Jahon | 20:58 / 14.11.2023
10709
11 daqiqa o‘qiladi

«O‘lim va umidsizlik maydoni». Urushning bir oyidan keyin G‘azodagi shifoxonalarda nimalar bo‘lmoqda?

Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan buyon G‘azodagi shifoxonalar resurslar taqchilligi, qochqinlar to‘planishi va davom etayotgan janglar tufayli diqqat markazida turibdi.

Foto: AFP

Ikki mingdan ortiq falastinlik G‘azodagi yirik «Ash-Shifo» shifoxonasida qamalib qolgan, bu yerda suv va yonilg‘i tugagan, boshqa ko‘plab tibbiyot muaasasalari o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Urush boshlanganidan buyon G‘azoda 36 ta tibbiyot muassasasi, jumladan, 22 ta shifoxona shikastlangan: ularning faqat ayrimlari ishlashni davom ettirmoqda, deb xabar bergan JST.

«U yerda kirish ham, chiqish ham yo‘q», – deydi Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari federatsiyasi vakili tashqi dunyodan uzilib qolgan shifoxona haqida.

AQSh prezidenti Jo Bayden dushanba kuni G‘azodagi shifoxonalar himoya ostida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

«Men shifoxonalarga nisbatan buzg‘unchi harakatlar kamroq bo‘lishiga umid qilaman, biz bu borada Isroil tomoni bilan aloqada bo‘lib turamiz», - degan Bayden.

Avvalroq Isroil hukumati G‘azoning barcha aholisini, jumladan shifokorlar hamda bemorlarni anklavning shimoliy qismini tark etishga chaqirgandi, ammo ko‘plab tibbiyot muassasalari buning imkoni yo‘qligini bildirgan.

BBC rus xizmati G‘azo sektoridagi asosiy shifoxonalarda nimalar bo‘layotganini hikoya qildi.

«Ash-Shifo»

«Ash-Shifo» – Rimal tumanida joylashgan bo‘lib, G‘azo sektoridagi eng yirik shifoxona sanaladi.

HAMAS va Isroil o‘rtasida qurolli harakatlar boshlanganidan so‘ng ushbu shifoxona va uning atrofi mahalliy aholi vakillari uchun boshpanaga aylangandi: otishmalardan qochgan o‘n ming kishi shu yerda yashiringandi.

Ammo, BMT va HAMAS vakillariga ko‘ra, bu yerda yashab kelgan falastinliklarning ko‘pchilik qismi, shuningdek ayrim tibbiy xodimlar ham hozirda bu yerdan ketishgan.

G‘azo sektoridagi shifoxonalar boshqarmasi rahbari Muhammad Zakutning ma’lumotiga ko‘ra, «Ash-Shifo» majmuasida ayni vaqtda 650 bemor, 500 nafar tibbiy xodimlar hamda vaqtincha ko‘chib kelgan 2,5 ming atrofidagi kishi qolmoqda.

Dam olish kunlarida «Ash-Shifo»dagi vaziyat og‘irlashgan: shifokorlar so‘nggi generatorda yonilg‘i tugaganini, shu tufayli bir necha bemor, jumladan, barvaqt tug‘ilgani uchun inkubatorlarda saqlab kelingan chaqaloqlar jon berganini aytishgan.

Isroil tomoni o‘z harbiylari shifoxonaga yonilg‘i yetkazgani, ammo HAMAS jangarilari uni olishda xodimlarga xalaqit qilganini ma’lum qilgan.

«Ash-Shifo»da hamon yuzlab bemorlar va vaqtincha boshpana topgan tinch aholi vakillari bor. Foto: AFP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shifoxonadagi vaziyatni «og‘ir va xavfli» deb atagan hamda «Ash-Shifo» amalda shifoxona sifatidagi funksiyalarini bajarishni to‘xtatganini qo‘shimcha qilgan.

«Bu yerda uch kundan buyon elektr va suv yo‘q, mazkur hududda muntazam ravishda otishmalar va portlashlar davom etayotgani shusiz ham kritik bo‘lgan vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda», – degan JST rahbari Teodor Gebreisus.

«Xavfsiz boshpana bo‘lishi kerak bo‘lgan shifoxonalar o‘lim, vayrongarchilik va umidsizlik maydoniga aylanganida dunyo jim turmasligi kerak», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Dushanba kuni Isroil qo‘shini «Ash-Shifo» darvozalari oldiga yetib kelgani ma’lum bo‘ldi. Isroil shifoxona ostidagi bunkerda HAMASning yerosti shtabi tashkil etilganini va harakat a’zolari bemorlardan jonli qalqon sifatida foydalanayotganini da’vo qilgan. HAMAS va shifoxona vakillari esa bu ayblovni rad etgan.

Isroil tinch aholi vakillariga shifoxonani tark etish, shifokorlarga esa bemorlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Isroil hukumati neonatal bo‘limdagi chaqaloqlarni evakuatsiya qilishga, shuningdek, shifoxonaga inkubatorlar yetkazib berishga tayyorligini bildirgan.

TsAHALning ma’lum qilishicha, harbiylar shifoxonaning kirish eshigi oldida generatorlari ishlashi uchun 300 litr yonilg‘i ham qoldirgan, ammo hamaschilar xodimlarga yonilg‘ini olishga imkon bermagan.

Isroil mudofaa armiyasi vakili Jonatan Konrikus BBC bilan intervyuda shifoxona xodimlarining yonilg‘ini olish uchun chiqishsa, TsAHAL tomonidan o‘qqa tutilishi mumkinligidan xavfsiragani to‘g‘risidagi bayonotiga ham raddiya bergan.

«Men buni qat’iyan rad etaman, agar bu xavfsiz bo‘lmagan bo‘lsa, Isroil qo‘shini tufayli emas, balki faqat HAMASning aybi bilan», – degan u.

«Ash-Shifo»dagilarning tasdiqlashicha, shifoxona ishlashi uchun soatiga 500 litr yonilg‘i talab etiladi.

«Al-Quds»

«Al-Quds» – G‘azo sektorida kattaligi bo‘yicha ikkinchi shifoxona hisoblanadi. Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, yonilg‘i tugagani va elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli o‘tgan hafta oxirida shifoxona faoliyatini to‘xtatgan.

«Isroil aviazarbalari davom etayotgan fonda shifoxona o‘z holiga tashlab qo‘yildi, bu tibbiyot xodimlari, bemorlar va vaqtincha ko‘chib kelgan aholi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda», – deyiladi tashkilot bayonotida.

Ma’lum qilinishicha, Qizil Xoch evakuatsiya karvoni dushanba kuni shifoxonaga qadar yetib borishga uringan, ammo o‘t ochish davom etgani tufayli buning imkoni bo‘lmagan.

«Shifoxonadagi bemorlar va ularga qarovchilar hamon yeguliksiz, suvsiz va elektrsiz o‘tiribdi», – deyiladi Qizil Yarim Oy jamiyatining tvitter sahifasida.

Dala hospitallari

Misr, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari G‘azoning jabrlangan aholisi uchun dala hospitallari tashkil etishga va’da berdi.

Og‘ir yaradorlarning bir qismi Misrdagi shifoxonalarga yuborilmoqda. Foto: Getty Images

13 noyabr kuni Turkiyaning insonparvarlik yuklari ortilgan kemasi Misrning G‘azo sektori bilan chegaradagi «Rafah» nazorat-o‘tkazish punktiga yaqin joylashgan Al-Arish shahri portiga kelgan, deb xabar berdi AFP agentligiga port vakili.

Turkiyalik mulozim kema sakkizta dala hospitali tashkil etish uchun qurilish materiallari, generatorlar va tez yordam mashinalari olib kelganini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Qohiradan Al-Arishda dala hospitallari qurish uchun ruxsat so‘ragan va «yashil chiroq» yoqilgan.

Avvalroq Birlashgan Arab Amirliklari G‘azo hududida 150 o‘ringa mo‘ljallangan dala hospitali tashkil etishini ma’lum qilgandi. Amirlikdagi WAM yangiliklar agentligi xabariga ko‘ra, bu yerda bolalar va kattalar uchun intensiv terapiya bo‘limi, shuningdek xirurgiya va anesteziologiya bo‘limlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Foto: Getty Images

Anklavda Iordaniyaning «G‘azo-76» dala hospitali ham mavjud. Noyabr oyi boshida Iordaniya hukumati u yerga havo orqali shoshilinch tibbiy yordam yetkazib berilganini ma’lum qilgandi – keyinroq Isroil mudofaa armiyasi oziq-ovqat va tibbiy jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha amaliyot ular orqali muvofiqlashtirilganini bildirdi.

12 noyabr kuni Iordaniya armiyasi BAA va Qatar ko‘magida parashyutlarda insonparvarlik yordamining ikkinchi to‘plami yetkazilgani haqida xabar berdi.

Misr ham G‘azodan olib chiqilgan odamlarga yordam ko‘rsatish uchun dala hospitali tayyorlamoqda: Reuters xabariga ko‘ra, u «Rafah» nazorat-o‘tkazish punktidan 15 kilometr masofadagi  Shayx-Zuveydda joylashgan.

Foto: ANADOLU AGENCY

«Rantisi» va «An-Nasr»

«Rantisi» ixtisoslashgan bolalar shifoxonasi va uning yonida joylashgan «An-Nasr» tibbiyot markazi juma kuni evakuatsiya qilindi, BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) xabariga ko‘ra, ushbu tibbiyot muassasalarida juda oz miqdordagi bemorlar va tibbiy xodimlar qolgan.

Rantisida G‘azodagi yagona pediatriya onkologiya bo‘limi joylashgandi.

Shanba kuni Isroil HAMAS qo‘mondonlaridan biri, ushbu shifoxonada mingga yaqin kishilarni garovda ushlab turib, ularning evakuatsiya bo‘lishiga ruxsat bermay kelgan Ahmad Siam o‘ldirilganini ma’lum qildi.

Ahmad Siam «HAMAS G‘azodagi tinch aholidan terrorchilik maqsadlarida tirik qalqon sifatida foydalanishiga yana bir misol bo‘ldi», deyilgan TsAHAL bayonotida.

G‘azodagi boshqa shifoxonalar

Jabaliya shahridagi Indoneziya tomonidan moliyalashtiriladigan shifoxona xodimlari shanba kuni yonilg‘i va dori-darmonlar yetishmovchiligiga qaramay, faoliyatini davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Hospitalni boshqaruvchi Favqulodda tibbiy yordam qo‘mitasi rahbari (MER-C) Sarbini Abdul Murad shifoxona «zulmat va dori-darmon taqchilligi sharoitida ham omon qolish va ishlashda davom etishga harakat qilayotgani»ni aytgan.

11 noyabr kuni aviazarba oqibatida G‘azo shahridan g‘arbdagi Ash-Shatidagi qochqinlar lagerida joylashgan shved klinikasi vayron bo‘lgan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, zarba berilgan vaqtda u yerda 500 ga yaqin tinch aholi vakillari yashiringan bo‘lgan. Qurbonlar soni ma’lum emas.

17 oktyabr kuni G‘azo sektoridagi «Al-Ahli» shifoxonasi yonidagi avtoturargohda portlash sodir bo‘lgandi: uning hududida ham anklavning aviazarbalar oqibatida boshpanalaridan ayrilgan aholisi jon saqlayotgandi.

HAMAS aviazarbada Isroilni ayblagan va yuzlab kishilar halok bo‘lganini bildirgan, TsAHAL esa hodisaga «Falastin islom jihodi» guruhining nosoz raketasi portlashi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

G‘arb razvedkasi raketa katta ehtimol bilan G‘azo sektoridan Isroil tomonga uchirilgan bo‘lgani haqida xulosaga kelgan.

Mavzuga oid