Armaniston poytaxti Yerevan markazidagi Respublika maydonida 9 may, payshanba oqshomida o‘tkazilgan mitingga 20 mingdan ortiq odam yig‘ildi, deb xabar bermoqda mahalliy telegram-kanallari. Namoyishchilar Armaniston hukumatining Ozarboyjon bilan chegarani demarkatsiya qilishga kelishib olgani munosabati bilan bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qildi.

Mahalliy pabliklar va ommaviy axborot vositalari ta’kidlaganidek, norozilik mitingida ko‘pchilikni Arman Apostol cherkovi Tavush yeparxiyasi rahbari, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan boshchiligidagi «Vatan uchun tavush» harakati tarafdorlari tashkil etdi. Miting chog‘ida u namoyishchilar «bo‘ysunmaslik harakatlari» boshlaganini va Pashinyanda bosh vazirlikdan ketishi uchun bir soat vaqt borligini aytdi. Belgilangan muddat Moskva vaqti bilan soat 19:00 da tugadi. Pashinyan uchrashuv o‘tkazish va iste’foga chiqish haqidagi talablarga javob bermadi. Shundan so‘ng, arxiyepiskop Milliy assambleyada (Armaniston parlamenti) impichment orqali bosh vazirning iste’fosini talab qilishini ma’lum qildi.

Galstanyan maydonda qolishga qaror qildi va barchani undan o‘rnak olishga chaqirdi. «Biz kechiktirmaymiz, aniq harakatlar qilamiz va natijalarga erishamiz, faqat birgalikda», dedi arxiyepiskop namoyishchilarga. 

Yerevan 4 ta hududiy birlikni Bokuga boy berdi 

Avvalroq Armaniston tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Boku chegaraning alohida uchastkasi bo‘yicha demarkatsiya, jumladan, Tavush viloyati va Ozarboyjonning shimoli-g‘arbiy G‘azax viloyati o‘rtasidagi to‘rtta qishloqning hududiy mansubligi haqida kelishib olganini ma’lum qilgandi. 1990-yillarning boshidan bu hududlar Armaniston tomonidan nazorat qilingan, biroq 2020 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy mojaro natijasida ular Ozarboyjonga o‘tadi. 

Mahalliy aholi bu qarorga keskin qarshi chiqdi va norozilik namoyishini boshladi. Yerevan markazidagi mitingda namoyishchilar 4 may kuni boshlab, chegaradagi Kirans qishlog‘idan chiqib, 9 may kuni poytaxtga yetib borgan yurish yakunlandi. Xususan, namoyishchilar M6 magistralining Armaniston-Ozarboyjon chegarasiga yaqinroq joylashgan Voskepar qishlog‘iga olib boradigan qismini to‘sib qo‘ydi. 

May oyi boshida Armaniston hukumati qishloqqa kirishni to‘sdi va bir necha o‘nlab namoyishchilarni qo‘lga oldi. Shundan so‘ng, VVS ta’kidlashicha, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan «Vatan uchun tavush» norozilik marshini e’lon qilgan.