11:42 / 26.12.2023
3862

590 ming dollarni Qirg‘izistonga o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan ushbu shaxslarning 2 nafariga nisbatan 5 yil, qolgan 2 nafariga nisbatan esa 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahri, Andijon va Namangan viloyatlaridagi yirik savdogar va tadbirkorlarning juda ko‘p miqdordagi xorijiy valutalarini aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonga o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi

Xususan, Andijon shahrida yashovchi, 1998 va 2002 yilda tug‘ilgan 2 nafar shaxs joriy yilning may oyida Toshkent shahrida juda ko‘p miqdordagi chet el valutalarini qabul qilib olib, ularni jinoiy sheriklariga yetkazish uchun Farg‘ona viloyati tomon yo‘l oladi.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani hududida ular ushbu xorijiy valutalarni Qirg‘izistonga bojxona nazoratini chetlab, o‘tkazishi kerak bo‘lgan, Quvasoy shahrida yashovchi fuqaro bilan uchrashgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. 

Ular harakatlanib kelgan «Spark» rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salonida 4 dona qora rangli polietilen paketlarga o‘ralib, skotch bilan mahkamlangan jami 590 945 AQSh dollari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. 

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, jinoiy guruh yetakchisi bo‘lgan Quvasoy shahrida yashovchi shaxs ham qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasining 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Natijada, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan ushbu shaxslarning 2 nafariga nisbatan 5 yil, qolgan 2 nafariga nisbatan esa 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan 590 945 AQSh dollari va «Spark»  rusumli avtomashina davlat egaligiga o‘tkazildi.

Top