12:36 / 27.05.2024
4495

Jahon banki O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyasi uchun 100 mln dollar ajratdi

Jahon banki O‘zbekistonda «Inson» loyihasi uchun 100 mln dollar miqdorida imtiyozli mablag‘ ajratdi. Loyiha 50 mingdan ortiq aholiga sifatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Foto: Jahon banki

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli kreditni tasdiqladi. Ushbu mablag‘lar «Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiylashuvini ta’minlash uchun innovatsion ijtimoiy himoya tizimi» («Inson») loyihasini amalga oshirish uchun taqdim etiladi.

Loyihaning maqsadi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifatini yaxshilashdir, deyiladi xabarda. Loyiha qo‘shimcha ravishda Jahon banki qoshidagi «Erta yoshdagi ta’lim uchun hamkorlik» ko‘p tomonlama donorlik trast jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 2 million dollarlik grant vositasida moliyalashtiriladi.

Jamg‘arma faoliyati dunyoning turli mamlakatlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning rivojlanishi va ta’limini qamrab oladi. Ushbu mablag‘lar mahalliy jamoalar (mahallalar) darajasida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning O‘zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar farovonligiga ta’sirini baholash va ularning sifatini oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Loyiha O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan mamlakatning turli davlat organlari, nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Mamlakat bo‘ylab mahallalar darajasida faoliyat yuritadigan 50 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi. Ularning xizmatlari aholining ijtimoiy himoyaga eng muhtoj qatlamlariga qaratilgan bo‘ladi.

50 mingdan ortiq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari negizida sifatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaxshilanadi.

Mavzuga oid
Top