Jahon | 17:32 / 08.11.2023
24398
18 daqiqa o‘qiladi

«Ma’yus kayfiyat» va bo‘lajak «okop janglari»: urushdagi «boshi berk ko‘cha» haqida Kiyevda va g‘arbda nima deyishmoqda?

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning The Economist jurnaliga bergan intervyusida Rossiya bilan urushda xatolarga yo‘l qo‘yilgani va urush «boshi berk ko‘cha»ga kirib qolganini aytgani Ukraina va jahonda muhokama bo‘lmoqda. Shu kunlarda Zelenskiy ham bosh qo‘mondon bilan sirtdan munozaraga kirishgan. Prezident frontdagi vaziyatni pat deb hisoblamaydi, lekin Kiyev harbiy strategiyani o‘zgartirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Ukrainaliklar bu holatda ko‘proq ratsional Zalujniyga ishonishmoqda, deb yozadi g‘arb matbuoti, uning so‘nggi rezonansli bayonotlari jamiyatda bo‘linish vujudga keltirgani, vazmin optimizm o‘rnini ma’yus kayfiyatlar egallayotganini ta’kidlab. Ko‘pchilik endi Rossiya ustidan tezkor g‘alaba qozonilishiga ishonmaydi, odamlar cho‘zilib ketgan urushning shafqatsiz realliklaridan charchay boshlashgan. Frontdagilar esa bosh qo‘mondonning gaplarini ma’qullashgan va holdan toydiruvchi «okop jangi»ga tayyorlanishmoqda. Republic bu haqda batafsil maqola e’lon qildi.

Zelenskiyning reaksiyasi va ehtimolli sulh muzokaralari to‘g‘risidagi xabarlar

Valeriy Zalujniy The Economist sahifalarida Rossiya ham, Ukraina ham hozir frontda oldinga siljiy olmasligi, bunga sabab texnologik jihatdan bir xil qurollanganini aytib o‘tgan. Bu unga Birinchi jahon urushi voqealarini eslatadi. Bosh qo‘mondon «chuqur va chiroyli yorib o‘tish» endi ro‘y bermasligi, urush pozitsion strategik va holdan toydiruvchi yangi bosqichga o‘tayotgani, bu dushman uchun foydali ekani, chunki o‘z kuchlarini qayta tiklab olishga imkoniyat berishini qayd etgan. Bunday jangovar harakatlar yillarga cho‘zilib ketishi mumkin va «Ukraina davlatini holdan toydiradi», deb prognoz qilgan u.

Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, avval boshda Ukraina qo‘shinlari Rossiya mudofaasini yorib o‘tib, kuniga 30 km oldinga siljiydi, deya taxmin qilingan. «Agar siz NATOning o‘quv qo‘llanmalariga qarasangiz, bizga Qrimga yetib borishimiz, u yerda jang qilib, qaytib kelib, yana kirib borish uchun to‘rt oy yetarli bo‘lishi kerak edi», — deydi u sarkazm bilan.

Buning o‘rniga qo‘shinlar va zamonaviy texnikalar mina maydonlarida depsinib qolgan va Rossiya artilleriya va dronlarining doimiy hujumlariga nishon bo‘lgan. Komandirlarni almashtirish va brigadalardagi o‘zgarishlar yordam bermagan. Bu tuzoqdan chiqib ketish uchun, generalning fikricha, ilg‘or harbiy texnologiyalar va ko‘proq qurol-yarog‘lar kerak.

«Mohiyat shundaki, biz dushman nimalar qilayotganini ko‘rib turibmiz, ular ham bizning barcha ishlarimizni ko‘rib turishibdi. Bu boshi berk ko‘chadan chiqish uchun bizga qandaydir yangi narsa kerak, masalan xitoyliklar o‘ylab topgan poroxdan biz hanuz bir-birimizni o‘ldirish uchun foydalanib yotibmiz», — degan general.

Kiyevdagi harbiylar. Foto: Presidential Office of Ukraine / Global Look Press

Zelenskiy so‘nggi kunlarda Zalujniyning so‘zlariga javoban bir necha bor bayonot berdi. Avvaliga u o‘z pozitsiyasini Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan birga o‘tgan matbuot anjumanida ochiqladi. Ukraina prezidenti urushda boshi berk ko‘chaga kirib qolish yo‘qligiga ishonadi, shunchaki Ukraina o‘z askarlari jonini saqlamoqda.

«Bu pat vaziyati emas. Rossiya osmonni nazorat qilmoqda. Ular osmonni nazorat qilar ekan, Rossiyadek odamlarni to‘pemi qilib oldinga tashlashni hech kim istamaydi. <…> Bunga qarshi qanday kurashmoq kerak? F-16ʼni, yigitlar uni boshqarishni o‘rganib, qaytishlarini kutish kerak. Frontda HHM tizimi bo‘lganda, harbiylar texnikadan foydalanib, oldinga intiladi», — degan Zelenskiy.

U 2022 yilda Ukraina «yanada og‘irroq vaziyat»da bo‘lgani, ko‘pchilik o‘shanda ham Ukraina qo‘shinlari pat vaziyatda deb hisoblagani, biroq «bir necha hiylalar bilan Xarkiv oblasti ozod qilingani»ni eslatib o‘tgan.

«Hozir qo‘llarimizni tushirishga haqqimiz yo‘q. Qanaqa muqobil bor? Davlatimizning uchdan bir qismidan voz kechamizmi? Axir bu intihoning ibtidosi bo‘ladi-ku? Axir biz muzlatilgan mojaro nima ekanini yaxshi bilamiz, xulosa chiqarib bo‘lganmiz. Hamkorlarimiz bilan HHM borasida ko‘proq ishlashimiz, osmonni ochishimiz, jangchilarimizga oldinga siljishga imkoniyat yaratishimiz kerak», — degan u.

Volodimir Zelenskiy va Valeriy Zalujniy. Foto: Ukrainian Presidential Press Off / Keystone Press Agency

O‘zining asosiy fikrini Ukraina prezidenti NBC nashriga bergan intervyusida yanada rivojlantirdi. Zelenskiy Ukrainaning urushdagi siljishi juda sekin ekani va mojaro cho‘zilgani sayin «charchoq yuz ko‘rsatayotgani»ni tan oldi, lekin ukrain jangchilari «avvalgidek, Ukrainaga bizni o‘ldirish uchun kelgan ruslarga nisbatan ko‘proq motivatsiyaga ega» ekanini ta’kidlagan. Ukraina yetakchisi Kiyev harbiy strategiyani o‘zgartirish variantlarini ko‘rib chiqayotganini ham qayd etgan: «Bizning harbiylarimiz oldinga tezroq siljish va Rossiyaga kutilmaganda zarba berish uchun turli rejalar, operatsiyalarni o‘ylab topmoqda».

Ukraina prezidenti Rossiya bilan urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqidagi ta’kidlarni rad etgan: «Ular bizning kuragimizni yerga tekkizamiz, deb o‘ylashgandi, lekin bunday bo‘lib chiqmadi... Men buni boshi berk ko‘cha deb hisoblamayman».

Bir vaqtning o‘zida NBC telekanali o‘z manbalariga tayanib, AQSh va Yevropa Rossiya bilan sulh muzokaralarni boshlash imkoniyatlari borasida Ukraina bilan muhokamalar olib borayotganini xabar qildi. Ta’kidlanishicha, «nozik» suhbatlar kelishuvga erishish uchun Kiyev kechishga rozi bo‘ladigan narsalarning detallariga taalluqli.

Muzokaralar Ukraina ittifoqchilarining frontdagi vaziyat borasida tashvishlanishi tufayli boshlangan — ayrim amerikalik harbiylar xos suhbatlarda vaziyatni boshi berk ko‘cha deb atamoqda. Agar Ukraina QK 2023 yil oxirigacha yoki 2024 yil boshida muvaffaqiyatga erishmasa Rossiya bilan muzokaralar muhokamasi yanada faollashishi mumkin, degan manbalar.

Oq uydagilar esa Vladimir Putin sulh muzokaralariga tayyor ekaniga dalil ko‘rishmayotganini ta’kidlashgan. Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotsonning NBC’ga ta’kidlashicha, muzokara bo‘yicha har qanday qaror Ukrainaga bog‘liq. Kiyev avval bir necha bor Rossiya bilan urush RFning barcha qo‘shinlari okkupatsiya qilingan hududlarni tark etgach, Ukraina suvereniteti 1991 yilgi, xalqaro tan olingan chegaralarda qayta tiklanganidan so‘ng tugashini ta’kidlab kelgan.

Zelenskiy G‘arb davlatlari Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishni boshlash borasida unga bosim qilmayotganini ta’kidlagan:

«Barcha mening bu boradagi munosabatim Ukraina jamiyati munosabati bilan mushtarak ekanini biladi. Hech kim menga bosim qilayotgani yo‘q. Bu ishlar urushgacha va urushning boshida bo‘lgan. Lekin bugun YeI, AQSh yetakchilaridan hech biri menga bosim qilmaydi. Biz Rossiya bilan birga o‘tirib, gaplashishimiz, nimanidir ularga berishimiz — bunaqasi bo‘lmaydi».

Ukrainadagi «og‘ir o‘zgarishlar» va G‘arbdagi «sarosimali kayfiyatlar»

Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Igor Jovkva Zalujniyning The Economist jurnaliga frontdagi vaziyat borasida bergan intervyusi halqaro hamkorlarda «sarosimali kayfiyatlar» uyg‘otganini ta’kidlagan.

«Menga hamkor davlatlardan birining vazirlar mahkamasi rahbari qo‘ng‘iroq qildi, ular sarosimaga tushgancha so‘radi: «Men mamlakatimiz yetakchisiga nima deb hisob beray? Sizlar chindan ham boshi berk ko‘chadamisizlar?» Biz bu maqola bilan shunday samaraga erishmoqchi bo‘ldikmi?» — deya tan olgan Jovkva.

U frontdagi vaziyatni sharhlamaslik kerak, deb hisoblaydi, chunki bu «agressorning ishini yengillashtiradi». Jovkvaga ko‘ra, «qurol tinchlikni yaxshi ko‘radi», u haqidagi suhbatlar «ziyon yetkazadi», shu sababli Ukraina QK bosh qo‘mondoni bayonotlari ko‘plab savollarni yuzaga keltirdi.

«Agar shu yo‘l bilan qandaydir muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘layotgan bo‘lsak — bu ehtimol qandaydir chuqur ma’noli va strategik o‘ylanma. Lekin, rostini aytadigan bo‘lsam, menga bu juda g‘alati ko‘rindi», — degan Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari.

Ukrainalik siyosatshunos, «Penta» amaliy siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari Volodimir Fesenko Zalujniy g‘arblik hamkorlariga Kiyevga shunchaki urushni yutqazmaslik uchun minimal darajada yordam qilish kamligini tushuntirib qo‘ygan, deb hisoblaydi.

«Zalujniyning maqolasi AQSh prezidentiga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda AQShning maqsadlari va strategiyasi borasida savol bilan murojaat qilgan respublikachi kongressmenlar guruhiga o‘ziga xos noformal javob bo‘ldi. Zalujniyning maqolasi o‘ta mavridida chiqdi. Bosh qo‘mondon Ukraina QKning ehtiyojlarini aniq shakllantirib, Rossiya bilan urushda hozirgi kuchlar muvozanatini Ukraina foydasiga hal qilish uchun nimalar qilish mumkin va kerakligini ifodalab bergan. O‘zimdan qo‘shimcha qilsam, bu Zalujniyning ayrim qo‘l ostidagilarga ham signal», — degan ekspert.

Politico Zalujniyning iqrorliklarini «hayratomuz» deb atab, Kapitoliy tepaligida yaxshigina rezonans keltirib chiqarganini qayd etgan. Respublikachilar Amerikaning Kiyevga yordamini qayta ko‘rib chiqish uchun  sabab deb hisoblamoqda. Ukrainaga yordamni ko‘paytirish masalasida skeptik munosabatda bo‘lgan senator Josh Houliga ko‘ra, Zalujniyning ochiqligi AQSh ma’muriyatining Ukrainaga nisbatan yuritayotgan siyosatida katta yoriq hosil qilgan: «Savol tug‘iladi: bizning yakuniy strategiyamiz, rejamiz qanaqa? Menimcha ukrainlarda rejaning o‘zi yo‘q».

The New York Times gazetasi yozishicha, Rossiya bilan mojaro «boshi berk ko‘chaga kirib qolgan» va tezda yechim kutilmayotgan sharoitlarda ukrainaliklarning ruhiy holatida «noxush o‘zgarishlar» yuz bermoqda. Nashrning qayd etishicha, avval Ukraina aholisida vazmin optimizm va milliy birlik chaqini ro‘y bergan bo‘lsa, ular bugunga kelib cho‘zilib ketgan urushning shafqatsiz realliklariga duchor bo‘lishgan. Sotsiologik so‘rovnomalar biror aytarli natija ko‘zga tashlanmayotgan qarama-qarshilikdan charchash oshib borayotgani, mamlakatda muammolar tobora ildiz otayotgani sabab hukumatga ishonch susayayotganini ko‘rsatgan. Sulh shartnomasi imzolashni qo‘llovchi odamlar soni ham borgan sari oshmoqda, garchi hamon ko‘pchilik tinchlik evaziga hududlardan voz kechishga qarshi bo‘lsa ham. Bu voqealar fonida armiyaga chaqiruvdan qochayotganlar soni ham ko‘paymoqda.

Ukrainalik harbiylar frontda. Foto: Volodimir Zelenskiyning Telegram kanali

Jurnalistlar Jovkvaning harbiylar frontda bo‘layotgan voqealarni keng ommaga olib chiqmasligi kerak, degan bayonotini tahlil qilishgan. Ularning fikricha, bu Ukraina uchun oson bo‘lmagan hozirgi damlarda «omma oldidagi yaqqol tanbeh bo‘lgan va harbiylar hamda fuqarolik rahbariyati o‘rtasida bo‘linish borligi haqida signal bergan». Bunga Zalujniyning o‘rinbosarlaridan biri — Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni general Viktor Xorenkoning ishdan olinishi ham ishora qiladi. The New York Times nashri qayd etishicha, Xorenko bilan ishlagan amerikalik harbiylar bu yangilikdan taajjubga tushishgan.

Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov Xorenko boshqa joyda kerakligini aytib izoh bergan. Darvoqe, Time nashri yaqinda e’lon qilgan va katta rezonans hosil qilgan maqolasida Ukraina rahbariyatida o‘zgarishlar haqida so‘z borgan edi. Maqolada frontdagi qarshi hujum «juda sekin rivojlanayotgani» uchun vazirlar va generallardan biri ishdan olinishi, javobgarlik ularning bo‘yniga qo‘yilishi qayd etilgandi.

CNN telekanali ham Ukraina jamiyatida harbiy harakatlardagi noaniqliklar tufayli taranglik oshib borayotganini ta’kidlamoqda. Ukrainaliklarning ko‘pchiligi uchun Zalujniyning urushning borishiga bergan bahosi yangilik bo‘lmagan, ular har kuni kechasi g‘alabaga ishonish haqida gapirib, muammolar haqida hech narsa demaydigan Zelenskiydan ko‘ra generalga ko‘proq ishonishadi.

CNN bu borada Ukrainaning bir necha fuqarosi bilan suhbatlashgan. Ularga ko‘ra, hozircha Rossiya ustidan g‘alaba qozonish maqsadiga erishish qiyin, ular buni xos suhbatlarda muhokama qilishmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda yozishmoqda.

«Ikkita reallik bor: biri — milliy telemarafon translatsiya qilayotgan optimistik ruhda. Ikkinchisi — haqiqiy reallik. Men Ukrainaning g‘alabasiga ishonaman, lekin obektiv reallikni ham hisobga olish kerak», — degan Gostomelda yashovchilardan biri.

Yana bir suhbatdosh, Donetsk oblasti Baxmut shahri ostonasidagi artilleriya qismi komandiri o‘rinbosari Zalujniyning fikrlarini shaxsiy tarkibga so‘zlab bermagani, hammasi shundoq ham ayonligini aytgan.

«Biz joylashgan yerda ruslarning razvedkada ham, o‘t ochish qudratlarida ustunligini har lahzada his qilamiz. Ularning artilleriya vositalari juda ko‘p. Ular aniqlikda yutqazishadi, biroq snaryadlar sonida ustun. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda biz borgan sari kamroq o‘q-dori olayotganimiz bilinib qolmoqda. Ruslar yo‘qotishlarga e’tibor bermasdan, olg‘a harakat qilishda davom etishmoqda», — degan ofitser.

Bu holatda u «xato qilganini tan olishga jur’at qilgan» bosh qo‘mondonning rostgo‘yligidan hayratga tushgan va bu «ko‘p narsani anglatishi»ni aytgan: «reja barbod bo‘lganini tan olish uchun juda jasur odam bo‘lish kerak».

Xarkivda yashovchi ayol Ukraina prezidenti frontdagi vaziyatni juda bo‘yab-bejab yuborayotgani, aslida har kungi reallik bo‘lgan «yomon xabarlar»ning yo‘qligi qo‘rqitayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Men tushunaman, fuqarolar o‘rtasida sarosima keltirib chiqarmaslik kerak, biroq, afsuski, diqqat boshqa narsalarga qaratilaversa, odamlar o‘zini o‘zi tinchlantirib qolishiga sabab bo‘ladi», — degan u.

Yana bir suhbatdosh Ukraina QKning qarshi hujumidan juda ko‘p narsalar kutilgani — odamlarga «ana-mana deguncha Qrimni qaytarib olamiz, ruslarni tuproqlarimizdan quvib chiqaramiz» degan va’dalar singdirilib, aslida bunga erishilmaganini qayd etdi.

«Fikrimcha, odamlar ularning umidlari amalga oshmaganini tushunishdi, lekin ular bu urush juda uzoq davom etishini tan olishdan qo‘rqishyapti», — deya xulosalagan u.

Ukraina armiyasining 32-brigadasi batalyoni komandiri Dmitro Berlim The Times nashrining mojaro buyog‘iga qanday davom etishi haqidagi savoliga shunday javob bergan: «Okop jangi bo‘ladi. Hamma xandaq qazib joylashib oladi. Xuddi Birinchi jahon urushidagidek». Bu holda u frontning old chizig‘ida odamlar yetarli ekani, biroq to‘ldirilayotganlar sifati borgan sari yomonlashayotgani, uning batalyonidagi o‘rtacha yosh 45 atrofida ekanini aytgan.

U g‘arb qurollari urushning borishini o‘zgartirish uchun juda kech kelganini qayd etgan:

«Agar biz Amerika va Germaniya tanklarini o‘tgan yilning kuzida olganimizda, Qrim tomon yurish muvaffaqiyatli yakunlangan bo‘lardi. Tanklar bizga yetib kelguncha ular hammayoqqa mina joylashtirib chiqishdi va tanklar o‘ziga yuklatilgan rolni bajara olmay qoldi».

Batalyon shtab boshlig‘i Mixaylo Lisenko endi tanklar yordamida yorib o‘tish fantastika ekanini aytgan. Ukraina QK vakillari qarshi hujum boshlanishidan avval NATO mashg‘ulotlarida ishtirok etishgani, o‘rganilgan taktikalardan birortasi Rossiya qo‘shinlariga qarshi nafi tegmaganini aytib o‘tishdi. Ular Zalujniyning har ikki tomon dushmani nima qilayotganini juda yaxshi tomosha qilib turgani to‘g‘risidagi fikrini ma’qullab, bu harbiy harakatlarni juda qiyinlashtirayotganini aytishgan. Natijada Ukraina va Rossiya qo‘shinlari «shunchaki bir-birlarini kuzatishmoqda» va cheklangan yerusti operatsiyalarini o‘tkazishmoqda. Biroq ular taktik va strategik planda hech qanday natijaga olib kelmayapti.

Mavzuga oid