Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Brifingda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan biri bo‘lgan ushbu tashrifini O‘zbekistonga va ko‘p millatli xalqimizga bo‘lgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishning tasdig‘i sifatida qabul qilayotganini ta’kidladi.

– Rossiya prezidentining davlat tashrifi – bu, hech mubolag‘asiz, ko‘p qirrali hamkorligimizning yangi davrini boshlab beruvchi tarixiy voqeadir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti mazkur sammitga katta tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidladi. Parlament vakillarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, ikki davlat hukumat delegatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar samarali o‘tdi.

Aprel oyida Toshkentda “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy oyda O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari ham Rossiya hududlaridagi hamkorlarida tashrif bilan bo‘ldilar. Yirik muhandislik-texnik universitetlar rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining konferensiyalari samarali o‘tdi. Ayni kunlarda Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari davom etmoqda.

Har doimgidek an’anaviy ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan bugungi muzokaralarning natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar. Kelgusida 30 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish vazifasi qo‘yildi.