FT: Chexiya rossiyalik diplomatlarning harakatlanishini cheklamoqchi
Shengen zonasida chegara nazoratining yo‘qligi Rossiya maxsus xizmatlarining potensial xodimlarini kuzatishni qiyinlashtirmoqda, deb hisoblaydi Praga.
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 12-paketi doirasida Chexiya rossiyalik diplomatlarning diplomatik xizmatni bajarayotgan mamlakatdan tashqariga chiqishi imkoniyatini cheklovchi choralarni ishlab chiqmoqda. Bu haqda 21 noyabr, seshanba kuni Financial Times nashri xabar berdi.
Nashr eslatishicha, 2022 yilda Praga Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi, shuningdek, 2014 yilda Vrbetitsadagi o‘q-dorilar omboridagi portlashlarga Rossiya razvedka xizmatlarining aloqadorligi taxmini bilan 70 dan ortiq Rossiya fuqarosini chiqarib yuborgan.
Endi Chexiya Rossiya diplomatlari vizalar va mamlakatda qolish uchun ruxsatnomalarni faqat ular xizmat qiladigan davlatlar uchun olishini xohlayapti, lekin bu butun Shengen zonasi uchun amal qilmaydi. Bundan tashqari, Praga rossiyalik diplomatlarga hujjatlar faqat biometrik pasportlar asosida berilishini ta’kidlamoqda, ularni soxtalashtirish qiyinroq, deb aniqladi FT.
«Chexiya hududida «GRU» va boshqa maxsus xizmatlarning agentlari bor. Shengen zonasida buni nazorat qilish juda qiyin», - deya Chexiya diplomatik doiralaridagi ismi oshkor etilmagan manbaning so‘zlarini keltiradi gazeta. Praga ehtimoliy bo‘shliqqa misol sifatida BMTning Venadagi vakolatxonasida ishlash uchun Avstriya Shengen vizasini olgan rossiyalik diplomatlar Chexiya yoki boshqa Shengen zonasi davlatlariga yuborilgani bo‘yicha vaziyatni keltirmoqda.
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 12-to‘plami
15 noyabr kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevrokomissiya bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi kengashiga Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi munosabati bilan qabul qilingan yangi sanksiyalar paketi loyihasini taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, YeK amaldagi sanksiyalar ro‘yxatini «Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishda» rol o‘ynagan 120 ta yangi jismoniy shaxslar va kompaniyalar bilan to‘ldirishni taklif qilmoqda. Yevropa tashqi harakatlar xizmati press-relizida aytilishicha, gap, boshqa narsalar qatorida, Rossiyaning harbiy, mudofaa va IT-sohalari vakillari, shuningdek, «boshqa muhim iqtisodiy operatorlar» haqida bormoqda.
The Guardian nashrining yozishicha, sanksiya takliflari Rossiyaning tijorat daromadlaridan foydalanishni cheklashga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat. Xususan, gap Yevropa Ittifoqida Sibir konlaridan qazib olingan olmos va qimmatbaho toshlar bo‘lgan zargarlik buyumlarini sotishni to‘liq taqiqlash haqida ketyapti. YeI ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiya daromadlarini yiliga 4,5 milliard yevroga kamaytirishi mumkin.
Avvalroq Bloomberg Yevropa Ittifoqidan olingan hujjatlarga tayanib, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning 12-paketi doirasida Rossiya Ukrainada qo‘llangan qurollarni ishlab chiqarishda foydalanadigan stanoklar va butlovchi qismlarni Rossiyaga eksport qilishni taqiqlamoqchi ekanini xabar qilgan edi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga kimyoviy moddalar, litiyli batareyalar, termostatlar, servodvigatellar va dronlar uchun dvigatellar olib kirishni taqiqlashni taklif etmoqda.
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 12-paketi joriy yil oxirigacha qabul qilinishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
23:17
Rossiyada «o‘lik jonlar»ni urushga yuborgan «voyenkomat» xodimlari qo‘lga olindi
23:13
Rossiyalik hakerlar Yevropa sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilmoqda
20:48
Tramp va Rossiya: «sevgi tariximi» yo siyosiy o‘yin?
17:51