Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda xalqaro maktab tashkil etishni rejalashtirmoqda
Saudiya Arabistoni kompaniyasi O‘zbekistonda xalqaro maktab tashkil etish imkoniyatlari bilan tanishmoqda.
O‘zbekiston elchisi Nodir Turg‘unov Saudiya Arabistonidagi Al Faris International kompaniyasi raisi Osama bin Solih bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda ta’lim sohasida yangi innovatsion o‘quv dasturlarini tatbiq etish, xususiy xalqaro maktablar filiallarini ochish va o‘qituvchilar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Osama bin Solih so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida oliy va yuqori darajadagi tashriflar sonining oshganini, savdo hajmi ko‘payganini va Saudiya sarmoyalarining misli ko‘rilmagan darajada oshib borayotganini qayd etdi. U o‘zi boshqarayotgan Al Faris International kompaniyasi ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘qitish sifatini yaxshilash, o‘quvchilar bilimini oshirish yo‘nalishida ish olib borishini bildirdi.
Kompaniya sarmoyasi bilan tashkil etilgan xalqaro maktablar dunyo mamlakatlari xalqaro standarti IBO’ga asosan faoliyat olib bormoqda. Ular Saudiyadagi maktablar orasida eng yuqori o‘rinlarda turadi.
Mamlakat elchisi shu kabi maktablarni O‘zbekistonda ochish, o‘quvchilar bilimini har tomonlama yaxshilash va o‘qituvchilarning malakaviy ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish taklifini bildirdi.
Saudiya tomoni ushbu taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, bu borada barcha imkoniyatlar mavjudligini bildirdi. "Biz yuz foiz o‘z kapitalimiz asosida yoki o‘zbekistonlik sheriklar bilan xalqaro maktablarni tashkil etishga tayyormiz. Ushbu maktablarda xalqaro standartlarga mos ravishda ta’lim beriladi, o‘qish xorijiy va mahalliy til qat’iy talabi asosida olib boriladi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalari ham tashkil etiladi. Bunda 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga maktabga tayyorgarlik bo‘yicha kuchaytirilgan darslar o‘tiladi", dedi u.
Uchrashuv yakunida Al Faris International kompaniyasi delegatsiyaning O‘zbekistonga safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Mavzuga oid
15:56 / 08.10.2024
Tug‘uruqxonalardagi o‘limni qanday kamaytirish mumkin? – Saudiyada ishlayotgan o‘zbek shifokori bilan suhbat
14:30 / 01.10.2024
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Saudiya investitsiyalar vaziri bilan muzokara o‘tkazdi
19:43 / 29.09.2024
Saudiya Arabistonida 2024 yilda qancha inson qatl etilgani ma’lum bo‘ldi
12:40 / 27.09.2024