Daryoni suzib o‘tish va «oq chipta»: ayrim ukrainlar armiyaga chaqiruvdan qanday qochmoqda?
Urush boshlanganidan buyon 20 mingga yaqin kishi armiyaga chaqirilmaslik uchun Ukrainani tark etgan.
Ayrimlar daryo to‘sig‘idan suzib o‘tishdek xavfli yo‘lni tanlagan, boshqalar shunchaki tun qorong‘isida chegarani kesib o‘tgan. Rasmiy Kiyev ma’lumotiga ko‘ra, harbiy chaqiruv yoshidagi yana 21 ming 113 kishi mamlakatni tark etishga uringanida to‘xtatib qolingan.
Rossiya harbiy bosqini boshlanganidan keyin 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning katta qismiga mamlakatni tark etish taqiqlanadi, ammo BBC ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainadan har kuni o‘nlab kishilar qochib ketmoqda.
Nashr muxbiri xorijda o‘qiydigan, ishlaydigan yoki doimiy yashovchi qarindoshlariga qo‘shilish uchun Ukrainani tark etganlarning ayrimlari bilan gaplashgan.
«Men [Ukrainada] nima qilaman? — deydi Yevgeniy. — Hammamiz ham jangchi emasmiz va mamlakatni qamoqqa aylantirish shart emas. Sovetlar ittifoqida bo‘lgani kabi barchani majburlab to‘plash mumkin emas».
BBC Ukrainaning qo‘shnilari bo‘lmish Ruminiya, Moldova, Polsha, Vengriya va Slovakiya hukumatlaridan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil fevralidan 2023 yil 31 avgustiga qadar ushbu mamlakatlarga 19740 nafar erkak o‘tgan.
Ularning barchasi bu mamlakatlarga qanday qilib borib qolganini aniqlab bo‘lmasa-da, chegarani kesib o‘tishga uringanida qo‘lga tushgan 21113 kishi qanday yo‘llardan foydalanmoqchi bo‘lgani ma’lum.
Ularning aksari — 14313 kishi — chegaradan shunchaki noqonuniy o‘tishga (quruqlik yoki suv yo‘llari orqali) harakat qilgan, qolgan 6800 kishi esa, Ukraina hukumati tasdiqlashicha, noqonuniy yo‘llar bilan tayyorlangan rasmiy hujjatlardan foydalanishga uringan (masalan, salomatligi yomonligi tufayli chaqiruvdan ozod etilgani to‘g‘risidagi soxta ma’lumotnoma).
Ukrainada rasman muayyan kasalliklarga chalinganlar, shuningdek, uch va undan ortiq farzandi borlar hamda oila a’zolarining yolg‘iz qarovchilari armiyaga chaqirilmaydi.
Avgust oyida prezident Volodimir Zelenskiy harbiy komissariatlarning tibbiy komissiyalaridagi korrupsiya holatlari haqida gapirib chiqqandi, uning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida 2022 yil fevralidan chaqiruvdan ozod etilganlar soni 10 barobarga oshgan. O‘shanda u barcha hududlarda harbiy chaqiruvga mas’ul bo‘lganlar ishdan bo‘shatilgani va 30 dan ortiq kishiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qilgandi.
Ukraina prezidentining Konstitutsiyaviy suddagi vakili Fedor Venislavskiy BBC bilan suhbatda buni juda jiddiy muammo deb atagan.
«Hukumat gap kam sonli holatlar haqida ketmayotgani, bu keng tarqalganini anglab turibdi. Ammo afsuski, qayd etishim kerakki, korrupsiyani ildizi bilan qo‘porib tashlash qiyin», — degan u va Ukraina «korrupsiya holatlarini minimumga tushirish uchun barcha ishni qilayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Venislavskiyning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni tark etgan yoki tark etishga uringanlar soni harbiy kampaniyaga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.
«Ishonchim komilki, ukrainlarning 95-99 foizi qat’iyatli bo‘lib qolmoqda va o‘z mustaqilligi, suvereniteti hamda erkinligini himoya qilishga tayyor, — degan Venislavskiy. — Safarbarlikdan bo‘yin tovlashga urinayotganlar esa — 1-5 foiz atrofida. Ular Ukraina mudofaasi uchun ahamiyatsiz».
U shuningdek hukumat safarbarlikka tortiladiganlar sonini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmayotganini qayd etgan.
Lekin aytish kerakki, qochib ketgan yoki qochishga uringan 40 mingdan ortiq kishi amalda ukrain armiyasini to‘ldirish uchun zarur bo‘lgan erkaklarning katta qismini tashkil etadi. Avgust oyida AQSh ukrain harbiylarining yo‘qotishlari miqdorini 70 mingga qadar baholagandi, Kiyev esa hamon haqiqiy raqamlarni keltirmagan.
Ukraina o‘z armiyasidagi jami harbiylar sonini ham rasman ochiqlamagan. Shu bilan birga, Ukrainaning yangi mudofaa vaziri Rustem Umerov sentabr oyida Yalta Yevropa strategiyasi (ukrainalik va xorijlik siyosatchilar hamda tadbirkorlarning har yili o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyasi) ishtirokchilariga Ukraina qurolli kuchlari safidagi harbiy xizmatchilar soni 800 mingdan oshishi haqida ma’lum qilgandi.
Ukrainlarning qochishi bo‘yicha ba’zi misollar juda ta’sirli ko‘rinadi. Xususan, videolardan birida o‘rta yoshli erkak Dnestrni Moldova tomonga kechib o‘tayotgani, moldovalik chegarachilar esa uni cho‘kib ketmasligi uchun harakat qilayotgani aks etgan.
Boshqa bir videoda shunday urinishlardan birining fojiali oqibatini ko‘rish mumkin: Ukraina va Ruminiya chegarasidan oqib o‘tuvchi Tisa daryosi sohiliga cho‘kib ketgan ikki kishining jasadi olib chiqilishi.
Ammo nashr muxbirlari Moldovadagi migratsiya markazida gaplashgan kiyevlik Yevgeniy ismli quruvchi chegarani piyoda holda kesib o‘tganini aytgan — raqamlar ham bu eng keng tarqalgan usul ekanini ko‘rsatadi. Chegaradan o‘tgandan so‘ng urushdan qochganlar osongina boshpana so‘rashi mumkin.
Yevgeniy Ukrainada o‘zini qopqonga tushgandek his qilganini aytadi.
Uning aytishicha, avvaliga nisbatan yoshlar va armiya tajribasiga ega bo‘lganlar chaqirilgan. Ammo uning o‘ziga vaqt o‘tgan sayin yaxshi pul to‘lanadigan ish topish qiyinlashib boradi, «chunki barcha sohalar urush uchun safarbar qilingan», shu bilan birga «elektr, yonilg‘i, — barchasi qimmatlashgan».
Moldova politsiyasida ro‘yxatdan o‘tgach, u darhol siyosiy boshpana so‘rab murojaat qiladi. Qonunni buzmaslik uchun buni bir kun ichida qilish kerak edi.
Muxbirlar xuddi shu migratsiya markazida xarkivlik 26 yoshli musiqachi Erikni uchratishadi, u Moldovaga kelishda Dnestrbo‘yidagi tepaliklarni oshib o‘tgani, keyin daryoni kechib o‘tishga to‘g‘ri kelganini aytib bergan.
Safarbarlikdan ozod qiluvchi soxta hujjatni osongina qo‘lga kiritish mumkin, ammo Erikning tajribasi shuni ko‘rsatadik, haqiqiy qog‘ozni olish ancha qiyinroq kechishi mumkin.
Erikning aytishicha, peritonit (qorin pardasining yallig‘lanishi) tufayli o‘tkazilgan murakkab jarrohlik amaliyotidan keyin unga maxsus parhez talab etilgan va bu unga armiyada xizmat qilishga imkon bermaydi. Ammo urush boshlanganida chaqiruvdan ozod bo‘lish uchun tibbiy ruxsatnoma olish imkonsiz bo‘lib chiqqan.
«Ular mas’uliyatni bir bo‘limdan boshqasiga ag‘darishdi, „uyoqqa bor, buyoqqa bor“ qilishdi. Men xizmatga yaroqsizligim to‘g‘risida hujjat olish uchun yarim yil vaqtimni sarfladim, holbuki menda tahlil natijalari bor edi. Yakunda sabrim tugadi».
Alaloqibat Erik AQShga borib, rafiqasi va to‘rt yoshli qizi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan.
Boshqa bir erkak, shartli ismi Vlad, xizmatdan ozod etish to‘g‘risidagi haqiqiy ma’lumotnomani qo‘lga kiritgan, ammo chegarachilar bu hujjatni chegaradan o‘tish uchun asos bo‘ladi, deb hisoblashdan bosh tortishgan.
Uning aytishicha, xorijdagi universitetga qabul qilinganida va Ukrainadan chiqishga ruxsat berilganida juda xursand bo‘lgandi, ammo ko‘p o‘tmay bu yetarli emasligini tushunib yetgan.
«Qaysi chegara o‘tkazish punktiga borish borasida omadim kelmadi, endi ishim o‘xshamaydi, deb o‘yladim. Shunda men boshqasiga, keyin uchinchisiga yo‘l oldim. Ammo ustimdan kulishdi va uyga qaytdim. O‘shanda bu qog‘oz parchasi, bu „ruxsatnoma“, chegarachilar uchun hech qanday ahamiyatga ega emasligini, ularga farqi yo‘qligini tushundim».
Yakunda Vlad Tisa daryosini kechib o‘tib, Ruminiyaga o‘tadi.
Ukraina chegarasiga yetib olishda unga do‘sti yordam beradi. Shartli ismi Danila bo‘lgan boshqa bir yigitga esa telegram orqali Tisadan o‘tkazish xizmatini taklif etuvchi odamlar yordam ko‘rsatgan.
Telegram o‘z xizmatlarini reklama qiluvchi kontrabandachilar orasida mashhurlikka erishgan. BBC surishtiruvida hamkorlik qilgan mahalliy muxbir (shartli nomi Andrey) o‘zini mamlakatdan ketishni istayotgan ukrainlik sifatida ko‘rsatib, kontrabandachilar bilan bir oy davomida yozishma olib borgan.
Telegramda u a’zolari soni 100 dan bir necha mingacha boruvchi, turli xizmatlar - oiladagi farzandlar sonini soxtalik bilan ko‘paytirib berish (yuqorida aytilganidek, uch yoki undan ortiq farzandi borlar safarbarlikdan ozod etilgan)dan tortib eng qimmat opsiyagacha - odam harbiy xizmatga yaroqsiz ekani haqida xulosa qilingan tibbiy xulosa tayyorlab berishgacha bo‘lgan xizmatlarni taklif etuvchi kamida oltita guruhni topgan. «Oq chipta» deb ataladigan bunday hujjat Ukrainani istagan vaqtda tark etib, istaganda qaytishga imkon beradi.
Unga «oq chipta»ni rasmiylashtirishga bir hafta ketishi va bu 4,3 ming dollarga tushishi, amaldorlar uchun pora ham shuning ichida ekanini aytishadi.
Venislavskiy bu borada bergan izohida soxta hujjatlar muammosi va chegarani haqiqiy qog‘ozlar bilan kesib o‘tishdagi muammolar yaqin yillar ichida hisobga olishning yangi raqamli tizimini joriy etish orqali barham topishini aytgan.
Nashr bilan gaplashganlarning barchasi Ukrainadan chiqib keta olganlardir. Ukraina rasmiylari qo‘liga tushganlarga esa 92 dollardan 230 dollargacha jarima va 8 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.
Hozirda Ukrainadan qochishga ulgurganlar qachondir vataniga qaytganida bu jazolar qo‘llanishi aniq emas. Venislavskiyning fikricha, bu milliy mannfaatlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Danilaning hisoblashicha, ukrainlar mamlakatda qolish-qolmasligini o‘zi hal qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
«Men hali ham har bir inson o‘z hayoti ma’nosini o‘zi belgilashi kerakligiga ishonaman, — deydi u. — Kim uchundir bu o‘z yerini himoya qilish bo‘lsa, boshqasi uchun o‘zini va o‘z yaqinlarini himoya qilish, yana kimdir ijod qilishni, biznes yaratishni, davlat iqtisodiyotiga hissa qo‘shishni istaydi. Men hisoblaymanki, nima bo‘lganda ham mening rolim jang maydonida emas».
Danila urushdan keyin Ukraina hukumati mamlakatdan qochib ketganlarni jazolamasligiga, balki ularning qaytishiga yordam berishiga umid bildiradi.
«Odamlarsiz, ayniqsa yaxshi pul topadigan va xazina uchun yaxshi pul tushirib beradigan aqlli odamlarsiz davlat mavjudligini saqlab qolishi qiyinroq», — deb hisoblaydi u.
Ammo urushning oxiri ko‘rinmayotgan ekan, bu masala qachon dolzarb bo‘lishi dargumon. Hozircha esa frontdagi voqealar vayrongarchilik urushiga aylanmoqda, Ukrainaga esa imkon qadar ko‘proq askar kerak.
Mavzuga oid
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
10:11 / 15.11.2024
Germaniya Ukrainada halok bo‘lgan 10 fuqarosi haqida ma’lumotga ega
09:31 / 15.11.2024