top