Jahon | 21:02 / 18.12.2023
17314
9 daqiqa o‘qiladi

Qamaldagi Qizil dengiz, Zalujniyga qo‘yilgan «juchok», haqiqatga qarshi Isroil - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektorining Jabaliya shahriga Isroil aviazarbalaridan so‘ng kamida 100 kishi halok bo‘lgan. O‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Falastin davlat televideniyesining xabariga ko‘ra, Isroil armiyasining G‘azo sektorining shimoliga bergan zarbalari tufayli Al-Barish va Alvan oilalariga tegishli uylar yo‘q qilingan.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, isroil zarbalari davom etayotgan bir pallada sektorda halok bo‘lganlar soni 19 ming 88 nafarga yetgan. Halok bo‘lganlarning 70 foizini ayollar va yosh bolalar tashkil etmoqda. Minglab odamlar bedarak yo‘qolgan.

Rasmiy tashrif bilan Tel-Avivga borgan Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna garchi uning davlati Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, o‘t ochishni zudlik bilan va barqaror to‘xtatish lozimligini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng Kolonna O‘rdun daryosining G‘arbiy sohili poytaxti Ramalloh shahriga borgan va Falastin bosh vaziri Muhammad Ishtiyya bilan uchrashgan.

U yerda Katrin Kolonna noqonuniy yahudiy manzilgohlari falastinliklarning huquqlarini poymol qilayotganini ta’kidlagan. «Biz bunga murosa qila olmaymiz, bu manzilgohlar yo‘qotilishi kerak», degan.

Bu orada G‘azo sektorida isroil zarbalaridan jarohat olgan Fransiya Tashqi ishlar vazirligi xodimi vafot etgan. U biroz muddat avval G‘azo sektori janubidagi, avval Isroil tomonidan xavfsiz zona deb e’lon qilinib, shimoliy G‘azodan yuz minglab odamlar ko‘chirilgan Rafah shahrining bombalanishi tufayli og‘ir jarohat olgan edi.

Isroil va HAMAS harakati G‘azo sektorida muvaqqat sulhni qayta tiklashga tayyor, deb xabar beradi Reuters o‘zining Misrdagi manbalariga tayanib. Ma’lum qilinishicha, bu borada tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik bitimning detallari bilan bog‘liq bo‘lib turibdi. HAMAS tomoni toki Isroil armiyasi G‘azo sektorini tark etmas, umumqamrovli otashkesim e’lon qilinmas ekan, Isroil bilan asir almashish borasida muzokara olib bormasligini e’lon qilgan.

Binyamin Netanyahu hukumati esa bu paytda Isroil harbiylari G‘azo sektorida HAMAS jangchilari deb o‘ylab, uch nafar garovdagilarni otib qo‘ygach, mamlakatda tobora o‘sib borayotgan tanqid to‘lqiniga duchor bo‘lmoqda.

Qamal qilingan qizil dengiz

Yamandagi husiychilar Qizil dengizni qamal qilib Isroil bilan oldi-berdi qilayotgan kemalarga hujum qilayotgani ortidan ko‘plab xorijiy kemachilik kompaniyalari Isroilga yuk tashishni bekor qilishmoqda. Isroil janubidagi Eylat portining daromadlari 80 foizga tushib ketgan.

Qo‘zg‘olonchi husiychilarning tahdidi tufayli Fransiyaning CMA CGM hamda Hongkongning OOCL kemachilik kompaniyasi ham Isroilga yuk yetkazishni bas qilgan.

The Economist nashriga ko‘ra, Qizil dengiz orqali yuk tashishni bas qilgan to‘rtta kompaniyaga jahondagi barcha konteyner tashuvining 53 foizi to‘g‘ri keladi. 

Yangi yo‘l topgan Isroil

Isroil jahon bozoridan yuklarni qabul qilishda yangi yo‘llarni axtarishga majbur bo‘lmoqda. Ko‘rfaz davlatlari esa Isroilga husiylarning qamalini yorib o‘tishda yordam berishmoqda.

So‘nggi haftalarda Dubay va Bahrayndagi portlardan Saudiya Arabistoni va Iordaniya orqali quruqlikdan Isroilga tranzit yuklari tashish bo‘yicha pilot loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Dastlabki o‘nta yuk mashinasi Ko‘rfazdagi portlardan Isroilga eson-omon yetib kelgan. Shunday qilib, BAA, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va Iordaniya Isroilga husiychilarning dengizdagi qamalini yorib o‘tishga ko‘maklashmoqda.

Kutilishicha, Isroil hukumati va mudofaa vazirligi tomonidan ma’qullangan quruqlikdagi yo‘lak Suvaysh kanaliga, shuningdek Afrikani aylanib o‘tishga ketayotgan uch haftalik yo‘ldan ko‘ra yanada tezroq muqobil bo‘la oladi.

Dubaydan bu yo‘lak 2550 kilometrni tashkil etib 4 kun vaqtni olsa, Bahrayndan 1700 kilometrni tashkil etmoqda va ikki kun va 7 soat vaqt talab qilmoqda.

AQSh kelgusi haftada yamanlik husiychilarning «Ansorulloh» harakatiga qarshi Amerika rahbarligida va ayrim arab davlatlari ishtirokida xalqaro harbiy koalitsiya tuzilganini e’lon qilishi mumkin.

Koalitsiyaning maqsadi — husiychilarning Qizil dengizda Isroil kemalari va Isroil portlariga yo‘l olgan kemalarga hujumini bartaraf etish va xalqaro kema tashuvlarini tiklashdan iborat bo‘ladi. 

Jurnalistlarga qarshi Isroil

Falastinning Buyuk Britaniyadagi elchisi Husam Zumlut Isroilning eng katta dushmani haqiqat ekanini ta’kidlagan.

U okkupatsiya ostidagi sharqiy Quddusda Turkiyaning «Anadolu» agentligi fotomuxbiri Mustafo Al-Xarufning Isroil kuchishlatarlari tomonidan kaltaklaganini shunday izohladi.

Isroil anchadan buyon jurnalistlarni ta’qib qilish siyosatini o‘tkazayotganiga ishora qilib, Zumlut «Isroilning eng katta dushmani — haqiqat. Haqiqatni yetkazuvichlar esa jurnalistlar. Isroil jurnalistlarni ta’qib qilish bilan o‘nlab yillar mobaynida shug‘ullanib kelmoqda», degan.

Zumlutning haqligini isbotlagandek, Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir «Anadolu» muxbiri Mustafo al-Xarufga hujum qilgan isroil politsiyachisini qo‘llab-quvvatlab, uning huzuriga borgan.

Biroq Isroil jurnalistlari Turkiya xabar agentligining jurnalistini qo‘llab-quvvatlashgan. Isroil jurnalistlar ittifoqi «Anadolu» agentligi fotomuxbiri Mustafo Al-Xarufni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan.

Bu orada Qatarning "Al-Jaziyra" telekanali G‘azoda o‘zining operatori o‘ldirilgani uchun Xalqaro jinoyat sudiga murojaat qilishini e’lon qildi. Telekanal o‘z operatori Samir Abudaqqaning G‘azoda Isroil bombalashi tufayli halok bo‘lgani uchun Xalqaro jinoyat sudiga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Ukraina fronti

Qish faslida Ukraina uchta mudofaa chizig‘i quradi va qarshi hujumga o‘tishdan o‘zini tiyib turadi. Bu haqda Ukraina Oliy Radasi deputati Oleksandra Ustinova ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar g‘arb harbiy yordam miqdorini kamaytirsa, Ukrainada chuqur mudofaaga o‘tishdan boshqa yo‘l qolmaydi.

G‘arbning moliyaviy yordamisiz Ukraina ikki-uch oy bardosh bera oladi — Xalqaro valuta fondi rahbari Kristalina Georgiyeva. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hokimiyatiga yordam ajratish bilan bog‘liq to‘xtalishlar ularni «pul chop etish kabi beqarorlashtiruvchi siyosat»ga qaytishiga olib ketishi mumkin.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning kabinetida eshitish qurilmasi topilgan. RBK-Ukraina agentligiga ko‘ra, qurilma ilgari noma’lum namunalardan tayyorlangan, shu sababli u kimning buyurtmasiga ko‘ra o‘rnatilganini aniqlab bo‘lmayapti.

Ukraina Xavfsizlik xizmati Zalujniyning kabinetida eshitish qurilmasi topilganini rad etdi. Qurilma kelgusida general Zalujniy foydalanishi mumkin bo‘lgan xonalardan birida topilgan va u nosoz holatda bo‘lgan, deb xabar qiladi xizmat. Shuningdek, ukrainalik maxsus xizmat vakillari audioyozuvlarni uzatish yoki to‘plash vositalarini topa olishmagan. Qurilma esa ekspertizaga jo‘natilgan. Shunday bo‘lsa-da, mazkur voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. 

Bayden korteji avariyaga uchradi

AQSh prezidenti Jo Baydenning kortejiga avtomobil kelib urildi. Hodisa 17-dekabr kuni Delaver shtati Uilmington shahrida ro‘y berdi. Bu paytda Jo Bayden saylovoldi shtabini tark etayotgan bo‘lgan. Sedan kortejdagi avtomobillardan biriga kelib urilgan, so‘ngra uni prezident qo‘riqchilariga qurshab olgan. Avtohalokat prezidentning ish jadvaliga ta’sir qilmagan. Maxsus xizmat vakili CNN'ga hodisa kuchli yomg‘ir sabab tasodifan sodir bo‘lganini bildirgan.

Mavzuga oid