Jahon | 20:06 / 31.10.2023
17308
8 daqiqa o‘qiladi

«Ukraina urushdan charchashni o‘ziga ep ko‘ra olmaydi» - Volodimir Zelenskiy

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Kiyevda g‘alabaga hamma ham ishonmayapti. Time jurnali reportyori Saymon Shuster Ukraina prezidenti va uning hammaslaklari bilan suhbatlashgan. Meduza u tayyorlagan matnning asosiy joylarini keltirdi.

«Eng dahshatlisi — dunyoning bir qismi urushga ko‘nikdi»

Time nashri 30 oktyabr kuni e’lon qilgan maqola Volodimir Zelenskiyning o‘zi bilan intervyu va uning komandasi a’zolari, shuningdek Ukraina prezidentiga yaqin anonim manbalar bilan suhbatlarga asoslangan. Matnning asosiy muallifi — mashhur reportyor Saymon Shuster. 2022 yil aprelida u Ukraina prezidenti ofisida ikki oy yashagan va urushning dastlabki oyida Zelenskiy nimalar qilgani haqida maqola yozgan. Bundan tashqari, 2024 yil yanvarida Shusterning urush chog‘idagi Ukraina prezidenti haqidagi kitobi bosmadan chiqishi kerak.

Shusterning yangi maqolasi Zelenskiyning sentabr oyida AQShga tashrifini tasvirlashdan boshlanadi — avvalroq AQSh ommaviy axborot vositalari Ukraina prezidenti bu safar urushning birinchi yilidagiga qaraganda sovuqroq kutib olinganini yozgan edi.

Maqolada aytilishicha, Zelenskiy tashrif chog‘ida chetlangandek va hayajonlangandek ko‘ringan. Uning o‘zi Ukraina ittifoqchilarning yordami bilan Rossiya armiyasini yenga olishiga ularni ishontirishdan charchaganini aytgan. «Hech kim bizning g‘alabamizga mendek ishonmaydi. Hech kim», — degan Zelenskiy tashrifdan so‘ng nashrga bergan intervyusida.

U amerikalik siyosatchilar undan agar Ukraina AQSh yordamidan mosuvo bo‘lsa nima bo‘lishini to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rashganini aytgan. «Biz yutqazamiz», — deya javob bergan ularga Zelenskiy.

«Eng dahshatlisi, dunyoning bir qismi Ukrainadagi urushga ko‘nikdi, — deya qayd etgan Ukraina prezidenti Time nashri bilan suhbatda. — Urushdan charchash to‘lqindek bostirib kelmoqda. Siz uni AQShda, Yevropada ko‘rasiz. Va biz ko‘ryapmizki ular [g‘arb davlatlari aholisi] salgina charchashsa, bu ular uchun go‘yoki serialdek tus olmoqda: «Men buni o‘ninchi marta tomosha qilishni istamayman», deyishmoqda ular».

Maqolada qayd etilishicha, Zelenskiyning tashrifi AQShda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasi susayib borayotgani bilan bog‘liq vaziyatni o‘zgartira olmagan. Reuters’ning so‘rovnomasidan ko‘rinishicha, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish ko‘paytirilishini amerikaliklarning 41 foizi qo‘llamoqda — iyunda ularning miqdori 65 foiz bo‘lgan.

«Bizda variant qolmadi. Biz yuta olmayapmiz»

Nashrning Zelenskiyga yaqin doiraga kiruvchi suhbatdoshlaridan biri qayd etishicha, prezident Kiyevga «g‘azablangan» holda qaytgan. «U keladi, yangiliklarni eshitadi, buyruqlarni beradi, ketadi», — deya prezidentning fe’l-atvorini tasvirlagan uning jamoasida anchadan buyon ishlayotgan odam. Yana bir manba Zelenskiy g‘arblik ittifoqchilar unga «xiyonat» qilganini his qilmoqda, degan. Chunki Ukraina g‘alaba uchun yetarli qurol-yarog‘ni ololmayapti.

Time tomonidan so‘rovga tutilgan Zelenskiyning atrofidagilar prezident Ukrainaning g‘alabasiga matlaqo ishonchi komilligini aytishgan. «U o‘zini o‘zi aldamoqda, — degan ulardan biri. — Bizda variant qolmadi. Biz yuta olmayapmiz. Lekin buni unga aytib ko‘ring-chi».

Prezidentning o‘zi jurnalga bergan intervyusida Rossiya hukumatidagilar bilan muzokara o‘tkazish imkonini ko‘rib chiqmayotganini tasdiqlagan: «Bu biz uchun bo‘lg‘usi avlodlarga ochiq jarohatni qoldirib ketishni anglatadi». Zelenskiy yana qo‘shimcha qilgan: «Balki bu mamlakat ichida va uning tashqarisida kimlarnidir tinchlantirar. Kamida barchasini nima qilib bo‘lsa-da tugatmoqchi bo‘lganlarni. Lekin men uchun bu muammo».

Zelenskiy agar Ukraina Rossiyani to‘laqonli to‘xtata olmasa vaziyat yanada yomonlashishidan tashvishlanadi: «Uchinchi jahon urushi Ukrainada boshlanishi, Isroilda davom etishi va shundan so‘ng Osiyoga ko‘chishi mumkin. Shundan so‘ng yana qayerdadir portlash ro‘y berishi mumkin».

«Qani qurol? Qani artilleriya? Qani yangi askarlar?»

Time jurnali taxminiga ko‘ra, kelayotgan qish Ukraina uchun avvalgisidan ham murakkab bo‘lishi mumkin: o‘shanda Rossiya qo‘shinlari mamlakat energiya tizimini ishdan chiqarish uchun infratuzilma obektlarini muntazam bombalab turishgan. Agar bir yil avval ukrainlar tok uzilishida faqat Rossiyani ayblab turishgan bo‘lsa, endi norozilik mahalliy mansabdorlarga ham ko‘chishi mumkin, deb taxmin qiladi jurnal.

Sovuq havo frontda harbiylarning ilgarilashini ham qiyinlashtiradi. Natijada Ukraina rahbariyatida sezilarli almashtirishlar bo‘lib o‘tishi mumkin, deb yozadi Time anonim manbalarga tayanib. Ular bergan ma’lumotlarga ko‘ra, vazirlardan biri va yuqori martabali generallardan biri ishdan bo‘shatilishi mumkin — qarshi hujum asnosida «frontda sekin siljish» uchun javobgarlik ularning zimmasiga yuklanadi.

Mamlakat rahbariyati va armiyasidagi nomi oshkor etilmagan manbalarga havola qilinib, maqolada Ukraina qurolli kuchlariga texnika ham, odamlar ham yetishmayotgani ta’kidlanadi. Time suhbatdoshlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, buning oqibatida ayrim qo‘mondonlar «Qani qurol? Qani artilleriya? Qani yangi askarlar?» deb, hattoki prezident ofisidan kelayotgan buyruqlarni bajarishdan bosh tortishmoqda.

«Odamlar ertangi kun kelmaydigandek o‘g‘rilik qilishmoqda»

Maqolada g‘arblik hamkorlar Ukrainadagi korrupsiya bilan bog‘liq vaziyatdan norozi ekaniga urg‘u berilgan. Bunga javoban Zelenskiy bir necha qat’iy qadamlarni tashlagan. Masalan, 2023 yil sentabrida aynan korrupsion mojarolar fonida mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov ishdan olingan.

Prezident ofisi rahbari Andriy Yermak nashr bilan suhbatda mamlakatning oliy rahbariyati «dabdabali hayot kechirmayotgani»ni ta’kidlagan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, prezident ofisidagi o‘rtacha maosh ming dollar atrofida, mansabi yuqoriroqlar bir yarim ming dollar maosh olishadi.

Shu bilan birga, Zelenskiyning o‘z ismini oshkor etmagan maslahatchilaridan biri Saymon Shusterga «odamlar xuddi ertangi kun kelmaydigandek o‘g‘rilik qilishmoqda», degan va Reznikovning ishdan bo‘shatilishi vaziyatni o‘zgartira olmaganini aytgan. Time suhbatdoshi bu holda «erkinroq gapirish» uchun diktofonni o‘chirishni so‘ragan.

* * *

«Bu mantiqli. Albatta, biz Yaqin Sharqdagi voqealardan yutqazamiz. Odamlar o‘lyapti, bizga jonlarni qutqarish, insoniylikni qutqarish uchun jahonning yordami kerak», — degan Zelenskiy yangi urushning Ukrainaga ta’siri haqida gapirar ekan. Bu iqtibos maqolaning so‘ngida keltirilgan. Shundan so‘ng Time Falastin-Isroil mojarosi avj olgani fonida Zelenskiyga g‘arblik sheriklari bilan muzokaralarga kirishish qiyin bo‘layotganini qayd etgan. Biroq prezident urushni davom ettirishga boshqa muqobil ko‘rmayapti: «Men Ukraina urushdan charchashni o‘ziga ep ko‘ra oladi, deb o‘ylamayman», degan u.

Mavzuga oid