12:24 / 29.05.2024
6744

Mo‘ynoqdan Qo‘shko‘lgacha yoxud eko-qochqinlar qismati

So‘nggi o‘n yilliklarda, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasida ekologiyaning og‘irlashgani ayrim insonlar boshiga ekologik qochqinlar yoki iqlim muhojirlari qismatini soldi. Jahon banki prognoziga ko‘ra, 2050 yilga qadar Markaziy Osiyoda eko muhojirlarning soni ikki million kishidan oshishi mumkin.

«O‘zTrend» jamoasi ular haqida hikoya qiluvchi yangi multimedia loyihasini boshladi. Loyiha «Eko-qochqinlar uchun pleylist» deb ataladi.

Xo‘sh, bu toifaga kimlar kiradi? Qanday sabablar tufayli odamlar o‘zlarining kichik vatani — uylarini tark etishga majbur bo‘lmoqda?! O‘z-o‘zidan ma’lumki, ular tashlab ketayotgan hududlarda ichimlik suvi, oziq-ovqat, yaylov va ekin maydonlari qisqarishi shunday yo‘l tutishga majbur qilmoqda. Loyiha o‘z oldiga ana shunday eko-qochqinlar oqimining yo‘nalishlarini kuzatib borish va yangilarini topishni maqsad qilib qo‘ygan.

Birinchi yo‘nalishning uzunligi 125 kilometrni tashkil etadi. Bu — Mo‘ynoqdan Nukusgacha bo‘lgan yo‘l. Loyihada mavzu qahramonlarining kechinmalari — global iqlim o‘zgarishi davrida yashashga majbur bo‘lgan oddiy odamlar hikoyalari so‘zlab beriladi.

* * *

O‘zbekistonda zamonaviy ekologik migratsiyani o‘rganishni Nukus shahrining sharqiy chekkasidagi Qo‘shko‘ldan (qoraqalpoqchada Qo‘sko‘l) boshlash kerak. Balkim kuni kelib, bu maskan dunyoning barcha ensiklopediyalarida «Ilk eko-qochoqlik davri» tarixiy yodgorligi sifatida qayd etilar...

Qo‘shko‘l mahallasining xaritadagi o‘rni

Xaritaga nazar tashlasangiz, posyolkaga nom bergan shu nomdagi ko‘lning janubida birorta ham to‘g‘ri ko‘cha yo‘qligini ko‘rasiz. Bu ilgari Orol dengizi sohillarida yashab, janubga bu yerdan qochib kelgan odamlar tomonidan boshlangan stixiyali xaotik qurilish oqibatidir.

Qo‘shko‘l mahallasidagi xaotik qurilishlarning koinotdan tasviri.

Qahramonimiz — sobiq Baliq nazorati inspektori Joldasbay Absametov bundan qirq yil ilgari ishsiz qoladi. Dengiz yo‘q — demakki, baliq ham yo‘q. Baliqchi bo‘lmasa — baliq ovlash nazorati ham yo‘q. U oilasi bilan sobiq port shahri Mo‘ynoqni tark etib, 1984 yilda Qoraqalpog‘iston poytaxti chekkasidagi bo‘sh joydan qo‘nim topadi.

Joldasbay Absametov

«Mening boshpanam yo‘q edi. Ekologik qochqinlar o‘zlari uchun yangi uylar qurdi. Bu yerlar bo‘sh edi. Hamma o‘zi xohlagan joyida uy qurib oldi», – deb boshidan o‘tkazgan damlarini xotirlaydi Joldasbay og‘a.

Shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari gaz va elektr energiyasini o‘rnatishga yordam berganini ta’kidlagan Joldasbay og‘aning aytishicha, ko‘chmanchilar suv masalasini o‘zlari, o‘z mablag‘lari evaziga hal qilgan.

Taqdir uni shafqatsiz hazillar bilan «siyladi». Ko‘p yillar davomida Joldasbay Absametov (u hozir 70 yoshda, 2014 yilda nafaqaga chiqqan) baliq ovlash qayiqlarini ishlab chiqarish va ta’mirlash bilan shug‘ullangan. U ko‘proq baliqchilar va bolalar uchun qayiqlar yasagan. Ya’ni mazkur qayiqlar kichikroq bo‘lib, asosan daryo va ko‘llarda sayr qilish uchun mo‘ljallangan edi.

Vaqt o‘tishi bilan uning Mo‘ynoqda va butun Orolbo‘yida ishlab chiqargan mahsulotlari keraksiz bo‘lib qolgani aniq. Na dengiz, na suv, na baliq... Endi qayiq kimga ham kerak? Uning hovlisida hali ham bir nechta turdagi qayiq nusxalari bor. Qahramonimiz ularga, albatta, xaridor topiladi, degan umid bilan yashaydi. Oqqan daryo oqaveradi deganlari kabi, Markaziy Osiyo suvsiz cho‘lga aylanmaydi, degan naqlga qanday ishonchni yo‘qotmaslik mumkin?!

Qo‘shko‘l manzaralari

Ming afsuski, Qo‘shko‘l ko‘chalarida o‘ynayotgan bolalar plastik idishlar orqali bir-biriga suv quymoqda. Eh, har doim shunday bo‘lsa edi...

Joldasbay o‘zi tug‘ilib o‘sgan Mo‘ynoq kengliklarini, Orol bo‘yida yashagan davrlarini sog‘inadi.

«Dengiz bo‘ronli, vaqtlar ajoyib o‘tardi va bizda hamma narsa yetarli edi. Hamma odamlar baxtli yashab, bugungi kunidan mamnun edilar. Suv quriy boshlaganda esa hamma narsa parchalanib ketdi, quvonch, zavq, hattoki baxt ham», – deb eslaydi Absametov.

U imkoniyat tug‘ilishi bilan oilasini olib, ona shahri Mo‘ynoqqa sayohat qiladi.

«Ha, ba’zida biz bolaligimiz o‘tgan joylarni ko‘rish uchun boramiz. Axir biz u yerda tug‘ilganmiz, u yerda o‘sganmiz, u yerda hamma narsa bizga tanish. Biz u yerga yana va yana qaytishni xohlaymiz...»

Qo‘shko‘l ko‘chalaridan biri

Bugungi kunda Qo‘shko‘lda to‘rt mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi (bu taxminan 940 xonadon degani). Ularning aksariyati allaqachon sovet davridagi O‘zbekiston hududida birinchi ekologik qochqinlarining avlodlaridir. Ular esa ota-bobolarining og‘ir yukini ko‘tarishda davom etmoqda. Ekologik himoyalanish, afsuski, abadiydir.

O‘z vatanlarida munosib ish yo‘qligi sababli, Joldasbayning ikki nafar o‘g‘li endi chet elda ishlashga majbur (mehnat migratsiyasi ham iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq). U to‘kis va to‘liq oila davrasida o‘tirishni tez-tez orzu qiladi. Afsuski, migrant farzandlari oilasidan uzoqda... Ko‘zlarini bir nuqtaga qadab, chuqur o‘yga toladi, axir suvsiz va taqchil hududda yashayotgan nabiralarining ertangi kuni nima bo‘ladi, ular qanday hayot kechiradi?

P.S. 80-90-yillarda Nukus chekkasiga qochib kelgan Orolbo‘yi aholisini bugun yangi baxtsizlik qarshi oldi. Ularning o‘sha payt shoshilinchda tartibsiz qurilgan uylari buzilishi mumkin. Bu oqibat ham iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. Vaziyat, ehtimol, ularni yanada uzoqroq yo‘lga chiqishga majbur etar.

Top