14:58 / 22.05.2024
8711

Netanyahuning orderini qo‘llayotganlar, Zelenskiyning poyoniga yetgan muddati va Gurjistondagi ziddiyatlar - kun dayjesti

O‘tgan kun mobaynida dunyoda sodir bo‘lgan voqealar, hodisalar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirib o‘tamiz.

G‘azodagi vaziyat

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo‘yicha oliy komissari ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Rafahga keng ko‘lamli hujum boshlaganidan buyon majburiy ko‘chirilganlar soni 810 ming kishiga yetgan.

Umuman, Rafahga hujum boshlanganidan buyon G‘azodagi vaziyat tobora og‘irlashib bormoqda. Isroil agressiyasi tufayli halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni o‘sishda davom etmoqda.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, urushning 228-kuniga kelib qamal qilingan eksklavda qurbon bo‘lganlar soni 35 ming 647 kishiga yetgan, yaradorlar 79 ming 852 kishini tashkil qilmoqda.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil qo‘shinlari 5 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazishgan, ularda 85 kishi vafot etgan va 200 kishi yaralangan.

G‘azoda hukm surayotgan ocharchilik tufayli vafot etganlar soni ham 35 taga yetgan. Qurbonlarning eng so‘nggisi uch oylik chaqaloq bo‘ldi.

G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar ham 148 taga yetdi. G‘azo sektoridagi Al-Barij qochqinlar bazasiga Isroil armiyasining havodan hujumi natijasida falastinlik jurnalist Abdulloh an-Najkar halok bo‘ldi.

7 oktyabrdan buyon G‘arbiy Sohil va Al-Qudsda Isroil o‘qlaridan 513 kishi halok bo‘lgan.

Haaga sudi orderi

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi order berishi mumkinligi haqida fikr bildirib, «barcha mamlakatlar Xalqaro jinoiy sud qarorlariga rioya qilishi shart»ligini ta’kidlab o‘tgan.

«Men Xalqaro jinoiy sud prokurorining Yahyo Sinvar, Muhammad Deif, Ismoil Haniya, Benyamin Netanyahu va Yoav Gallantni hibsga olish uchun order berishni so‘rash haqidagi qarorini e’tiborga olaman», — deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Diplomatning ta’kidlashicha, Xalqaro jinoiy sudning vakolati xalqaro huquq bo‘yicha eng og‘ir jinoyatlarni ta’qib qilishdir. «Xalqaro jinoyat sudi nizomini ratifikatsiya qilgan barcha davlatlar sud qarorlarini bajarishga majburdirlar», — deya qo‘shimcha qilgan Borrel.

Eslatib o‘tamiz, 20 may kuni Xalqaro jinoyat sudi bosh prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri va Mudofaa vazirligi rahbarini hibsga olishga order berishni so‘ragan edi. Shuningdek, HAMASning uch nafar yetakchisi ham insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Bu qaror Isroil va Amerika Qo‘shma Shtatlarida qoralandi. Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch xalqaro jinoyat sudidan Netanyahuni hibsga olish uchun order so‘ralganini olqishlagan. Fransiya ham xalqaro jinoyat sudi va uning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan.

Ukrainadagi urush

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ukrainalik harbiylar Rossiyaning «Tsiklon» harbiy kemasi nishonga olingani haqida bayonot berdi. Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha kemaning yo‘qotilganini tasdiqlagani yo‘q.

Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 22800 loyihasidagi «Tsiklon» kichik raketa kemasi 19 mayga o‘tar kechasi anneksiya qilingan Sevastopolga uyushtirilgan hujum asnosida yo‘q qilingan.

20 may kuni kemaning ehtimolli yo‘q qilingani haqida Ukraina harbiy dengiz kuchlari spikeri Dmitro Pletenchuk bayonot bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumotning tasdiqlanishi Qrimda qanotli raketalar tashuvchisi bo‘lgan birorta suvusti kemasi qolmaganidan dalolat beradi. Rossiya qolgan barcha raketa kemalarini Novorossiysk portiga ko‘chirgan.

Rossiyaning «Dose Shpiona» anonim Telegram kanali «Tsiklon»ga ikkita ATACMS raketalari bilan zarba berilganini yozgan. Keyinroq «Astra» o‘zining Sevastopoldagi shoshilinch xizmat manbalariga asoslanib, kema turgan bandargohga uchta raketa kelib urilganini xabar qildi. «Astra» ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida «Tsiklon» cho‘kib ketgan. Ukrainaning «Qrim shamoli» kanali ham sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarga binoan kema aniq nishonga olinganini ta’kidlagan.

Rossiya mudofaa vazirligi 19 may kuni havo hujumidan mudofaa tizimlari Qrim uzra 9 ta ATACMS raketalari va bitta dronni urib tushirganini xabar qilgan edi.

Zelenskiyning prezidentlik muddati

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning fikricha, uning davlat rahbari sifatidagi vakolat muddati hali tugamagan.

«Besh yillik muddatim hali poyoniga yetmadi, chunki mamlakatda harbiy holat davom etmoqda», — degan Zelenskiy Reuters agentligiga bergan intervyusida.

Zelenskiy prezident sifatidagi o‘z faoliyatini baholay olmasligini qo‘shimcha qildi. «Chunki bu etika jihatidan to‘g‘ri emas», — degan u.

Volodimir Zelenskiy 2019 yil aprel oyida Ukraina prezidenti etib saylangandi. U saylovning ikkinchi turida 73,22 foiz jamg‘arib, amaldagi prezident Petro Poroshenko ustidan g‘alaba qozongan edi.

2023 yil noyabrida Oliy Radadagi fraksiya rahbarlari tomonidan imzolangan memorandumga ko‘ra Ukrainada prezidentlik saylovi urush tugaganidan keyingina o‘tkazilishi mumkin. Ukraina Markaziy saylov komissiyasi raisi Oleg Didenko harbiy holatni inobatga olgan holda Ukraina rahbarining 20 maydan keyingi vakolatlari avtomatik ravishda yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar uzaytirilishini aytgan. Buni adliya vaziri Denis Malyuska ham tasdiqlagan.

Garchi Zelenskiyning davlat rahbari sifatidagi vakolati rasman 20 may kuni tugagan bo‘lsa-da BMT uni Ukraina prezidenti deb hisoblashda davom etadi, degan BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik.

«Prezident Zelenskiy biz uchun Ukraina davlat rahbari va bosh kotib Ukraina rahbari bilan bog‘lanish zarurati tug‘ilganda muloqot qiladigan shaxs bo‘lib qoladi», degan Dyujarrik.

Taktik yadro qurollari bilan mashg‘ulot

Rossiya Mudofaa vazirligi taktik yadro qurollari bilan mashg‘ulotlar boshlanganini e’lon qildi. Mashg‘ulotlar «g‘arb rasmiylarining Rossiyaga qarshi provokatsion bayonotlari va tahdidlariga javoban» o‘tkazilmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra qo‘shinlar nostrategik yadro qurollarini tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni Janubiy harbiy okrugda boshlagan.

Ushbu bosqich doirasida okrug tuzilmalari «Iskander» operativ-taktik raketa majmuasi uchun o‘q-dorilarni qabul qilish, shuningdek, raketalarni uchirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun yashirin ravishda pozitsiya zonasiga o‘tish amaliyotini bajaradi.

Mashg‘ulotlar davomida Rossiya Aerokosmik kuchlarining aviatsiya qismlari o‘z navbatida «aviatsiya qurollarini» maxsus jangovar bo‘linmalar, shu jumladan «Kinjal» gipertovushli raketalari bilan jihozlashni va belgilangan patrul hududlariga uchishni mashq qiladi.

Rossiya gaziga cheklov

Yevropa Ittifoqi Rossiya tabiiy gazi va suyultirilgan tabiiy gazini birgalikdagi xaridlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi.

Yevropa Ittifoqi kengashi blok davlatlari tomonidan gazni birgalikdagi xarid qilish mexanizmida Rossiya va Belarus ishtirok etmasligi to‘g‘risidagi deriktivani ma’qullagan. Ukrainaga ochilgan urushga javoban ishga tushirilgan mexanizmga ko‘ra, gaz omborlariga haydalayotgan gazning 15 foizi to‘g‘ri keladi. Cheklovlar quvur orqali haydaladigan tabiiy gazga ham, suyultirilgan tabiiy gazga ham taalluqli.

Seshanba kuni Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan qabul qilingan hujjatga ko‘ra, tabiiy gaz, suyultirilgan tabiiy gaz va vodorodning ichki bozorlar uchun umumiy qoidalari joriy etiladi, shuningdek, Yevropa Ittifoqining gazga oid qonunchiligini isloh qilish nazarda tutilgan.

Endi davlatlar «o‘zlarining xavfsizlikka doir muhim manfaatlariga daxl qilinadigan o‘rinlar»da Rossiya va Belarus orqali keladigan gazga nisbatan quvvatlar zaxirasini cheklash vositasiga ega bo‘lishmoqda.

Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya gazidan to‘liq voz kechish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan. Hozircha «Gazprom» 5 ta quvurdan ikkitasidan, hattoki Ukraina hududi orqali Yevropaga gaz yetkazishda davom etmoqda. Suyultirilgan tabiiy gaz xaridi hajmi esa Ukrainadagi urush yillarida hattoki o‘sgan.

Gurjistondagi ziddiyatlar

Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasi Gurjistonning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunini o‘rganib chiqdi va uning «asosiy kamchiliklarini» ko‘rsatdi.

«Qonun orqali demokratiya uchun» Yevropa komissiyasi Gurjiston hukumatiga «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishdan voz kechishni «qattiq tavsiya qildi».

Qonunning hozirgi ko‘rinishidagi «asosiy kamchiliklari» uyushmalar va so‘z erkinligi, shaxsiy daxlsizlik huquqi, jamoat ishlarida ishtirok etish huquqi uchun «katta salbiy oqibatlarga olib keladi», deyiladi komissiya xulosasida.

«Go‘yoki ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan qonun xorijdan o‘z mablag‘larining ozgina qismini ham oladigan uyushmalar va ommaviy axborot vositalarini qoralash, ovozini o‘chirish va oxir-oqibat tugatish xavfiga olib keladi», deb ta’kidlaydi Yevropa Ittifoqi komissiyasi.

Ekspertlarning fikricha, Gurjiston hukumatini tanqid qiluvchi uyushmalar va ommaviy axborot vositalari zarar ko‘radi, bu esa mamlakatdagi plyuralizm va demokratiyaga salbiy ta’sir qiladi.

14 may kuni Gurjiston parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilgan edi. Yangi qoidaga ko‘ra, moliyasining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari «chet el agenti» sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart.

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili 18 may kuni qonunga veto qo‘ygan, biroq «Gurjiston orzusi» partiyasi parlamentdagi ko‘pchilik ovoz bilan uni chetlab o‘tishi mumkin. 

Top