17:03 / 08.02.2024
5524

Ilhom Aliyev beshinchi muddatga Ozarboyjon prezidentligiga saylandi

Ilhom Aliyev yana bir bor, beshinchi muddatga Ozarboyjon prezidenti etib saylandi. Mamlakatda prezidentlik saylovlari 7 fevral kuni o‘tkazildi.

Foto: PRESIDENT.AZ

Markaziy saylov komissiyasining 8 fevral tongidagi ma’lumotlariga ko‘ra, saylov uchastkalarida protokollarning 93 foizdan ortiq qismi hisoblab chiqilganidan keyin Aliyev 92,05 foiz ovoz olayotgani ma’lum bo‘lgan, deb xabar bergan TASS agentligi respublika MSK raisi Mazaxira Panaxovaga asoslanib.

AZeRTADJ davlat axborot agentligi Aliyevning g‘alabasini e’lon qilgan, qator xorijiy davlatlar rahbarlari — Venesuela prezidenti Nikolas Maduro, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uni g‘alaba bilan tabriklagan, shuningdek bu vaqtda Toshkentda bo‘lib turgan Aleksandr Lukashenko va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev birgalikda Ozarboyjon prezidentiga qo‘ng‘iroq qildi.

Ozarboyjonda 7 fevral kuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda davomat 76 foizdan oshgan — 4 871 032 kishi saylov uchastkalariga chiqqan.

Associated Press nashri ham 30 yillik etnik armanlar boshqaruvidan so‘ng Qorabog‘ni qaytarib olgan amaldagi prezident yana yetti yillik muddatga saylanishi «deyarli aniqligi» haqida xabar bergandi.

Ilhom Aliyev — 2003 yildan buyon Ozarboyjon prezidenti sanaladi. U bu lavozimda o‘z otasi — Geydar Aliyev o‘rniga kelgandi. 2008, 2013 va 2018 yillarda Aliyev prezident lavozimiga qayta saylangan.

Aliyevning Ozarboyjon prezidenti sifatidagi to‘rtinchi muddatida ro‘y bergan asosiy voqea Qorabog‘ hududi qaytarib olinishi bo‘ldi.

Tahlilchilar fikricha, Aliyev sentabr oyida Qorabog‘ga uyushtirilgan harbiy hujumdagi mashhurligidan foydalanish uchun navbatdan tashqari saylov o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan. «U saylovlar Ozarbayjon o‘z hududini to‘liq nazorat qiladigan „yangi davrning boshlanishi“ bo‘lishini istagan», — deyilladi AP xabarida.

Mavzuga oid
Top