18:27 / 28.05.2024
26230

Rossiya O‘zbekistonda ikkita GAES qurmoqchi

Aydarko‘l va Qarateren ko‘llarida “Rusgidro” tomonidan umumiy quvvati 1 GW bo‘lgan 2 ta yirik gidroakkumulyator elektr stansiya qurilishi mumkin. Avvalroq Qarateren GAES loyihasi bo‘yicha Xitoy kompaniyasi bilan memorandum imzolangandi.

Moskva oblastidagi Zagorskaya GAES / Foto: “Rusgidro”

Rossiya O‘zbekistonda ikkita gidroakkumulyator elektr stansiya qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda davlat tashrifi bilan Toshkentda bo‘lib turgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralardan keyin ma’lum qildi.

“Gidroyenergetika sohasida hamkorlik bo‘yicha yaxshi istiqbollar bor. “Rusgidro” O‘zbekiston bilan moslashuvchan ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishda hamkorlik qilmoqda, bu – mamlakat energetika balansini muvozanatlash va O‘zbekistonning butun energetika tizimi uzluksiz ishlashini ta’minlashga yordam beradi”, – dedi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Aydarko‘l va Qarateren ko‘llarida umumiy ishlab chiqarish quvvati 1 GW bo‘lgan 2 ta yirik gidroakkumulyator elektr stansiya qurishni muhokama qilmoqda.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

Ta’kidlash kerak, bungacha Qarateren ko‘lida GAES Rossiya emas, Xitoy bilan hamkorlikda qurilishi reja qilingandi.

O‘tgan yili iyulda “O‘zbekgidroenergo” AJ raisi Abdug‘ani Sanginov XXRning China Southern Power Grid International kompaniyasi raisi bilan Qarateren GAES (500 MW), Yuqori Pskem GAES (200 MW) va Yuqori Pskem GES (120 MW)loyihalari bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolagandi.

Uchala loyihaning umumiy qiymati 1 mlrd 640 mln dollar bo‘lishi, loyihalar 2030 yilgacha ishga tushirilishi reja qilingandi.

2023 yil oktyabr oyiga kelib, “O‘zbekgidroenergo” va China Southern Power Grid International o‘rtasida “Yuqori Pskem” GAES loyihasini amalga oshirish bo‘yicha JDA kelishuvi imzolandi. 600 MW quvvatli bu stansiya loyihasining umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lishiga kelishilgan.

2024 yil mart oyida Toshkentda gidroenergetika forumi bo‘lib o‘tgan, unda “O‘zbekgidroenergo” mas’uli Nodirbek Akchaboyev O‘zbekistonda 4 ta gidroakkumulyator elektr stansiyalar qurilishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi birinchi bunday loyihalar Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lishi, ularning umumiy quvvati 1600 MWni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

Gidroakkumulyator elektr stansiyalar energetik yuklamaning turli holatlarini bir xil darajada ushlab turishga xizmat qiladi. Bunda, odatiy vaqtda GAES nasos rejimida ishlab, suvni pastki hovuzdan yuqori hovuzga haydaydi; tig‘iz vaqtda esa yig‘ilgan suvdan elektr energiya hosil qiladi.

Top