Jahon | 15:41 / 23.07.2024
4083
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Eron Kaspiy dengizida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

Kaspiy dengizida Rossiya-Eron qutqaruv mashg‘ulotlari davomida shikastlangan kemalarga yordam ko‘rsatish va ularni tortib kelish amaliyoti o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Foto: TASS

Rossiya va Eron Kaspiy dengizida qo‘shma mashg‘ulotlarni boshladi. Mashqlarda Kaspiy flotiliyasining «SB-45» qutqaruv kemasi ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi 22 iyul, dushanba kuni Telegram’da. 

Mashqlar davomida «shartli shikastlangan kemaga yordam ko‘rsatish, suvda ekipajni qidirish va qutqarish», shuningdek, «favqulodda kemani tortib kelish mahorati» ishlab chiqilmoqda, deb ta’kidladi Rossiya idorasi. Bayonotda, shuningdek, «SB-45» buksiri boshqa narsalar qatori, kemalar va qirg‘oq inshootlaridagi yong‘inlarni o‘chirish, odamlarni evakuatsiya qilish, 60 metrgacha chuqurlikda sho‘ng‘ish ishlarini bajarish, dengiz yuzasidan neft mahsulotlarini yig‘ish, qidiruv va tadqiqot ishlarini bajarishga mo‘ljallangani aytiladi.

Tehron: ishtirokchilar orasida Qozog‘iston, Ozarboyjon va Turkmaniston bor

O‘z navbatida, Tehron Rossiya Federatsiyasi bilan qo‘shma manyovrlar dasturiga taktik mashqlar, qutqaruv operatsiyalarini o‘rgatish va qaroqchilarga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar kiritilganini ma’lum qildi. Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarda Islom inqilobi muhofizlari korpusining harbiy kemalari ishtirok etmoqda, dedi Eron harbiy-dengiz kuchlari vakili «ISNA» agentligiga.

Ayni paytda eronlik kapitan Abbos Hasaniyning Mehr nashriga aytishicha, manyovrlardan maqsad mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va ishtirokchi davlatlarning qidiruv-qutqaruv ishlariga tayyorligini oshirishdir. Ular Eron tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, boshqa ishtirokchilar orasida Qozog‘iston, Ozarboyjon va Turkmaniston harbiylari ham bor. 

Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi iyul oyida Eron, Rossiya va mintaqadagi boshqa davlatlar ishtirokida Kaspiy dengizida ko‘p tomonlama qutqaruv mashg‘ulotlari o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. «Kaspiybo‘yi davlatlari o‘rtasidagi dengiz hamkorligi doimiy va do‘stona xarakterga ega», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid