14:43 / 22.05.2024
6701

O‘zbekiston 1,5 mlrd dollar qiymatidagi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini chiqardi

O‘zbekiston hukumati umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollariga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini 3 ta valutada jahon moliya bozorlariga joylashtirdi. Jalb qilingan qarz mablag‘lari davlat budjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, joriy yilning 17 may kuni AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan 76 nafar investor bilan vidiokonferensiya hamda 20–21 may kunlari 40 nafar yirik investor bilan yakkama-yakka formatda uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

21 may kuni buyurtmalar qabul qilinishi e’lon qilingach, kun davomida O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 5,5 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushgan, jumladan:

  • AQSh dollaridagi (7 yillik) obligatsiyalarga — 3 mlrd dollar;
  • yevrodagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 2 mlrd yevro;
  • so‘mdagi (3 yillik) obligatsiyalarga — 4 trln so‘m.

Qabul qilib olingan buyurtmalar asosida quyidagi miqdordagi obligatsiyalar joylashtirilgan:

  • 600 mln dollarlik 7 yillik obligatsiyalar bo‘yicha kupon stavkasi 6,9 foiz;
  • 600 mln yevrolik 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha 5,375 foiz;
  • 3 trln so‘mlik 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha 16,625 foiz;

“Qayd etish lozimki, yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi. Mazkur dastur “Mablag‘larni taqsimlash” va “Loyihalarning O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga ta’siri” bo‘yicha hisobotlarini tayyorlash va e’lon qilishni ham ko‘zda tutadi. Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar davlat budjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi”, deyiladi IMV xabarida.

Top