10:36 / 06.06.2024
2572

Berlinda ILA-2024 aviasaloni ochildi

Bu yilgi aviasalonning asosiy mavzulari iqlim neytralligi, raqamlashtirish va ta’minot zanjiri barqarorligi bo‘ldi. Ochilishda so‘zga chiqqan kansler Germaniya mudofaa sanoatini kengaytirishga va’da berdi. 

Foto: Wolfgang Kumm/dpa/picture-alliance

5 iyun, chorshanba kuni Berlinda Xalqaro aerokosmik ko‘rgazma (ILA-2024) ochildi, unda 31 mamlakatdan 600 ga yaqin ishtirokchi aviatsiya texnologiyalari sohasidagi yangi ishlanmalarni taqdim etadi. Bu yilgi aviasalonning asosiy mavzulari iqlim neytralligi, raqamlashtirish va ta’minot zanjiri barqarorligi bo‘ldi. 

Tadbirda boshqalar qatorida federal kansler Olaf Shols, transport vaziri Folker Vissing va iqtisodiyot vaziri Robert Xabek so‘zga chiqdi. 

Shols Germaniyada mudofaa sanoatini kengaytirishga va’da berdi 

«Bugun biz barcha asosiy qurollar va zarur o‘q-dorilarni uzluksiz ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan Yevropa va Germaniya mudofaa sanoatiga ega bo‘lish qanchalik muhimligini har qachongidan ham aniqroq ko‘rib turibmiz», — deya kanslerning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa axborot agentligi. Shols so‘zlariga ko‘ra, mudofaa sanoatini rivojlantirish bo‘yicha oldingi ehtiyotkorlik siyosati endi «tugadi». Rossiyaning Ukrainaga hujumi Germaniyaga «xavfsizlik siyosatining yangi voqeligini» ko‘rsatdi, dedi siyosatchi. 

Shols hozirda ishlab chiqilayotgan 38 ta jangovar samolyotga qo‘shimcha ravishda Germaniya harbiy-havo kuchlari uchun yana 20 ta Eurofighter qiruvchisini sotib olish niyatida ekanligini ma’lum qildi. 

Airbus yangi UUA modelini taqdim etadi 

Yevropaning Airbus korporatsiyasi aviasalonda Eurofighter qiruvchisiga parvoz vaqtida hamrohlik qiladigan dronning yangi modelini taqdim etadi. Rejaga ko‘ra, qiruvchi samolyot bortidagi uchuvchi tomonidan boshqariladigan dron «xavfli missiyalarni bajarishi» mumkin, deb tushuntirdi Airbus. 

Transport vaziri: Aviasanoatdagi texnologik cheklovlar - Germaniya uchun «zahar» 

Aviasalonning ochilishida Germaniya transport vaziri Folker Vissing nemis aviatsiyasi «iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha jahon yetakchisi va uglerodsiz harakatlanish, avtonom transport vositalari va havo taksilari sohasida birinchilardan» ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya ushbu «birinchilikni» saqlab qolishda davom etishi kerak. Vissing, shuningdek, aviasanoat bilan bog‘liq texnologik cheklovlar haqidagi munozaralarni biznes yuritish joyi sifatida Germaniyaga «zahar» deb atadi. 

Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Xabek nemis aviatsiyasini iqlim betarafligiga yo‘naltirishga chaqirdi. Iqlimni muhofaza qilish «yangi raqobatbardosh texnologiyalar bilan» iqlimning o‘zi uchun imtiyozlardan tashqari, «Olmoniyada yuqori texnologiyalar sohasida rivojlanishni, qo‘shimcha qiymat yaratish va yaxshi ish bilan bandlikni ta’minlaydi», deb tushuntirdi Xabek. 

Mavzuga oid
Top