Jahon | 13:41 / 22.11.2023
4085
4 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: YeI Kiyevga uzoq muddatli harbiy yordam ko‘rsatishni rejalashtiryapti

Ukraina xavfsizligini ta’minlash majburiyatlari bo‘lgan Yevropa Ittifoqi rejasi mamlakatni harbiy texnika bilan ta’minlash va Ukraina Qurolli kuchlarini tayyorlash bo‘yicha uzoq muddatli mexanizmni o‘z ichiga oladi, deb yozadi agentlik. 

Foto: AP

Yevropa Ittifoqining Ukraina uchun xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlari rejasi uzoq muddatli harbiy yordam mexanizmini, ukrainalik harbiylarni tayyorlash va mamlakat mudofaa sanoatini rivojlantirishga ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi. Bu haqda 21 noyabr, seshanba kuni jurnalistlari hujjat loyihasi bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan Bloomberg agentligi xabar berdi

2023 yil boshida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti chog‘ida G7 davlatlari Rossiyaning kelajakdagi ehtimoliy tajovuzini oldini olishga qaratilgan Ukraina uchun bir qator ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishga kelishib oldi. 

O‘z navbatida, Ukraina huquq-tartibot va sud-huquq sohalarida, shuningdek, xavfsizlik va mudofaa sohasida qator islohotlarni davom ettirishga va’da berdi. Kiyevning ayrim asosiy ittifoqchilari joriy yildayoq u bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar tuzishga intilmoqda, deb eslatadi Bloomberg. 

YeIning Ukrainaga nisbatan majburiyatlari rejasi asosiy bandlari 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, YeI rejasi ikki tomonlama majburiyatlarga asoslanadi va boshqa narsalar qatorida quyidagilarni o‘z ichiga oladi: «Ukrainani harbiy texnika bilan ta’minlashning taxmin qilinadigan, samarali, barqaror va uzoq muddatli mexanizmi», Yevropa mudofaa sanoatini safarbar qilish, Ukraina harbiylarini tayyorlash, imkoniyatlarni oshirish va standartlarni tenglashtirish maqsadida Ukraina mudofaa sanoati bilan hamkorlikni chuqurlashtirish. 

Rejada, shuningdek, Ukrainaning kiber va gibrid tahdidlar va dezinformatsiyaga qarshi kurashish imkoniyatlarini yaxshilash; Kiyevning minalarni tozalash va portlovchi o‘q-dorilar qoldiqlari natijasida yuzaga kelgan ifloslanishni bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash; Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga kirish jarayoni bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirishda yordam berish, shuningdek, o‘qotar qurollar, yengil qurollar va o‘q-dorilar zaxiralarini nazorat qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish qobiliyatini oshirish; Ukrainani yangi energiya manbalariga o‘tishda qo‘llab-quvvatlash va yadro xavfsizligini ta’minlash; sun’iy yo‘ldosh va razvedka ma’lumotlarini almashish bor. 

Hujjatda qayd etilishicha, qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha yordam a’zo davlatlarga Ukrainaga qurol yetkazib berish xarajatlarini qoplaydigan Yevropa tinchlik jamg‘armasi (European Peace Facility) mexanizmi orqali davom ettiriladi. 

Ukrainaga 4 yil davomida 20 mlrd yevro ajratilishi borasidagi noaniqlik

Ayni paytda, Yevropa Ittifoqining Kiyevga to‘rt yil davomida qurol-yarog‘ uchun 20 milliard yevro ajratish bo‘yicha dastlabki rejasi YeIga a’zo qator davlatlar ushbu reja shartlari bo‘yicha kelishib olmagani uchun izdan chiqib ketishi xavfi bor, deb yozadi Bloomberg Yevropa Ittifoqining ismi oshkor etilmagan diplomatiga tayanib.

Shu fonda Yevropa Ittifoqi kelgusi yilda Ukrainaga yordam ko‘rsatishni davom ettirish majburiyati bilan «kamida» 5 milliard yevro ajratish bo‘yicha kelishib olishga umid qilmoqda, deya qo‘shimcha qildi agentlik manbasi. 

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari ushbu rejani shu haftada, davlat rahbarlari esa dekabrda muhokama qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, u Ukraina va G7 davlatlari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar asosini tashkil qilishi kerak, deya ta’kidlaydi nashr. 

Mavzuga oid