14:02 / 16.11.2023
4562

BMT Xavfsizlik kengashi G‘azo sektorida gumanitar tanaffuslarga chaqirdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi G‘azo sektorida tinch aholiga yordam berish uchun zudlik bilan va uzoq muddatli gumanitar tanaffuslarga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Uning qabul qilinishi uchun 12 davlat ovoz berdi. AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiya betaraf qoldi. 

Foto: David Dee Delgado/REUTERS

BMT Xavfsizlik kengashi 15 noyabr, chorshanba kuni G‘azo sektoridagi janglarda zudlik bilan va uzoq muddatga gumanitar pauza qilishni, shuningdek, tinch aholiga yordam berish uchun butun eksklav bo‘ylab gumanitar yo‘laklar yaratishni talab etuvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiyada, shuningdek, HAMAS tashkiloti tomonidan garovga olingan barcha shaxslarni zudlik bilan ozodlikka chiqarish talab qilingan. 

Hujjat ovoz berishga Malta tomonidan taqdim etilgan. Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 12 tasi uni qo‘llab-quvvatladi. Qolgan uchtasi - AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiya betaraf qoldi. BMTdagi manbalarning jurnalistlarga aytishicha, rezolyutsiya mualliflari «muvaffaqiyatga nisbatan ishonchi komil bo‘lmaguncha» ovozga qo‘yilmagan. 

Isroil allaqachon rezolyutsiyani rad etishini bildirdi. Isroil Tashqi ishlar vazirligining tegishli press-relizida aytilishicha, u yerda sanab o‘tilgan chora-tadbirlarni HAMAS odamlarni garovda ushlab turishda davom etar ekan, amalga oshirib bo‘lmaydi. Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan rezolyutsiyani «haqiqatdan uzoq» deb atadi va Xavfsizlik kengashi «7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujumni e’tiborsiz qoldirishda, qoralash va hatto eslashdan bosh tortishda davom etayotganini» ta’kidladi. 

BMT Xavfsizlik kengashi 4 marta G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qila olmadi 

G‘azo sektoridagi vaziyat keskinlasha boshlaganidan beri BMT Xavfsizlik kengashi to‘rt marta ushbu mojaro bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qila olmadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi 27 oktyabr kuni «zudlik bilan, doimiy va barqaror gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishga» chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. BMTga a’zo 193 davlatdan 120 tasi vakillari uni yoqlab ovoz berdi. Iordaniya tomonidan kiritilgan ushbu rezolyutsiyada HAMAS harakati yoki Isroil haqida hech qanday gap yo‘q. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top