Isroilda hukumatga qarshi yangi namoyishlar bo‘lib o‘tdi
Quddusdagi parlament binosi oldida yig‘ilganlar Isroilda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qildi.
31 mart, yakshanba kuni o‘n minglab isroilliklar o‘ng qanot konservativ bosh vazir Benyamin Netanyahu boshchiligidagi hukumat siyosatiga norozilik bildirish uchun yana ko‘chalarga chiqdi. Mahalliy matbuotning yozishicha, minglab namoyishlar, xususan, Quddusdagi parlament binosi – Knesset yaqinida bo‘lib o‘tgan.
Namoyishchilar hukumat iste’fosi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini, shuningdek, HAMAS jangchilari tomonidan garovga olinganlarni tezda ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilishini talab qildi. Quddusdagi norozilik namoyishi, ta’kidlanganidek, G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri eng yirik namoyishga aylandi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, Knessetda 100 mingdan ortiq odam yig‘ilgan, OAV esa «o‘n minglab» ishtirokchilar haqida yozmoqda.
Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid namoyishda nutq so‘zlab, Netanyahuni keskin tanqid qildi. U bosh vazirni Isroilning AQSh bilan munosabatlarini buzishda va HAMAS garovga olganlarni taqdir hukmiga tashlab qo‘yganlikda aybladi. Netanyahu «hamma narsani siyosat uchun qiladi, mamlakat uchun hech narsa qilmaydi», dedi Lapid.
Netanyahu: Erta saylovlar HAMAS foydasiga ishlaydi
Isroil bosh vaziri o‘ziga nisbatan tanqidni qat’iyan rad etdi. «Hozir, urush avjida, g‘alabaga bir necha daqiqa qolganda saylovlarga chaqiriqlar Isroilni kamida olti oy, mening hisobimcha, sakkiz oy davomida falaj qiladi», dedi Netanyahu.
Uning so‘zlariga ko‘ra, erta saylovlar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarni ham falaj qiladi. Bu «qo‘yilgan maqsadlarga erishishdan oldin urushning tugashiga olib keladi» va shu tariqa HAMAS qo‘liga o‘ynaydi, deya ta’kidladi bosh vazir. Shu bilan birga, Netanyahu barcha garovga olinganlarni vataniga qaytarishga va’da berdi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
15:10
Isroil G‘arbiy sohildagi UNRWA markazini butunlay vayron qildi
20:27 / 03.11.2024
Isroil «Hizbulloh»ning yuqori martabali a’zosi qo‘lga olinganini e’lon qildi
20:27 / 02.11.2024
Isroilda razvedka ma’lumotlarining sizib chiqishiga aloqadorlar ushlandi. Ular orasida Netanyahuning yordamchisi ham bor
15:30 / 02.11.2024