21:53 / 05.06.2024
7270

5 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Oliy ta’lim muassasalariga yangicha shaklda qabul boshlandi. Shavkat Mirziyoyev Makkada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik hojilarning holidan xabar oldi. Senat ishchi guruhi Andijondagi bog‘chalarda sanitariya holati achinarli ekanini aniqladi.

OTMga qabul boshlandi

Bugundan O‘zbekistonda davlat oliygohlariga abituriyentlardan arizalar qabul qilish boshlandi. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy saytida amalga oshiriladi. Qabul jarayoni va imtihon uchun to‘lovni amalga oshirish 25 iyungacha davom etadi. Maktabni shu yil tugatgan yoshlar to‘lovdan ozod qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bu yil bakalavriatga qabul tartibi o‘zgargan. Hozirgi bosqichda abituriyentlar ro‘yxatda o‘tib, qaysi fanlardan test topshirishini tanlaydi. Keyingi bosqichda esa ana shu tanlangan fanlar bo‘yicha test topshiradi. Test natijalari chiqqach, yakuniy bosqichda abituriyent necha ball to‘plaganiga qarab qayerda va qaysi ta’lim shaklida o‘qishni tanlaydi.

Bu yilgi qabulning avvalgilaridan yana bitta farqi shundaki, bo‘lib o‘tadigan imtihonlar bir vaqtning o‘zida kollej va texnikumlarga ham saralash vazifasini o‘taydi. Ya’ni oliygohda o‘qish uchun yetarli ball to‘play olmagan yoshlar shu to‘plagan balli bo‘yicha kollej yoki texnikumga kirishi mumkin bo‘ladi.

Prezident hojilardan xabar oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbari muborak Haj ziyoratiga tayyorgarlik jarayonlari, yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Shayx Nuriddin Xoliqnazar esa Shavkat Mirziyoyevga hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda qariyb 12 ming nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Jami 15 ming 130 nafar fuqaro Haj ibodatiga muyassar bo‘ladi. Ularga 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar, tarjimonlar va boshqa ko‘makchilar hamrohlik qiladi.

Bu yildan boshlab bir yangilik – Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan diniy soha xodimlari hamda qori ziyoratchilar tomonidan Qur’oni karimni xatm qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha 1 ming 515 ta xatm o‘qilib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilingan.

G‘azodagi urush: O‘zbekiston AQShning otashkesim tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston G‘azoda urushni to‘xtatish bo‘yicha AQSh prezidenti Jo Baydenning tashabbusini olqishlaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lum qildi.

“Biz G‘azo sektorida tinch aholi, ayniqsa ayollar va bolalar qurbonlari bo‘lgan to‘qnashuvlarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Bu holat bizni chuqur xavotirga solmoqda. O‘zbekiston – mojarolarni faqat tinch yo‘l va barcha mavjud diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori”, – dedi Burxonov.

O‘zbekiston tomoni Baydenning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, mojaroning barcha tomonlarini vazminlikka, xalqaro huquqni hurmat qilishga, zo‘ravonlikning oldini olishga va tinch aholi orasida qurbonlar sonining yanada ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

“Bolalarga chirigan kartoshka yedirishmoqda”

Andijon viloyatidagi bog‘chalarda ovqatlantirish tizimini o‘rgangan Senat ishchi guruhi achinarli holatlarga guvoh bo‘ldi. O‘rganishlarda bog‘chalardagi oshxonalar sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi, ta’mirtalab ahvolda ekani, jihozlar va idish-tovoqlar yetishmasligi, sifatsiz mahsulotlar olib kelingani aniqlangan.

Masalan, Shahrixondagi 52-sonli bog‘chada oshxona to‘liq ta’mirtalab holatda. Qo‘rg‘ontepadagi 2-sonli bog‘chada esa oziq-ovqatlarni brakeraj komissiyasi qabul qilib olmayotgani sababli sifatsiz mahsulotlar kirim qilingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Nurmat Otabekov yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha keskin chora ko‘rishga chaqirib, bunday bog‘chalarning faoliyatini bugunning o‘zidayoq to‘xtatish kerakligini aytdi.

“Senatdan tashkil qilingan ishchi guruh borib ko‘rgan MTT ishlashi kerak emas. Ularning faoliyatini shu bugunning o‘zidayoq to‘xtatish kerak. Olib kelingan mahsulotlar noto‘g‘ri saqlanib, tomir otib yuborsa, turgan joyida chirisa, qaysi bir oshpaz o‘sha chirigan, unib ketgan kartoshkani tashlab yuboradi?! Albatta, uni bolalarga yedirishadi”, – dedi u.

Senatorlar bog‘chalarga kirishda Face-ID texnologiyasini joriy etib, tarbiyalanuvchilar davomatini yo‘lga qo‘yish, shu asosda oziq-ovqat xarajatlarining aniq hisobini yuritish, brakeraj komissiyalari bo‘yicha bog‘cha mudirlarining mas’uliyatini oshirish va boshqa takliflarni ilgari surdi.

Kompaniyalar qarzini davlat to‘laydimi?

S&P xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-” (barqaror kutilma) darajasida saqlab qoldi. Agentlikning bu boradagi hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyotining joriy holatiga batafsil to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, hisobotda ta’kidlanishicha, kelgusida hukumat kafolatisiz olinayotgan korporativ qarzlarni qaytarish ham hukumatning zimmasiga tushib qolishi mumkin.

“Bizningcha, davlat korxonalari va davlat-xususiy sherikligidagi, YaIMning 8 foizini tashkil etadigan kafolatlanmagan qarzlar hukumat balansidagi majburiyatga aylanishi xavfi bor. Davlat korxonalari energetika va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun oxirgi yillarda xorijiy valutada qarz olishni ko‘paytirdi. Ular ayrim loyihalar kutilganidan ko‘ra muvaffaqiyatsizroq amalga oshsa yoki boshqaruv yo nazoratda muammolar paydo bo‘lsa, ushbu qarzlarni so‘ndirishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin”, deya ta’kidlagan xalqaro ekspertlar.

Tahlilchilarning e’tibor qaratishicha, O‘zbekiston hukumatining likvid aktivlari miqdori 2017-2023 yillar oralig‘ida YaIMning 37 foizidan 13 foizigacha qisqarib ketgan. Xususan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 16,8 mlrd dollarlik aktivlaridan bor-yo‘g‘i 6,2 mlrd dollarlik qismi likvidlikka ega degan xulosaga kelingan. Tashqi qarzlar miqdori esa avvalgi prognozlarga qaraganda tezroq oshishi kutilyapti.

Moped va skuterlar bo‘yicha taklif

O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lganlarga moped va skuterlarni haydovchilik guvohnomasini olmasdan boshqarishga ruxsat berilishi mumkin. Strategik islohotlar agentligi bu borada prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi. Agentlikka ko‘ra, hozirda “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olgan 16 yoshli o‘smirlarda nafaqat kam quvvatli skuter va kvadrosikl, balki tezligi 150 km/soatdan ham oshadigan mototsikllarni ham haydash huquqi paydo bo‘lyapti. Shundan kelib chiqib, haydovchilik guvohnomasining “A1” nomli kichik toifasini ham joriy qilib, uni kattaroq mopedlar va skuterlar haydash uchun 16 yoshdan boshlab berish, “A” toifadagi guvohnomani esa tezyurar mototsikllarni boshqarish uchun 18 yoshdan boshlab berishni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

Kam tezlikda yuradigan kichik mopedlar va skuterlar uchun esa guvohnoma olish talabini bekor qilish taklif etilyapti. Bunda ulovning tezligi 50 km/soatdan oshmasligi, haydovchi esa 16 yoshdan oshgan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, prezident qarori loyihasi bilan, ayrim toifadagi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun avtomaktabda o‘qish talabini bekor qilish taklif etilmoqda. Agar taklif ma’qullansa, “A”, “A1”, “B” va “B1” toifalaridagi guvohnomalarni olmoqchi bo‘lganlar maxsus kurslarga bormasdan, o‘zlari mustaqil tayyorlangan holda imtihonga kirishlari mumkin bo‘ladi.

Top