21:01 / 05.02.2024
14096

Klichko Zalujniyning iste’fosiga qarshi chiqdi

Foto: Vitaliy Klichkoning telegram-kanali

Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy iste’foga chiqarilishi haqidagi xabarlar fonida uni qo‘llab-quvvatladi hamda Ukraina hukumatini «siyosiy intrigalarni bas qilish»ga chaqirdi.

U ukrainlar ko‘p jihatdan Zalujniy tufayli Ukraina qurolli kuchlariga chinakamiga ishonch bildirishganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh qo‘mondon urush vaqtida «juda ko‘p og‘ir damlarni boshdan kechirgan». 

«Ammo, afsuski, bugun siyosat sog‘lom fikr va davlat manfaatlaridan ustun kelgan palla. Va bu Zalujniyga bog‘liq emas. Umid qilamanki, hukumat hozir qo‘yilayotgan qadamlarning jiddiyligini va o‘z mas’uliyatini to‘liq tushunib turibdi. Chunki bugungi kunda, Ukraina tom ma’noda o‘z mavjudligi uchun kurashayotgan pallada, asosiysi — jangovarlik hamda armiya va jamiyat birligi yo‘lga qo‘yilganidir», — deya yozgan Klichko o‘z telegram-kanalida. 

Uning fikricha, «anons qilinayotgan rokirovkalar» aynan shu maqsadga yo‘naltirilganiga jamoatchilikning ishonchi komil emas. «Va buni hisobga olish kerak. Ammo, asosiysi, siyosiy intrigalar va ichki kurashni to‘xtatish. Bugun faqat bitta narsa uchun — Ukraina g‘alabasi uchun kurashishimiz darkor», — deya xulosa qilgan Klichko.

  • Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy italyanlarning Rai News 24 telekanaliga bergan intervyusida Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini tasdiqlagan. «Ukrainskaya pravda» o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, Zelenskiy bosh shtab boshlig‘i Sergey Shaptalani ham ishdan olishni rejalashtirmoqda.
  • Ukraina va Amerikadagi nashrlar Zelenskiy 29 yanvar kuni o‘tkazilgan uchrashuvda Zalujniyga uni iste’foga chiqarish niyatini ma’lum qilgani haqida xabar bergan.
  • Vitaliy Klichko avval ham Zalujniyni qo‘llab chiqish qilgandi. O‘tgan yil dekabrida u Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonining The Economist uchun intervyusida urush «bosh berk ko‘chaga kirib qolgani», ukrainlarning yurishi esa yillarga cho‘zilishi mumkin bo‘lgan pozitsion urushga aylanayotgani haqida bildirgan fikrlariga qo‘shilgandi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top