Jahon | 07:41 / 04.06.2024
4816
2 daqiqa o‘qiladi

Shols: Rossiyaga qarshi nemis qurollaridan foydalanish keskinlashuvga olib kelmaydi

Germaniya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning Rossiyadagi nishonlarni G‘arb qurollari bilan urish huquqi Kiyevga faqat yirik shaharlarini himoya qilish imkonini beradi.

Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga Germaniyadan yetkazib berilgan qurollar bilan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun ochilgan imkoniyat keskinlashuvga olib kelishiga ishonmayapti. «AQSh prezidenti aytganidek, biz faqat katta shaharni, masalan, Xarkivni himoya qilish qobiliyati haqida gapiryapmiz», dedi u 3 iyun, dushanba kuni Antenne Bayern radiostansiyasi efirida.

Kanslerning ta’kidlashicha, Kiyevga nemis qurollaridan foydalanish huquqini berish qarori Germaniya «do‘stlari va ittifoqchilari» bilan hamkorlikda puxta o‘ylangan. Shu bilan birga, Shols Germaniya fuqarolarini «noto‘g‘ri va bevaqt qarorlar» qabul qilishi uchun unga hech qachon bosim o‘tkazishga yo‘l qo‘ymasligiga ishontirdi. 

31 may, juma kuni Germaniya hukumati Ukrainaga Germaniya tomonidan yetkazib berilgan qurollardan Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llash uchun foydalanishga ruxsat berdi. Uning rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt o‘z bayonotida Berlinning ushbu masala bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishini Rossiya armiyasi Xarkiv viloyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shni pozitsiyalardan «tayyorlangan, muvofiqlashtirilgan va amalga oshirilgan» hujumlari ko‘payishi bilan izohladi. «Ukraina xalqaro huquqqa muvofiq, bu hujumlardan o‘zini himoya qilish huquqiga ega», dedi Xebeshtrayt. 

Xuddi shu huquqni Kiyevga AQSh va boshqa bir qator G‘arb davlatlari ham bergan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 3 iyun kuni Ukrainaning unga berilgan Amerika qurollaridan foydalanishi haqidagi qarorlar «halokatli oqibatlarga olib kelishi» bilan tahdid qildi. 

Mavzuga oid