Jahon | 07:37 / 28.05.2024
11172
2 daqiqa o‘qiladi

Makron Yevropani AQSh va Xitoydan mustaqil bo‘lishga chaqirdi

Yevropa o‘z mudofaasi va xavfsizligi haqida mustaqil o‘ylashi kerak, dedi Fransiya prezidenti. 

Foto: Ludovic Marin/AFP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kuchli va suveren Yevropani shakllantirishga chaqirdi. Makron 27 may, dushanba kuni Drezdenda yoshlarga: «Yevropa - tinchlik, farovonlik va demokratiya tarixidir», dedi. Biroq, uning fikricha, Yevropa harakat qilmasa, bularning barchasi xavf ostida qoladi.

Yevropa o‘z tarixida misli ko‘rilmagan lahzani boshdan kechirmoqda, bu esa uni o‘z mudofaasi va xavfsizligi haqida mustaqil fikr yuritishga majbur qilmoqda, dedi Makron. U NATO doirasida ittifoqchi sifatida harakat qilish zarurligini ta’kidlab, «Yevropa xavfsizligi xavf ostida» ekanini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi «o‘z geografiyasini o‘zgartirmasligini», Rossiya esa qo‘shnisi bo‘lib qolishini tan oldi.

Iqtisodiy jihatdan Yevropa davlatlari Xitoy va AQSh raqobati oldida yanada suveren va mustaqil bo‘lishi kerak, dedi Fransiya rahbari. «Bizning Yevropa o‘zini qayta kashf qilishi, to‘g‘rirog‘i kelajak avlodlar uchun yangi o‘sish paradigmasini qurishi kerak», dedi u.

Makronning Germaniyaga tashrifi

Emmanuel Makron 26 may kuni Germaniyaga keldi. Bu Fransiya prezidentining 24 yil ichida Germaniyaga ilk davlat tashrifidir. Ilgari Fransiya rahbarlari Germaniyaga faqat amaliy tashrif bilan kelgan. Makron tashrifining birinchi kuni Berlinda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashdi, shuningdek, Germaniya Asosiy qonuni qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etdi.

28 may kuni Makron Myunsterga tashrif buyuradi, u yerda unga Yevropadagi sadoqat uchun Vestfaliya tinchlik mukofoti topshirilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Berlin yaqinidagi Mezeberg qal’asidagi saroyda ikki davlat hukumatlari muzokaralar o‘tkazadi. 

Mavzuga oid