G‘azoda emlanayotgan bolalar, Qizil dengizdagi hujum va Kongo qamoqxonasidagi ommaviy qochish - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Falastindagi vaziyat
Isroilning G‘azo sektori janubi va shimoliy qismiga qilgan hujumlarida 15 falastinlik qurbon bo‘ldi.
Janubdagi Xon Yunus va Rafah shaharlari va sektorning shimolidagi G‘azo shahriga hujumlar uyushtirilgan.
Xon Yunusdagi «Nosir» shifoxonasiga 13 kishining jasadi keltirilgan. G‘azo shahridagi «Al-Ahliy» baptistlar shifoxonasida yana ikki kishining o‘lgani xabar qilingan. Xabar qilinishicha, G‘azoning Zaytun mavzesida ikkita ko‘chaga raketa yog‘dirilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Falastindagi vakili Rik Peperkornning xabar berishicha, G‘azoda 1 sentabr kuni boshlangan poliomiyelitga qarshi emlash kampaniyasida 161 ming bola emlab bo‘lingan.
«Birinchi kuni 86 ming, ikkinchi kuni 74 ming bola emlangan va kampaniya oldiga qo‘yilgan maqsadga erishilgan», — degan Peperkorn kampaniya davom ettirilishini qayd etib.
Rik Peperkorn bolalarning ko‘pchiligi hozir G‘azo markazida ekanini aytib, emlash kampaniyasining birinchi bosqichida ularning aksariyati qamrab olinadi. Yaqin kunlar ichida 10 yoshgacha bo‘lgan 600 ming bola emlanishi kutilmoqda.
Endi kunlik noxush statistika: G‘azodagi urushning 333-kuniga kelib, Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 40 ming 819 kishiga yetgan. 94 ming 291 kishi yaralangan. So‘nggi sutka ichida 33 kishi halok bo‘lgan, 64 kishi yaralangan.
Isroilning yangi tahdidlari
HAMAS tomonidan garovga olingan olti kishi o‘ldirilganidan keyin Isroilda hamaschilar kelishuv talabi ilgari surilgan keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Netanyahu ularning talabiga bo‘ysunish niyatida emas.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotni HAMAS tashkiloti mag‘lubiyatga uchramaguncha va jangchilar qo‘lida qolgan isroillik garovga olinganlar ozod qilinmaguncha davom ettirishga qat’iy qaror qildi. Bunga sabab Rafah shahri yaqinidagi tunnellardan birida garovga olingan to‘rt erkak va ikki ayolning jasadi topilgani bo‘lgan.
Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertizadan so‘ng garovga olinganlar 2-3 kun avval «Hamas tomonidan yaqin masofadan bir nechta o‘q uzish natijasida» o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi.
Buni izohlar ekan, Netanyahu halok bo‘lganlarning yaqinlaridan Isroil hukumati ularni tiriklayin uyiga qaytara olmagani uchun kechirim so‘radi. «Biz yaqinlashdik, ammo muvaffaqiyatga erisha olmadik», deb tan oldi u. Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Hamas bu jinoyat uchun qattiq javob berishini ta’kidladi.
Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid Binyamin Netanyahu hukumatiga qarshi norozilik namoyishlari va umumiy ish tashlashga chaqirdi.
«Netanyahu va o‘lim kabineti garovga olinganlarni qutqarmaslikka qaror qilishdi, — deb yozdi Lapid X platformasida. — Ular o‘limlar uchun javobgardir».
Lapid «yuragi ezilgan har bir fuqaroni» Tel-Avivdagi namoyishda ishtirok etishga chaqirdi. U kasaba uyushmalari, ish beruvchilar va mahalliy hokimiyat organlarini ish tashlashga chaqirdi.
Isroilning Histadrut kasaba uyushmalari konfederatsiyasi rahbari Arnon Bar-David 2 sentabr, dushanba kuni G‘azo sektorida garovga olinganlarning oilalari bilan birdamlik uchun ertalab boshlangan umumiy ish tashlash yakunlanganini ma’lum qildi.
«Biz qonuniy davlatda yashayapmiz va sud qarorini hurmat qilamiz, shuning uchun men barchani soat 14.30 da ishga qaytishga chaqiraman», - dedi Bar-David.
Qizil dengizdagi hujum
Yamanning isyonchi husiychilari Qizil dengizda yana ikkita neft xomashyosi tashuvchi tankerlarga hujum qildi.
Panama bayrog‘i ostidagi, Gretsiya tomonidan boshqariladigan MV Blue Lagoon I va Saudiya Arabistoni bayrog‘i ostidagi, Gretsiya tomonidan boshqariladigan MV Amjad kemalari husiychilarning hujumi natijasida zarar ko‘rdi, deb xabar bermoqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi.
Bayonotda hujum natijasida har ikki tankerning ham zarar ko‘rganligi bildirildi. CENTCOM ma’lumotlariga ko‘ra, MV Amjad taxminan ikki million barrel neftni tashiyotgan bo‘lgan.
Bu 21 avgust kuni husiychilar hujumiga uchragan Gretsiyaning MV Delta Sounion tankerining yukidan ikki barobar ko‘p, deya eslatadi mualliflar.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilar tomonidan Yaman qirg‘oqlari yaqinida MV Sounion neft tankerining o‘qqa tutilishi bir million barrel neftning Qizil dengizga sizib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tanker ekipaji evakuatsiya qilingan, biroq «husiychilar kema va uning yukini dengizda cho‘ktirishga qat’iy qaror qilgan ko‘rinadi», deya xabar berdi AQSh tashqi siyosat idorasi.
Rossiya-Ukraina urushi
Ukraina Rossiyaning Kursk oblastida egallab olingan hududlarini prezident Vladimir Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash uchun ushlab turishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytgan.
«Bizga ularning yeri kerak emas. Biz u yerga o‘z turmush tarzimizni olib bormoqchi emasmiz», dedi u.
Ukraina urushni tugatish bo‘yicha «g‘alaba rejasiga» ega va uning ajralmas qismi sifatida bu hududlarni «ushlab turadi», dedi Zelenskiy va bu taklifni AQSh kabi xalqaro hamkorlarga taqdim etishini qo‘shimcha qildi.
«Hozir bu bizga kerak», dedi u Ukraina tomonidan egallab olingan Rossiya hududlari haqida.
Ukraina qo‘shinlari o‘z maxfiy operatsiyasi natijasida qariyb bir oy oldin Rossiya chegarasidagi Kursk oblastiga bostirib kirgan edi. Hozir Kiyev Rossiya hududining qariyb 500 km kvadratini nazorat qilishini da’vo etmoqda va yuzlab rus harbiy asirlarini olgan.
Rossiyada yana bir taqiq taklifi
Rossiya Davlat dumasi deputati, «Spravedlivaya Rossiya» fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga Rossiya fuqaroligini berishga vaqtinchalik moratoriy kiritishni taklif qildi, deb yozdi «Parlamenskaya gazeta».
Parlament a’zosi «Spravedlivaya Rossiya» 2022 yilda ham xuddi shunday tashabbus bilan chiqqanini eslatdi. Endi keskinlashgan migratsiya muammolari qonunchilarning diqqat markazida ekan, bu masalani ko‘rib chiqishga qaytish kerak, deb hisoblamoqda u.
Mironovning so‘zlariga ko‘ra, davlat «ishchilarni ommaviy pasportlashtirish»ga qarshi turishi va milliy xavfsizlik sohasidagi o‘z manfaatlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisiga Rossiya fuqaroligini berishga moratoriy joriy etish yo‘li bilan himoya qilishi kerak.
«Bu cheklovni hech bo‘lmaganda 2026 yilgacha joriy qilish kerak. Bu vaqt ichida qonunchilikni tartibga solish, migratsiya xizmatini isloh qilish, uni poraxo‘rlardan tozalash, shuningdek, avval berilgan pasportlarning qonuniyligini tekshirish mumkin», — degan deputat.
Kongo qamoqxonasidagi ommaviy qochish
Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasa shahrida joylashgan «Makala» qamoqxonasidan mahbuslar qochib ketishga urindi.
Xabarlarga ko‘ra, mahbuslarning qochishga urinishi chog‘ida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida qamoqxonaning bir nechta binosi, jumladan, ofislar, ro‘yxatga olish xonalari, shifoxona va oziq-ovqat omboriga zarar yetgan.
Mazkur qamoqxona 1,5 ming mahbusga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, u yerda 12 mingdan ortiq kishi saqlangan.
«Dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 129 kishi halok bo‘lgan, ularning 24 nafari o‘qotar qurollar qurboniga aylangan. Qolganlar yuzaga kelgan tiqilinch va to‘s-to‘polonda halok bo‘lgan», — degan mamlakat ichki ishlar vaziri Lukoo Bixango.
Mamlakat adliya vaziri Konstant Mutamba qamoqxonada amalga oshirilgan qochishga bo‘lgan urinishni «oldindan rejalashtirilgan sabotaj akti» deya qoraladi. Mutamba prokurorlarga «Makala»dagi mahkumlar soni ortib ketganiga oid muammolar hal etilmaguncha, mahbuslarni bu yerga yuborishni taqiqlab qo‘ydi.
Mavzuga oid
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024