15:55 / 06.06.2024
8511

Foto: Shavkat Mirziyoyev Turkiya aerokosmik kompaniyasida bo‘ldi

O‘zbekiston prezidentiga kompaniya mahsulotlari namunalari, ishlab chiqarish jarayoni va xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy hamkorlik natijalari taqdimot qilindi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida 6 iyun kuni Turkish Aerospace Industries Inc. kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Davlat rahbariga kompaniya mahsulotlari namunalari, ishlab chiqarish jarayoni va xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy hamkorlik natijalari taqdimot qilindi.

1984 yilda tashkil etilgan kompaniya turg‘un va aylanma qanotli havo texnikasi, uchuvchisiz uchish qurilmalari va sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalashtirish, ishlab chiqish, modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish va aerokosmik tizimlarni integratsiyalash sohalarida Turkiyaning yetakchi texnologiya markazidir.

2023 yilda Turkish Aerospace Industries Inc. dunyodagi eng yirik 100 ta mudofaa kompaniyalari ro‘yxatiga kirdi. Korxonaning yillik daromadi 1,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Kompaniyada 15 mingdan ziyod xodim, shu jumladan 7 mingga yaqin muhandislar, 6,5 mingdan ortiq texniklar va boshqa ishchilar mehnat qiladi.

Tashrif davomida O‘zbekiston prezidentiga Turkiya mudofaa sanoatining keng turdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikani ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boshqa korxonalari faoliyati ham taqdimot qilindi.

Aviatsiya texnikasining namoyish parvozlari ham o‘tkazildi.

Mavzuga oid
Top