Jahon | 14:00 / 19.09.2024
6189
10 daqiqa o‘qiladi

Livanda portlashlarning ikkinchi to‘lqini, urushning yangi bosqichini boshlayotgan Isroil va AQShdagi saylovlarga aralashayotgan Rossiya - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Livandagi portlashlar

Livanda uch mingga yaqin peyjyerlar portlagach, ikkinchi to‘lqinda ratsiya va boshqa texnikalar ham portlay boshlagan. «Hizbulloh» guruhi a’zolariga tegishli turli elektron qurilmalar, gadjetlar, mototsikllardagi elektronika, avtomobillar va boshqa qurilmalar portlagani ham xabar qilinmoqda.

Ayrim manbalar ratsiyalardan tashqari, noutbuklar va smartfonlar portlagani haqida ham xabar bergan, biroq bu hali rasman tasdiqlanmagan.

Reuters xabariga ko‘ra, texnikalar 18 sentabr kuni mamlakat janubida va Bayrutning janubiy chekkasida portlagani qayd etilgan. Ushbu ratsiyalar «Hizbulloh» tomonidan besh oy oldin, peyjyerlar bilan bir vaqtda sotib olingani ta’kidlanmoqda.

Yangi portlashlar oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi, yuzdan ortiq kishi jarohatlangan.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, uyali telefon do‘konlari va hatto uylardagi texnikalar portlatilgan. Ba’zi turar joy binolarida yong‘in boshlangan.

Portlashlardan biri 17 sentabr kuni peyjyer portlashi oqibatida halok bo‘lgan odamning dafn marosimida yuz bergan.

Livan bo‘ylab portlagan ratsiyalar Yaponiyaning ICOM kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. «Mossad» ularga xuddi peyjyerlar kabi portlovchi moddalar joylashtirgan bo‘lishi mumkin.

17 sentabr kuni Livanda peyjyerlar portlashi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, uch mingdan ortiq kishi jarohatlandi. «Hizbulloh» peyjyer portlashlarida Isroilni aybladi va bunga javoban «keskin qasos» bilan tahdid qildi. Isroil rasmiylari hozircha voqeaga izoh bermadi.

 

Isroil: «urushning yangi bosqichi»

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant «urushning yangi bosqichi» boshlanganini e’lon qildi. Isroil mudofaa kuchlarining 98-diviziyasi G‘azo sektorida bir necha oy davom etgan janglardan so‘ng mamlakat shimoliga, Livan chegarasiga ko‘chirilmoqda.

«Og‘irlik markazi shimolga qarab ko‘chmoqda. Biz kuchlarni, resurslarni va energiyani shimolga yo‘naltirmoqdamiz», dedi Gallant o‘z idorasi tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Tongda Isroil mudofaa kuchlarining 98-diviziyasi G‘azo sektorida bir necha oy davom etgan janglardan so‘ng mamlakat shimoliga ko‘chirilgan.

«Men bu urushning yangi bosqichi arafasida ekanligimizga ishonaman va biz moslashishimiz kerak. Bizga vaqt o‘tishi bilan izchillik kerak bo‘ladi», dedi Gallant.

Isroilning shimoldagi urushining maqsadlari «aniq va oddiy: shimoldagi shaharlar aholisini o‘z uyiga eson-omon qaytarish».

«Biz garovga olinganlarni va janubdagi vazifalarimizni unutganimiz yo‘q. Bu bizning burchimiz va biz uni bir vaqtning o‘zida bajaramiz», deb qo‘shimcha qildi Gallant.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham 10 soniyalik chiqish qilib, mamlakat shimolida yashovchilarga tez orada o‘z uylariga qaytishlarini va’da qildi. Ommaviy axborot vositalari buni Livanga hujum boshlanayotgani bilan talqin qilishdi.

 

Rossiyaga dronlar hujumi

18 sentabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Tver oblasti Toropets shahriga dronlar hujumi tufayli qisman evakuatsiya e’lon qilindi. Shaharda portlash sodir bo‘lgan, keyin esa kuchli yong‘in yuzaga kelgan.

Toropetsda o‘q-dorilar, raketalar va boshqa portlovchi moddalar saqlanadigan yirik arsenal mavjud. Katta ehtimol bilan dronlar o‘sha omborga hujum qilgan.

Bu yerdagi o‘nlab omborlarning har biri 240 tonnagacha o‘q-dorilari sig‘dira oladi. Rossiya mudofaa vazirligi 2018 yilda rekonstruksiyadan so‘ng ushbu ombor «yadroviy portlashga ham dosh bera olishi»ni ta’kidlagan edi.

Kanallarda tarqalgan videolarda dronning kichik zaryadi emas, o‘q-dori detonatsiyasini eslatuvchi kuchli portlash videosi tarqalgan.

BBC ukrain xizmatining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi ukrain dronlari Tver oblastida «Iskander» va «Tochka-U» raketalari, shuningdek, nishonga o‘zi boruvchi aviabombalar «ombori yo‘q qilingani» haqida aytgan.

Oblast gubernatori shaharga kirish ochilgani, dronlar hujumi oqibatida halok bo‘lganlar va jiddiy jarohatlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Keyinroq 13 kishi shifoxonaga yotqizilgani, ularning holati o‘rta og‘irlikda ekanini ma’lum qilgan.

Ukrainaning Rossiya harbiy omborlariga qilgan bu hujumlari jang maydonidagi barcha vaziyatga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, deb yozdi urushni o‘rganish instituti.

 

Kursk frontidan xabarlar

Rossiyaning Kursk oblastidagi kontrhujumi to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Ukraina qurolli kuchlari.

«Ular qanotlardan hujum qilishga intilib ko‘rishdi, lekin ular to‘xtatildi», — degan AFP’ga Ukraina qurolli kuchlarining Kurskdagi qo‘mondonligi matbuot kotibi Oleksiy Dmitrashkovskiy.

Avvalroq Rossiya bir necha qishloq ukrainlardan ozod qilinganini xabar bergan edi. Dmitrashkovskiyning so‘zlariga ko‘ra, «vaziyat barqarorlashgan va bugungi kunga kelib hammasi yana nazorat ostida, ruslar muvaffaqiyatga erisha olmagan».

Keyinroq o‘zini oshkor etmagan ukrainalik mulozim AFP'ga «Rossiyaning Kurskdagi operatsiyasi davom etayotgani, hali to‘liq barbod bo‘lgani haqida gapirishga erta» ekanini aytgan.

Dmitrashkovskiyning aniqlik kiritishicha, Ukraina qurolli kuchlari egallagan rayonlarda «bir necha ming» rossiyalik tinch aholi istiqomat qilib kelmoqda. «Ayrim qishloqlarda 100-500 nafarcha odam yashamoqda», — degan u. 

Avgust oyining oxirlaridan buyon Rossiyaning Kursk oblasti bo‘ylab bergan zarbalaridan 23 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. «Ular ukrain harbiylari bilan birga halok bo‘lmoqda», degan Dmitrashkovskiy. Tinch aholi vakillariga hududni tark etish, hudud bo‘ylab harakatlanish taqiqlanganini aytgan.

 

Rossiya-Ukraina urushi yo‘qotishlari

Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki yarim yil avval boshlangan keng ko‘lamli urushda halok bo‘lgan va yaralangan ukrainaliklar va rossiyaliklar soni taxminan 1 millionga yetgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi paytida 80 ming ukrain askari va 200 ming rossiyalik halok bo‘lgan.

Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainada ham, Rossiyada ham yaralangan harbiy xizmatchilar soni taxminan teng va har bir tomondan 400 mingga yaqin. Har ikki tomondan o‘lganlar va yaradorlarning aniq sonini aniqlash juda qiyin, chunki Rossiya ham, Ukraina ham o‘z yo‘qotishlari haqidagi rasmiy hisob-kitoblarni e’lon qilmasdan kelmoqda, shuningdek, ishonchsizlikni keltirib chiqaradigan ma’lumotlarni tarqatmoqda, deb yozadi gazeta.

Ayni paytda, har ikki davlatdagi bunday katta yo‘qotishlar nafaqat hozir, balki kelajakda ham jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi – ular jang maydonida muammolarni yuzaga keltiradi va demografik xavotirlarni kuchaytiradi. Ayniqsa, aholisi bir necha baravar kam bo‘lgan Ukraina uchun bunday yo‘qotishlar Rossiyaga qaraganda ancha katta zararga olib keladi.

Ukraina va Rossiya rasmiylari yo‘qotishlar haqida rasmiy ma’lumot bermasa-da, jurnalistlar ochiq ma’lumotlar asosida halok bo‘lganlarning aniq ro‘yxatini yuritmoqda. «Mediazona» va «Bi-bi-si rus xizmati» ma’lumotlariga ko‘ra, urushda 69 mingdan ortiq rossiyalik halok bo‘lgan.

 

AQShdagi saylovlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaga aloqador guruhlar tomonidan Demokratik partiya nomidan AQSh prezidentligiga nomzod Kamala Harrisning saylovoldi kampaniyasini obro‘sizlantirishga qaratilgan videolar tarqatilishi ko‘paymoqda.

Bu haqda Microsoft kompaniyasining hisobotida so‘z boradi.

Misol sifatida X ijtimoiy tarmog‘ida millionlab marta tomosha qilingan ikkita video keltirilgan. Ulardan birida Harris tarafdorlaridan biri ekani aytilayotgan shaxs prezidentlikka nomzod Donald Trampning saylovoldi mitingi ishtirokchisiga hujum qilgani tasvirlangan.

Boshqa bir rolikda esa Harris 2011 yilda San-Fransiskoda avtomobil boshqarayotib 13 yoshli qizni urib yuborgan holda YTH sodir etgani aytiladi.

Mazkur videolar mahalliy OAVga o‘xshatib bir necha kun oldin yaratilgan sayt orqali tarqatilgan. Microsoft mazkur roliklarning e’lon qilinishiga Kremlning «trollar fabrikasiga» bog‘liq «Shtorm-1516» guruhi javobgar ekanini ma’lum qildi.

Harrisning YTHga bog‘liq tarixini o‘rgangan loyiha ushbu rolik Rossiyadagi ko‘plab mashhur Telegram-kanallarda ham tarqatilganini ta’kidladi. Rolikni o‘rganish jarayonida, undagi rentgen suratlari 2010 va 2017 yillardagi ilmiy maqolalardan olingani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, San-Fransisko politsiyasi 2011 yilda yuz bergan YTHga oid ma’lumotlar mavjud emasligini bildirdi.

Harris bilan bog‘liq roliklar bilan «Shtorm-1679» guruhi ham shug‘ullanmoqda. Shu kabi roliklarning birida Harrisning yolg‘on siyosiy qarashlari keltirilgan Nyu-Yorkdagi soxta reklama banneri namoyish etilgan. Microsoft ushbu guruhni ham Kreml bilan bog‘lamoqda.

Microsoft hisobotida keltirilishicha, oldinroq ijtimoiy tarmoqlardagi bunday xabarlar asosan Jo Baydenga qaratilgan, ammo u prezidentlik poygasidan chiqqach, Harrisning saylovoldi kampaniyasi diqqat markazidan o‘rin olgan.

Mavzuga oid