Jahon | 13:16 / 20.05.2024
5169
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQShning yana uchta mudofaa kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi

Pekin Amerika kompaniyalarini, jumladan Boeing bo‘linmalarini Tayvanga qurol yetkazib berishda aybladi. Vashington Tayvanga qurol yetkazib berilishini isyonkor orol yaqinida XXR harbiy jihatdan kuchayishi bilan izohladi.

Foto: Reuters

Xitoy Tayvanning yangi prezidenti Lay Tsinde inauguratsiyasi fonida Amerika yana uchta mudofaa konserniga qarshi sanksiyalar joriy qildi. «Ishonchsiz korxonalar» ro‘yxatiga Boeing mudofaa va kosmik bo‘linmalari, shuningdek, General Atomics Aeronautical Systems va General Dynamics Land Systems kiradi, deb ma’lum qildi 20 may, dushanba kuni Xitoy Savdo vazirligi. 

Hisobotda aytilishicha, bu AQSh kompaniyalari Xitoy isyonkor provinsiya va o‘zining ajralmas qismi deb hisoblagan Tayvanga qurol yetkazib bermoqda. Bu kompaniyalarga Xitoyga yangi sarmoya kiritish, ularning rahbarlariga esa Xitoyga kirish taqiqlangan. 

AQSh-Xitoy sanksiyalar urushi 

Xitoy yaqinda Tayvanga qurol yetkazib beruvchi Amerika korxonalariga qarshi bir qator sanksiyalar joriy qildi. 2003 yil sentabr oyida Lockheed Martin va Northrop Grumman’ga qarshi jazo choralari qo‘llangan. Yanvar oyida yana beshta Amerika firmasi qora ro‘yxatga kiritildi. 

Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar uzoq vaqtdan beri juda tarang. AQSh prezidenti Jo Bayden Tayvanga Amerika qurollari yetkazib berilishini Pekinning bu isyonkor orolga bosimining kuchayishi, xususan, XXR Tayvan yaqinida havo va dengizdagi harbiy mavjudligini kuchaytirishi bilan izohladi. Shuningdek, AQSh Xitoyga qarshi yangi sanksiyalar kiritmoqda. 

Xitoy Tayvanni o‘zining isyonkor viloyati deb biladi va unga bir necha bor harbiy harakatlar boshlash bilan tahdid qilgan. Shu bilan birga, Tayvan o‘zini mustaqil davlat deb hisoblaydi va Tayvanning yangi prezidenti Lay Tsinde hozircha bu pozitsiyani shubha ostiga qo‘yish niyatida emasligini ochiq aytdi. Tayvan mustaqil davlat sifatida Palau, Tuvalu va Beliz kabi o‘nga yaqin davlat tomonidan tan olingan. Qo‘shma Shtatlar Tayvanni rasman tan olmaydi. Tayvan BMT a’zosi ham emas.

Mavzuga oid