10:32 / 28.05.2024
7019

O‘zbekistonlik migrantlar uchun Germaniyaga viza olishda yengilliklar joriy etilishi mumkin

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik kengaytiriladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Germaniyaga bordi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Tashrif davomida mamlakat elchixonasida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi bilan hamkorlikda yirik nemis ish beruvchi kompaniya vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. 

Suhbatda vaqtincha xorijda ishlash istagida bo‘lganlarni Yevropaning rivojlangan davlatiga ishga jalb etish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ushbu davlatga mehnat migratsiyasini tez va samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 

Nemis ishbilarmonlari ayni paytda Germaniyada tashqi ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini, ayniqsa hamshiralik va feldsherlik, yuk mashinasi haydovchisi, sanoat, mexatronika, gastronomiya, yo‘l qurilishi sohalarida 130 mingdan ortiq ishchi kuchiga ehtiyoj mavjudligini bildirdilar.

Tadbir davomida mamlakatning ishchi kuchi borasidagi salohiyati, davlat tomonidan xorijda kasbiy ta’lim olish va vaqtincha ishlash istagida bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyoz va qulayliklar haqida taqdimot o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ko‘p yillardan buyon mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilib kelayotgan kompaniyalar vakillari o‘z tajribalari bilan bo‘lishdilar va boshqalarni ham mamlakat bilan hamkorlikka chorladilar. 

Shuningdek, muloqotda Germaniya mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda yurtdoshlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, nemis tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, viza olishda yengilliklar joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. Kasb-hunarga o‘qitishning nemis modelini joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi. 

Nemis kompaniyalari vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorliklarini ta’kidladilar.

Mavzuga oid
Top