18:47 / 20.05.2024
3949

Islom moliyasi vositalari – tashqi qarz yukini yumshatish yo‘li

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda innovatsion yondashuv – islomiy moliya vositalaridan foydalanish iqtisodiy faollikni va inklyuziv o‘sishni rag‘batlantiradi, uzoq muddatli investitsiyalarni, xususan xorijiy sarmoyalarni ko‘proq jalb qilish imkonini beradi.

Tashqi qarz, agar to‘g‘ri yo‘naltirilsa, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadi. Shuning uchun jalb qilinadigan resurslarni oqilona boshqarish, loyihalarni puxta tanlash, qarz olish va kreditlash amaliyotini yaxshilash hamda bu sohalarda shaffoflikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.

Odatda tashqi qarz davlat tashqi qarzi hamda xususiy sektor tashqi qarziga bo‘linadi. Davlat tashqi qarzi – hukumat tomonidan jalb qilingan yoki uning kafolati ostida olingan tashqi qarzlar. Xususiy sektor tashqi qarzi, o‘z navbatida, davlat majburiyat olmagan qarzlardir.

Qarz yukining oshishi xatari

Qarz – iqtisodiyot va jamiyatlar uchun keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan omil. Masalan, Argentina, Gretsiya va Zambiya kabi davlatlar tashqi qarzlar va ularni boshqarishdagi xatoliklar tufayli juda qiyin iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan.

Argentinaning iqtisodiy muammolari siyosiy beqarorlik, iqtisodiy noto‘g‘ri boshqaruv, valuta inqirozlari va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi kabi omillarning kombinatsiyasidan kelib chiqadi. Yuqori inflatsiya, valuta qadrsizlanishi va daromadlar tengsizligi kabi tarkibiy muammolar mamlakatning qarz muammolarini yanada kuchaytirgan. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu mamlakatda haqiqiy budjet taqchilligi YaIMning 10 foizini tashkil qiladi, davlat qarzi 400 milliard dollardan oshgan, bu nominal YaIMning 80 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Gretsiyada davlatning haddan tashqari ko‘p, maqsadsiz, puxta o‘ylanmagan xarajatlari (budjet sarflari), soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashlar, korrupsiya va iqtisodiy noto‘g‘ri boshqaruv qarz inqirozini kuchaytirdi. Budjet-soliq intizomining zaifligi, davlat qarzining barqaror bo‘lmagan darajasi va tarkibiy islohotlarning yo‘qligi mamlakatning iqtisodiy muammolarini ko‘paytirgan.

Umumiy olganda, qarz yukining noo‘rin kuchayishi odatda barqaror bo‘lmagan qarz olish amaliyoti, noto‘g‘ri moliyaviy intizom va tizimli boshqaruv kamchiliklari, qonun ustuvorligining ta’minlanmasligi hamda yuqori korrupsiya kabi nosog‘lom holatlar tufayli yuzaga keladi.

O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzi yildan yilga ortib borayotgani sir emas. 2023 yilning yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi qarzi 29 mlrd 636 mln dollarni tashkil etgan edi. 2024 yilda jalb etilgan kreditlarni hisobga olganda, qarz miqdori 30 milliard dollardan oshgan. Joriy holat o‘ta xatarli deb baholanmasa-da, xavf-xatarlar yetarlicha (yuqorida keltirilga misollarga o‘xshash). Bu esa inklyuzivlikni ta’minlovchi innovatsion va alternativ yechimlarni talab qiladi. Muqobil moliyalashtirish mexanizmlarini o‘rganish va ularni joriy etish bo‘yicha mamlakatimizda so‘nggi yillarda islohotlar amalga oshirilmoqda, ammo bu kam.

Tashqi qarzga tobelikni kamaytiradigan muqobil yechimlar bormi?

Tashqi qarzning kamayishida va kambag‘allikka qarshi kurashishda Islom moliyasining dunyo moliya bozoridagi o‘rni yildan yilga ortib bormoqda. Shu boisdan qo‘shimcha muqobil moliyalashtirish sifatida, islomiy moliya vositalariga asoslangan davlat-xususiy sherikchilik (DXSh) tizimi orqali infratuzilmalarni innovatsion moliyalashtirish yechimini taklif qilish mumkin.

DXSh – qarzni kamaytirish uchun katalizator

Davlat-xususiy sheriklik – davlat loyihalarini moliyalashtirish va boshqarish uchun davlat tashkilotlari va xususiy korxonalarni birlashtiradigan hamkorlik bo‘lib, bunday sheriklik davlatning tashqi qarzga bo‘lgan talabini kamaytiradi.

Yurtimizda davlat-xususiy sherikchilik asosida bir qator muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirila boshlandi. Misol uchun, Masdar (BAA) kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan quvvatlarni o‘z ichiga olgan bir nechta loyihalar amalga oshirilmoqda.

DXShlarda islomiy moliya: sinergetik yondashuv

Islom moliyasining axloqiy tamoyillarga sodiqligi, boylikni qayta taqsimlashga e’tibor qaratishi, asosiy vositalar bilan ta’minlangani, tavakkalchilikni adekvat taqsimlashga e’tibor qaratishi va real iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirishi uning kengroq manfaatlarga xizmat qiluvchi va inklyuzivlikni ta’minlaydigan moliyaviy tizim ekanini anglatadi.

Shu boisdan ham, Islom moliyasi vositalari qator davlatlarda DXSh loyihalarining samarali ishga tushishida keng qo‘llanmoqda.

Assosiy instrumentlar

Jahon bankining 2017 yildagi “Infratuzilma borasidagi davlat-xususiy sheriklikka islomiy moliyalashtirishni tatbiq etish” nomli hisobotida Islom moliyasi vositalaridan infratuzilma DXShlarini moliyalashtirishda keng foydalanish mumkinligi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan. DXSh sohasida islomiy moliya vositalari shariatga muvofiq moliyalashtirish tizimini shakllantiruvchi asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Bu vositalar mushoraka (qo‘shma korxona), muzoraba (sheriklik), ijara (lizing), sukuk (Islom obligatsiyalari), muzoraba sukuk, istisna va takafulni (islomiy sug‘urta) o‘z ichiga oladi. Mushoraka va muzoraba doirasida foydani taqsimlash shartnomalari davlat organlari va xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlaydi, ijara esa aktivlarni ijaraga berish jarayonini osonlashtiradi, Islomiy obligatsiyalar sifatida xizmat qiluvchi sukuk investorlarga infratuzilma korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va loyiha daromadlaridan daromad olish imkonini beradi. Istisna shartnomalari oldindan kelishilgan shartlar asosida aktivlarni qurish va rivojlantirishni qulaylashtiradi. Takaful orqali loyihalarni amalga oshirishda tegishli moliyaviy xatarlar oldini olishda foydalanish mumkin. Qo‘shimcha ravishda, Islom ijtimoiy moliyasi bo‘lmish naqd pul vaqfini sukuk tamoyillari bilan mujassamlashtirgan moliyaviy instrumentlar ham ijtimoiy ahamiyatga molik ko‘plab loyihalarni moliyalashtirishi mumkin.

Masalan, 2008 yilda Malaysia Airports Holdings Berhad (MAHB) turkiyalik hamkorlar bilan Istanbuldagi Sabiha Gökçen xalqaro aeroportini kengaytirish va ishlatish uchun qo‘shma korxona tuzgan bo‘lib, loyihani moliyalashtirish islomiy moliya tamoyillariga asoslangan. Moliyalashtirishda islom banklari va sukuk (islom obligatsiyalari) emissiyasidan foydalanilgan.

Xuddi shuningdek, MAHB Kuala-Lumpur xalqaro aeroportini rivojlantirish va yangi obektlarni qurish uchun zarur mablag‘larni xususiy sektordan islomiy moliya tamoyillari asosida jalb qilgan. Bunda, Malayziya suveren fondiga tegishli kompaniya aeroport obektlarini xususiy sektordagi hamkorlardan ma’lum muddatga ijaraga olgan.

Normativ-huquqiy asos, ustuvorlik, mavjud amaliyot

Islom moliyasining to‘la-to‘kis amaliyotda joriy etilishi va an’anaviy moliyaviy tizim bilan teng shartlar asosida raqobatga kira olishi uchun birinchi navbatda huquqiy baza yaratilishi zarur.

Islom moliyasi bo‘yicha qonun loyihalarida soliqqa tortish jihatlariga alohida e’tibor berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Islomiy qimmatli qog‘oz – sukuk va yashil sukukning birinchi va keyingi chiqarilishi hamda muomalasini yo‘lga qo‘yish uchun islomiy obligatsiyalar to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqishni tezlashtirish bugungi kunning dolzarb talabidir. Kapital bozori moliya bozorining ozuqasidir, uni islomiy qimmatli qog‘ozlar bilan boyitish foydali bo‘ladi.

Kezi kelganda shuni aytib o‘tish joizki, “Islom moliyasi nega qo‘shni davlatlarda rivojlanib ketmadi?” degan fikrlardan xalos bo‘lishimiz kerak. Islom moliyasi Malayziya, Indoneziya, Qatar, Buyuk Britaniya va boshqa bir qator davlatlarda rivojlanib kelyapti, ular qanday yo‘l tutgan (tutyapti) degan yondashuv bilan harakat qilishimiz zarur. Chunki bu borada yutuqqa erishgan davlatlarning tajribasi va aniq modellari bor. Ulardan foydalanishimiz va tatbiq etishimiz kerak deb hisoblayman. Diniy yoki dunyoviy davlat bo‘lishidan qat’i nazar, islom moliyasining manfaatlaridan bugungi kunda juda ko‘plab davlatlar foydalanmoqda.

Maqsad – moliya bozorining inklyuziv va diversifikatsiyalashgan bo‘lishiga erishish orqali mustahkam moliya bozorini barpo etish. Misol uchun, islomiy moliyalashtirish faoliyati Buyuk Britaniyada 1980-yillarda, London metall birjasi murobaha tamoyili asosida shariatga muvofiq bir kecha-kunduzlik depozit vositalarini taqdim etishi bilan boshlangan. 2004 yilda Germaniya, 2010 yilda Fransiya davlatlari islomiy qimmatli qog‘oz – sukukni joriy qilish islohotlarini amalga oshirib, islom moliyasi uchun soliq, soliqqa tortish masalalarini adolatli, ijobiy hal qildi. O‘rganishlari va tahlillari natijasida 5 million musulmonlar yashaydigan jamiyatda bu narsa zarurligini tushunib, mamlakatda moliya bozorining diversifikatsiya bo‘lishini ta’minladi. Bu imkoniyatlar Turkiya va arab davlatlaridan investitsiya kirib kelishi uchun imkoniyatlar ochdi.

O‘zbekiston aholisi 2024 yilning aprel oyida 37 million kishidan oshdi, aholining 90-95 foizdan ortig‘ini Islom diniga e’tiqod qiluvchilar tashkil etadi. Davlat katta inson resurslariga ega. Aholining kundan kunga talab va ehtiyojlari ortib bormoqda. Islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlariga bo‘lgan talab sezilarli darajada ortgan, bu imkoniyatdan unumli foydalanish kerak. Fintex xizmatlari, boshqa onlayn xizmatlar rivojlanmoqda. Chegara ortidan turib biz kechiktirayotgan imkoniyatlardan boshqalar foydalanishi mumkin.

O‘zbekistonda Islom moliyasi bozorini o‘rganadigan, yangi mahsulotlar va xizmatlar ustida izlanishlar va tadqiqotlar olib boradigan, Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro standartlarni muvofiqlashtiradigan shariat olimlari, qonunshunoslar, Islom iqtisodiyoti-moliyasi ekspertlaridan iborat, O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda islom moliyasi, uning istiqbollarini belgilaydigan markaz tashkil etishga e’tibor qaratish ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Islom moliyasini joriy etishda BAA va Qozog‘iston tanlagan yo‘l kabi, ya’ni erkin Islom moliyasi zonalarini tashkil qilish, Islom moliyasi uchun qulay mustaqil yurisdiksiyani joriy qilishimiz lozim.

Imkoniyatlarni oshirish

Islom moliyasi bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni tayyorlashda ilg‘or davlatlar (Malayziya, Indoneziya, Qatar) bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalarini tashkil etish, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Bank va moliya akademiyasida islomiy moliya bo‘yicha qabul kvotalarini oshirish va ta’lim dasturlarini yanada takomillashtirish, davlat tilida Islom moliyasi bo‘yicha zamonaviy o‘quv dasturlarini tayyorlash muhim. Shu bilan birga, sud idoralari xodimlari, advokatlar va boshqa huquqshunoslar uchun islomiy moliya tamoyillari va operatsiyalariga oid huquqiy ta’lim dasturlarini shakllantirish va mavjudlarini takomillashtirish, huquq sohasi vakillarining malakalarini oshirish, vazirlik va idoralar xodimlari va keng jamoatchilik orasida Islom moliyasi haqida xabardorlik va tushunchani oshirish ham alohida ahamiyatga ega.

Xulosa o‘rnida aytish kerak, davlat-xususiy sheriklikda islomiy moliya vositalaridan foydalanish ko‘plab iqtisodiy manfaatlar, jumladan, qarz yukini kamaytirish, fiskal barqarorlikni oshirish va infratuzilmani rivojlantirishni oshirish imkonini beradi.

Moliyalashtirishning bunday innovatsion yondashuvi iqtisodiy faollikni, ijtimoiy farovonlikni rag‘batlantiradi va uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qiladi, shu bilan birga, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qiladi va xorijiy investorlarni jalb qiladi.

Mohiyatan, islomiy moliyani DXShlarga integratsiya qilish iqtisodiy barqarorlik va inklyuziv o‘sishga yordam beradi va mamlakatning umumiy farovonligiga hissa qo‘shadi.

Iskandar Tursunov,
Toshkent shahridagi Singapur
Menejmentni rivojlantirish instituti
Islom moliyasi mutaxassisi

Top