Dunyo aholisi oshishi sabab 2050 yilda hozirgidan ko‘ra 70 foiz ko‘proq oziq-ovqat yetishtirishga to‘g‘ri keladi. Yetmaganiga, AQShda yildan yilga kamroq yoshlar fermerlikni tanlayapti. Hozir fermerlarning o‘rtacha yoshi 60 da. Iqlim o‘zgarishi ham yetishtirilayotgan hosilni xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu muammolarni hal qilishda sun’iy intellekt fermerlarga yordam bera olishi mumkin.
Amerikalik fermerlar sun’iy intellektni o‘zlashtirishda va uni ish sharoitiga qo‘llashda jadallik bilan davom etyapti. Texnologiyalar qanchalik murakkab bo‘lmasin, ular shunchalik zarur hamdir.
AQSh qishloq xo‘jaligida ishchilarning yetishmasligi agrar sanoat daromadi va hosil miqdoriga xavf tug‘diryapti. Ishlovchi qo‘llarning kamligi global miqyosda ham oziq-ovqat ta’minotini xavfga qo‘yadi. Hozir ishchi yetishmasligini qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Xitoy va Hindistondan keyin dunyodagi eng yirik ta’minotchi davlat bo‘lgan AQShga muammo bo‘lib qolmoqda.
Ishchi kuchiga ehtiyoj
Fermerlarning qarib borayotgani ham asosiy muammolardan biri. Ko‘pchilik quyosh chiqqandan to botguncha mehnat qilishni xohlamaydi. Qolaversa, fermerlik uzoq yillardan beri ota kasb bo‘lib kelgan, lekin yosh avlod uni davom ettirishni xohlamayapti. Aksincha, ular ish intensivligi yuqori bo‘lmagan, yaxshiroq to‘laydigan sohalarda ishlashga xohish bildirishmoqda. Agrar ishlarni bajarish bilan shug‘ullanuvchi asosiy qatlam – migrantlar ham shunday, boshqa yaxshiroq daromadli ishlarga o‘tib ketishadi.
"Mehnat qilish zarurati hozir birinchi raqamli tashvishimiz. Fermerlarning o‘rtacha yoshi — 60 da", deydi AQSh fermer xo‘jaligi federatsiyasining hukumat ishlari bo‘yicha direktori Emili Bakman. Uning aytishicha, o‘zining otasi ham fermer, yoshi 70 da bo‘lishiga qaramay, hali ham dalada mehnat qiladi. Unga faqat Emilining akasi yordam beradi xolos.
Bakmanning aytishicha, qishloq xo‘jaligi mehnat bozori qisqarib borish bilan birga qimmatlashib ham boryapti, hosil ham kamayyapti. Yechim sifatida AQSh fermerlari robotlar va SI vositalaridan foydalanishga harakat qilyapti. Texnologiyalar mehnat yukini yengillatishga yordam berishidan umid qilinyapti.
Sun’iy intellektga o‘tish
Sun’iy intellektdan foydalanish AQSh fermerlari uchun yangilik emas. Ular bir necha o‘n yilliklardan beri SI texnologiyalaridan foydalanib kelishadi. Faqat oxirgi yillarda ulardan foydalanish oshdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yil oxirigacha agrar korxonalarning 87 foizi sun’iy intellekt texnologiyalaridan ma’lum darajada foydalangan.

















