19:22 / 20.05.2024
40228

Ibrohim Raisiy - u Eronning bo‘lajak oliy rahnamosi sifatida ko‘rilardi

19 may kuni vertolyot halokati oqibatida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vafot etdi. U 2021 yilda davlat rahbari lavozimiga saylangandi, ko‘pchilik 63 yoshli Raisiyni mamlakat oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiyning bo‘lajak vorisi sifatida ko‘rardi.

BBC Ibrohim Raisiyning hayoti va faoliyatining eng asosiy voqealariga nazar tashladi.

Konservativ ruhoniy

Kutilmaganda prezidentlikka nomzodini qo‘ymagunicha Ibrohim Raisiy eronliklarning ham ko‘pchiligiga yaxshi tanish emasdi.

O‘sha vaqtda 56 yoshda bo‘lgan konservativ diniy arbob islom huquqi bo‘yicha doktorlik darajasiga ega edi. Sud tizimidagi faoliyati davomida yuqori lavozimlarni egallaganiga qaramay, Raisiy soyada edi.

Eronning bo‘lajak prezidenti 1960 yilda Mashhad shahrida tug‘ilgan, 15 yoshida u Qum viloyatidagi mamlakatning eng nufuzli diniy madrasasiga o‘qishga kirgan, besh yil o‘tib, Islom inqilobidan keyin darhol sud tizimida ishlay boshlagan.

Raisiy 25 yoshidayoq poytaxt Tehron prokurori o‘rinbosariga aylanadi. Keyinroq u sud tizimi rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlanagan.

Ibrohim Raisiy 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. O‘sha yilgi saylovlarda u Hasan Ruhoniyga yutqazadi.

«O‘lim komissiyasi»

1988 yilda Raisiy «o‘lim qozilari» deb atalgan qo‘mitadagi to‘rt hakamdan biri bo‘lgan. Bu komissiya qamoq muddati yakunlanganidan keyin Eron qamoqxonalarida qatl etilgan minglab muxolifatchilarning taqdirini hal qilgandi.

Bunday qatllar — inqilobdan keyingi Erondagi taqiqlangan mavzulardan biri bo‘lib, hech qachon rasman tekshirilmagan.

Eronning sobiq prezidenti Hasan Ruhoniy Eron davlat televideniyesidagi saylovoldi debatlarida bu mavzuni ko‘tarib, ko‘pchilikni hayratda qoldirgandi.

Ruhoniyning so‘zlariga rasmiy munosabat bildirilmagan bo‘lsa-da, uning izohlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, ko‘pchilik eronlik yoshlar bexabar bo‘lgan epizod birdaniga omma e’tiboriga tushdi.

2021 yilgi prezidentlik saylovlarida Raisiy Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy tomonidan qo‘llovga ega bo‘ladi

Bo‘lajak oliy rahnamo edimi?

Ibrohim Raisiy butun faoliyati davomida Eronning konservativ elitasi bilan yaqin shaxsiy aloqalarni saqlab qolgan. U Eronning hozirgi oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiyning qo‘lida o‘qigan va Islom inqilobi muhofizlari korpusidagi muhim figuralarga yaqin bo‘lgan.

2016 yil martida Raisiy Eronning eng muhim va boy diniy jamg‘armalaridan biri — «Astan Quds Razaviy»ga rahbar etib tayinlanadi, unga mamlakatdagi shialarning eng muqaddas ziyoratgohi — o‘zi tug‘ilib o‘sgan Mashhad shahridagi imom Rizo maqbarasini nazorat qilish vazifasi yuklangandi.

Bu lavozimga tayinlanish juda katta obro‘ va ta’sir doirasiga ega bo‘lishni anglatardi. O‘shanda ko‘plab kuzatuvchilar Raisiyni oliy rahnamoning bo‘lajak vorisi sifatida tayyorlashayotgani haqida xulosaga kelishgandi.

Raisiy shuningdek kelgusi oliy rahnamoni saylashga mas’ul bo‘lgan, 88 nafar a’zodan iborat diniy organ — Ekspertlar
assambleyasi raisi o‘rinbosari etib saylanadi.

Rafiqasining karerasi

Raisiyning rafiqasi — Shahid Behishti nomidagi Tehron universiteti professori
ATTA KENARE/AFP

Ibrohim Raisiyning shaxsiy hayoti to‘g‘risida ko‘p narsa ma’lum emas, faqat saylovoldi kampaniyasi chog‘ida ayrim tafsilotlar ochiqlangan. Uning turmush o‘rtog‘i Jamila Alamolhoda — Shahid Behishti nomidagi Tehron universiteti professori hisoblanadi, ularning ikki qizi bor.

Ayol saylovchilar ovozini o‘ziga jalb etish uchun Raisiy saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bir necha bor o‘z rafiqasi haqida gapirgan, uning o‘qishini qo‘llab-quvvatlagani hamda ish tufayli uyda bo‘la olmaganida kechki ovqatsiz qolishga ham tayyor bo‘lgani haqida aytgandi.

Uning bunday so‘zlari tarafdorlari tomonidan yaxshi qarshi olingan, ammo muxoliflari uni masxara qilishgandi.

Raisiyning qaynotasi — oyatulloh Ahmad Alamolhoda — Mashhaddagi ultrakonservativ qarashlari bilan tanilgan imomlardan bo‘lgan. U shaharda hech qachon musiqa konsertlari o‘tkazilmasligini talab qilgan.

Oddiy eronliklar nomzodi

Raisiyni xarizmatik notiq deb bo‘lmaydi — 2021 yil saylovoldi debatlaridagi ishonchsiz chiqishlaridan keyin ham bu borada ko‘p narsa o‘zgarmagan, ammo telegram va instagramda uning imiji ustida yaxshi ish olib borilishi uning kampaniyasi atrofida katta shov-shuv ko‘tarilishi hamda uning saylovoldi mitinglariga behisob odamlar kelishini ta’minlaydi.

Butun saylovoldi kampaniyasi davomida Raisiy o‘zini Eron inqilobining konservativ qadriyatlarini himoya qiladigan, kambag‘allar va kam ta’minlangan oilalarga g‘amxo‘rlik qiladigan va o‘sib borayotgan yashash xarajatlarini qoplashga yordam beradigan nafaqalarni qaytaradigan, oddiy eronliklar nomzodi sifatida taqdim etadi.

Bu va’dalar qashshoqlik, ishsizlik va inflatsiya bilan kurashayotgan millionlab eronliklarda uning raqibi bergan islohotlar va o‘zgarishlar to‘g‘risidagi mo‘’tadilroq va’dalardan ko‘ra yaxshiroq taassurot qoldiradi.

Isroilga qarshi va Rossiya taraf siyosat

So‘nggi yillarda Ibrohim Raisiy doimiy ravishda Isroil va G‘arbga qarshi keskin pozitsiyani egallab kelgandi.

2022 yil aprelida Raisiy agar Eron bilan munosabatlarda «kichik bo‘lsa ham dushmanlik qadami» tashlagudek bo‘lsa, Isroil Eron qurolli kuchlari uchun nishonga aylanishi haqida ogohlantirgandi.

O‘sha yil sentabridagi intervyusida esa u tarixiy Avraam kelishuvlarini (Isroil va arab davlatlari munosabatlarini normallashtirish haqida 2020-2021 yillarda Donald Tramp vositachiligida imzolangan kelishuvlar seriyasi) tanqid qilgandi.

2022 yil martida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, Raisiy Tehronning Moskva bilan yaqinlashuvini dastaklaydi, bu yaqinlashuv esa Rossiyaga Eron qurollari yetkazib berilishiga olib keladi.

Raisiy Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotini qoralab, Isroilni G‘arb davlatlari qo‘llovi ostida falastinliklarni genotsid qilishda ayblagan.

2023 yil dekabrida Raisiy 1988 yilda «o‘lim komissiyasi» hakami bo‘lganida mahbuslar qiynoqqa solingani va o‘ldirilgani bilan bog‘liq ayblov tufayli Jyenevaga safarini bekor qilgandi.

Mavzu
Ibrohim Raisiyning halokati
19 may kuni vertolyot halokati oqibatida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vafot etdi. U 2021 yilda davlat rahbari lavozimiga saylangandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top