O‘zbekiston | 18:19 / 07.03.2024
12781
15 daqiqa o‘qiladi

Meva-sabzavotlarning eksport narxini tartibga solish: nega bunday qilinyapti?

Yurtimizda yetishtirilayotgan mevalar va sabzavotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilish ko‘lami yil sayin oshib bormoqda. Albatta, bu bobodehqonlarimizning turmush darajasini oshirish bilan birga, mamlakat budjetiga ham qo‘shimcha daromadlar olib kelishi aniq.

O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalar. Foto: east-fruit.com

Yurtimizda yetishtirilayotgan, quyosh nuriga to‘yingan mazali va sarxil mevalar-sabzavotlar jahon bozorlarida o‘z o‘rnini tobora topib borayotgani juda quvonarli hol, albatta. Bu birinchi navbatda dehqon va bog‘bonlarning dasturxoni to‘kin bo‘lishi bilan birga, soliq va bojxona yig‘imlari ko‘rinishida davlat xazinasiga ham foyda.

O‘zbekistonda yetishtirilgan meva va sabzavotlarning yaqin va uzoq xorijdagi bozorlarda narxlari raqobatbardosh bo‘lgani holda, bojxonadan rasmiylashtirib olib chiqishda o‘ta arzon narx ko‘rsatish hollari ham uchramoqda.

Bu, birinchidan, yurtimizga qonuniy valuta tushumini kamaytirsa, ikkinchidan, soliqlarning kamaytirib ko‘rsatilishi, yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga «hissa» qo‘shadi.

Albatta, narxlarning davlat tomonidan regulyatsiya qilinishi yomon. Buning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lishi ham mumkin. Biroq bu o‘rinda qars ikki qo‘ldan chiqmoqda: yurtimizdan meva-sabzavotlar eksporti bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bojxonada rasmiylashtirishda eksport narxlarini ataylab pasaytirib ko‘rsatishmoqda — o‘zimizda ham, eksport qilinayotgan mamlakatda ham soliqlarni kamroq to‘lash va ko‘proq naqd pulda daromad qilish uchun.

Raqamlar nimadan so‘zlamoqda?

Ma’lumot o‘rnida: Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra 2023 yilda O‘zbekiston xorijga qiymati qariyb 1,2 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lgan 1,7 mln tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan. 2022 yilga solishtirilganda o‘sish 1,1 foizni yoki 18,9 ming tonnani tashkil etgan. Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (37 foiz), Pokiston (16,7 foiz), Xitoy (12,3 foiz) hamda Qozog‘iston (10,3 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Keling, vaziyatni yaxshiroq tushuntirish uchun 2023 yilda ba’zi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichlariga nazar solaylik.

O‘zbekiston uzumlari. Foto: yuz.uz

Uzum. 72 ming 430 tonna uzum kilogrammi 0,5 dollardan past narxga eksport qilingan. Bu narxda eksport qilingan uzumning umumiy summasi 27,2 mln dollar bo‘lib, umumiy summaning 31,4 foizini tashkil etgan.

O‘rtacha 1 dollar va undan yuqori narxda eksport qilingan uzum 30 ming 150 tonnani tashkil etgan. Olingan tushum 40,9 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan va umumiy summaning 47,2 foizini tashkil etgan.

Agar 72 ming tonna uzumning haqqoniy bahosi 1 dollardan hisoblanganda ham tushum 27,2 mln emas, 72 mln dollarni tashkil etgan va 45 mln dollar daromad hisobga olingan bo‘lar edi.

O‘zbekiston giloslari. Foto: trend.az

Gilos eksportida ham shu ahvol. 48 mln dollarlik eksportda 27 ming tonna gilosning narxi o‘rtacha 1 dollardan kam ko‘rsatilgan. Bu narxda tushum 20,2 mln dollarga teng bo‘lgan va umumiy summaning 41,9 foizini tashkil etadi. Kilogrammiga o‘rtacha 5 dollar va undan yuqori narxda 1,46 mln dollarlik 239 tonna gilos eksport qilingan va uning ulushi bor-yo‘g‘i 3,1 foiz. Haqqoniy narx bilan qilingan eksport o‘rtasidagi yo‘qotish 50,9 mln dollarga teng bo‘lmoqda.

Bu holni nektarin, xurmo kabi mevalar, poliz mahsulotlari eksportida ham ko‘rish mumkin.

Eksportchilar nima deydi?

Biz bu borada qator yillardan buyon «Caravan Gardens» brendi ostida meva va sabzavotlar eksporti bilan shug‘ullanib kelayotgan «Zangiota Tomorqa Xizmati Export» MChJ rahbari Jamshid Abdullayev bilan suhbatlashdik. U ayni damda Oksford universitetining biznes maktabida Executive MBA dasturi bo‘yicha o‘qimoqda.

— Ko‘p yillardan buyon Rossiya Federatsiyasi va BAAdagi riteylerlik tarmoqlariga O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalar va sabzavotlarni eksport qilamiz. Biz yetishtirilgan mahsulotlarni tomorqalardan naqd pulga sotib olamiz, bu haqda hukumat qarori bor va bu biz uchun yaratilgan juda katta qulaylik.

Jamshid Abdullayev. Foto: kun.uz

Yiliga 5 mln dollarlik mahsulot eksport qilamiz. Albatta, ko‘rilayotgan choralar biz kabi firmalarga ta’sir qilmaydi, chunki biz narxlarni pasaytirib ko‘rsatmaymiz. Shaxsan men bu chiqqan hukumat qarorini nohalol eksportchilarga qarshi kurash sifatida talqin qildim.

Bu sohada bartaraf etilishi, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan qanday muammolar bor?

—Bu borada so‘nggi yillarda kuzatilayotgan uchta muammoni sanab o‘tgan bo‘lardim.

Birinchisi — nohalol eksportchilar tomonidan narxlarning sun’iy pasaytirib ko‘rsatilishi. Ular asosan bozorlarga tovarni olib chiqishadi. Shu sababli narxlarni past belgilashga harakat qilishadi. Ular shunday qilinsa Rossiyaga kamroq QQS to‘laymiz, deb o‘ylashadi. Aslida, Rossiya Federal bojxona xizmati ham narxlar bozordagi joriy narxlar yoki tarixdagi narxlarga nisbatan nihoyatda pasaytirib yuborilganini ko‘rib, o‘z bazasidagidan ham yuqoriroq narxga ko‘ra QQS to‘lashga majburlashadi. Bundan faqat O‘zbekiston yutqazadi, chunki yurtimizga kelishi mumkin bo‘lgan valutadan kamroq tushum bo‘ladi. Rossiyaning ulgurji savdo qiluvchi firmalari ham shunday yo‘l tutishadi: ular arzonroqqa olib, qimmatroqqa sotishni ko‘zlashadi.

Ikkinchi muammo shundan iboratki, biz mevalarni juda erta — xomligida uzamiz. Yaqqol misol — xurmo. Fermerlarimiz va uy xo‘jalikdagi dehqonlarimiz hali “g‘o‘ra” bo‘lgan mevani avgust oyidanoq uzishi qayg‘uli. Aslida xurmo oktyabr oylarida pishib yetiladi. Bunday mahsulotlar Rossiyaga yetib borib chiqitga aylanadi, boz ustiga ularning narxlari avvaldan juda past belgilanadi.

Boshqa mevalar bilan ham shunday. Bizda ko‘pchilik “rossiyalik iste’molchining oldiga nima oborilsa, yeb ketaveradi, istagan meva-chevaga to‘lashga tayyor” deb o‘ylashadi. Aslida Rossiyada meva-sabzavotlar taklifi juda katta, hattoki narxi biznikidan arzon, sifati va ko‘rinishi biznikidan chiroyliroq mevalar butun dunyodan kirib keladi.

Mevani «meniki birinchi bozorga kirsin», deb shoshma-shosharlik bilan, xom-xatala uzib olib borgandan so‘ng uning mazasi bo‘lmaydi. Ayniqsa, xurmo, nektarin kabi mevalarda. Bozorlarda iste’molchilar ularni bir yeb ko‘rgach, afti burishib ortiq sotib olmay, rastalarda chiriy boshlaydi. Keyinroq pishib yetilgan chog‘da olib borganimizda, bozordagi narxlar tushib ketgan bo‘ladi.

Masalan, ozarboyjonliklar o‘z mahsulotlarini yetiltirib, so‘ngra olib kirishadi va doim biznikiga nisbatan 2-3 barobar qimmatga sotishadi.

O‘zimizda xom mevalarni eksportga chiqarishni taqiqlash haqida ham o‘ylab ko‘rilsa bo‘lardi. Janubiy Amerika davlatlarida har bir mevaga ixtisoslashgan kooperatsiyalar bor. Ular o‘zlari ixtisoslashgan mevalarning to‘liq pishib yetilishini nazorat qilishadi.

Uchinchi muammo. So‘nggi paytlarda, so‘nggi 2-3 yilda Rossiya Federatsiyasi fitosanitariya nazorati juda ko‘plab hollarda O‘zbekistonda yetishtirilib import qilinayotgan mevalarning ichida «vostochnaya plodojorka», ya’ni «sharq mevaxo‘ri» deb nomlangan qurt topmoqda. Shuningdek, xurma mevalari ichidan «muchnistiy komstok» degan qurt chiqmoqda.

O‘zbekiston fitosanitariya nazorati keyingi yillarda ko‘plab tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ammo bu yerda ham qars ikki qo‘ldan chiqishi kerak. Bu faqatgina fitosanitariya nazoratining majburiyati emas, meva-sabzaot yetishtirayotgan dehqonlarda ham o‘z mahsulotini oliy navli qilib yetishtirish majburiyati ham bor. 

Buning uchun bahor-yoz oylarida pishib yetiladigan mevalarni kuzda, qishda, bahorda parvarishlab, dorilash kerak.

To‘g‘ri, deqonchilikning yuki og‘ir. Lekin ayrim dehqonlarimiz, «mana, daraxtni ekib qo‘yganman, terib ketib, sotaversin» qabilida ish ko‘rishadi. Lekin biz eksportchilar o‘sha mahsulotlarni Rossiyaga eltganimizda ichidan qurt chiqsa, butun tovarni yo‘q qilib yuborishga to‘g‘ri keladi.

Gilos ayniqsa eng xavfli meva. Chunki u qimmat tovar. Uning ichidan qurt chiqsa 70-80 ming dollarga dehqondan naqd pul evaziga sotib olingan mahsulot havoga uchadi — eksportchining sho‘riga sho‘rva to‘kiladi. 

Ayrim hollarda Rossiya bundan qurol sifatida ham foydalanadi. Mahsulot eksport qilayotgan davlatlarga siyosiy bosim o‘tkazish uchun. Ko‘pincha Turkiya bunday bosimlarga duchor bo‘ladi. Yaqqol misol, yaqinda Ekvador bananlaridan ham qurt «topildi». 

Aytmoqchimanki, har qanday davlat bu borada siyosiy bosim o‘tkazmasligi uchun ham fitosanitariya nazoratiga ham e’tibor kuchaytirish kerak. Dehqonlarimiz fitosanitarlar bilan uchrashib, birgalikda dastur qilib, zararkunanda parazit hasharotlarga qarshi kurashishi kerak. Bu umummamlakat miqyosida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ish. Bizning sarxil mevalarimiz alal-oqibatda yaroqsiz, eksportbop bo‘lmagan holatga kelishini hech kim xohlamaydi.

Xitoy bozoriga kira olmayotganimizning asosiy sababi ham shu. Xitoy mahsulotning tozaligiga juda katta e’tibor beradi. Fumigatsiyani talab qiladi. Fumigatsiya qilinsa gilosning bandi qorayib qoladi.

Oksforddagi o‘qishingiz haqida ikki og‘iz so‘zlab bersangiz.

— Oksford biznes maktabida o‘qishdan maqsadim — bu borada yangi bilimlarga ega bo‘lish, faqat Rossiyaga bog‘lanib qolmasdan, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yangi hamkorlar topib, yangi bozorlarga yo‘l ochish. Ayni paytda Malayziya, BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni va boshqa Yaqin Sharq davlatlariga shartnomalar ustida ishlamoqdamiz.

Yangi tizim qanday ishlaydi?

Aynan shu sababli 2023 yilda ba’zi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining haqqoniy qiymatini belgilab, valuta tushumini ta’minlash bo‘yicha takliflar berilgan.

Xullas, 2024 yil 1 maydan boshlab O‘zbekistondan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi joriy etilmoqda.

Bu Vazirlar Mahkamasining «Respublikada meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

O‘zbekiston 2023 yilda 1,7 mln tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan. Foto: shutterstock.com

Tavsiya etilgan minimal eksport narxlari belgilanadigan meva-sabzavot mahsulotlari ro‘yxati Savdo-sanoat palatasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi takliflariga asosan Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Tavsiya etilgan minimal eksport narxlari esa quyidagi ma’lumotlarga asoslanib belgilanadi:

  • O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalaridan olingan tashqi bozordagi narxlar;
  • ommaviy axborot vositalari (shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘idagi ochiq manbalar) va axborot-tahliliy nashrlarda e’lon qilingan narxlar;
  • tashqi savdo kompaniyalari hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining xorijdagi vakolatxonalaridan olingan eksport narxlari;
  • mahalliy va xorijiy treyder hamda sorsing kompaniyalarga yuboriladigan so‘rovlar asosida olingan narxlar;
  • meva-sabzavot mahsulotlarining tannarxi, ichki bozordagi ulgurji va chakana narxlar.

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxi hukumat komissiyasi tomonidan belgilanganidan 20 foizdan ortiq past bo‘lmasligi kerak. Aytaylik, ertapishar gilosning narxi kilogrammiga 50 000 so‘m qilib tavsiya etilgan bo‘lsa, 40 000 so‘mdan kam narx belgilash mumkin emas.

Agar narxlar belgilanganidan ortiq pasaytirilgani aniqlansa, Bojxona qo‘mitasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha 24 soat ichida elektron axborot almashinuvi tizimi orqali Soliq qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beriladi.

Tizimda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Eksport shartnomalarni tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi (YaTSOAT — YeEISVO)da ro‘yxatga olinishi asnosida, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar o‘rtacha belgilangan narxlarda past bo‘lmagan tartibda ro‘yxatga olinishi nazarda tutilmoqda.

Shartnomalar YeEISVO tizimida ro‘yxatga olish jarayonida eksport mahsulotlari belgilanadi. YeEISVO tizimi Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligiga yuklatilganini inobatga olib, amaldagi tartibga ham o‘zgartirish kiritiladi.

Eksport shartnomalari tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Foto: shutterstock.com

Eksport qilinayotgan mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida haqqoniy bojxona qiymati aniqlanadi. Bunda mahsulotlarning o‘rtacha bozor qiymatidan kelib chiqib, bojxona rasmiylashtirish jarayonida faktura qiymati belgilanadi.

Bu choralarni amaliyotga tatbiq etish uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 12 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2018 yil 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlariga ham o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda.

Albatta, bu sohada halol ishlayotgan, O‘zbekistonga valuta tushumi tushirish bilan birga, o‘z biznesini shaffof olib borayotgan tadbirkorlar ham talaygina. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, yaratilgan sharoitlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganlar ham bor. O‘ylaymizki, belgilanayotgan choralar sohani barbod qilishga emas, ana shunday qing‘irliklarga yo‘l qo‘yayotgan tadbirkorlarni halol ishlashgagina yo‘naltiradi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid