16:11 / 11.11.2023
5548

«Chegara bilmas muxbirlar» sun’iy intellekt bilan ishlash xartiyasini e’lon qildi

Xartiya mualliflarining fikricha, 10 ta tamoyillar to‘plami jurnalistlar uchun sun’iy intellekt bilan ishlashda axloqiy yo‘riqnomaga aylanishi kerak. 

Foto: Friedrich Stark/epd-bild/picture alliance

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro inson huquqlari tashkiloti 16 ta hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Sun’iy intellekt va jurnalistika bo‘yicha Parij xartiyasini e’lon qildi. U, mualliflarga ko‘ra, sun’iy intellekt (SI) bilan ishlashda ommaviy axborot vositalarining tamoyillarini aniqlashga yordam beradi. Xartiya 10 noyabr, juma kuni chop etildi

Fuqarolik jamiyatining turli sohalarini ifodalovchi tashkilotlar, sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar bilan hamkorlikda 2023 yilning iyul oyida 10 ta tamoyil to‘plami ustida ish boshlangan. Xartiya RSF tomonidan 2021 yilda «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov bilan birgalikda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan jurnalist Mariya Ressa raisligidagi komissiya tomonidan yozilgan.

Xartiya mualliflari «bu texnologiyalar media-industriyani o‘zgartirishga tayyor bo‘lgan sun’iy intellekt davrida yangiliklar va ma’lumotlarning yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha fundamental axloqiy tamoyillar to‘plamini belgilash»ni maqsad qilgan. 

Xartiyaning o‘nta tamoyili 

RSF xartiyasining asosiy tamoyillari jurnalistikada sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanish va rivojlantirish jurnalist etikasining asosiy qadriyatlariga, shu jumladan axborot ishonchliligi, xolislik, shaxsiy daxlsizlik va manbalarning maxfiyligini hurmat qilishga xizmat qilishi kerakligi haqidagi bandni o‘z ichiga oladi. Inson faoliyati tahririyatlarda markaziy o‘rinda qolishi kerak. 

Xartiyada jurnalistikaning maqsadi jamiyatga real va yaratilgan kontentni farqlashda yordam berish ekani, ommaviy axborot vositalarining o‘zi esa, hatto sun’iy intellektdan foydalanganda ham kontentning kelib chiqishini doimo ko‘rsatishi va buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligi ta’kidlangan. «Texnologik innovatsiyalar taraqqiyotga avtomatik tarzda olib kelmaydi: insoniyatga chinakam foyda keltirishi uchun u axloq qoidalariga amal qilishi kerak», deb ta’kidlagan nizom mualliflari. 

«Parij xartiyasi - sun’iy intellekt va jurnalistika bo‘yicha birinchi xalqaro axloqiy yo‘riqnoma. Faktlar va dalillar, asl va sintetik kontent o‘rtasidagi aniq farq, tahririyatning mustaqilligi va inson mas’uliyati sun’iy intellekt davrida matbuotda ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarga bo‘lgan huquqning asosiy kafolati bo‘ladi», - dedi Mariya Ressa. 

Top