10:23 / 06.06.2024
2357

Fransiya Shohimardonda ommaviy turizm maskani barpo etishni rejalashtirmoqda 

Arqon yo‘l va osma ko‘priklarni o‘z ichiga olgan ommaviy turizm maskani barpo etish loyihasi muhokama qilinyapti.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Fransiyaning Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi hududiy direktori Orxan Shirinni hamda kompaniyaning mahalliy hamkorlarini qabul qildi.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik turistik infratuzilma loyihalarini amalga oshirgan ushbu kompaniya vakili bilan uchrashuvda viloyat hududida arqon yo‘l va osma ko‘priklarni o‘z ichiga olgan ommaviy turizm maskani barpo etish loyihasi muhokama qilindi.

Respublikada “Chimyon turistik zonasini qurish” loyihasi doirasida e’lon qilingan tenderning g‘olibi bo‘lgan hamda hozirda ushbu kurortni qurish ishlarini olib borayotgan Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi Farg‘ona viloyatida ham ommaviy turizm maskani tashkil etishni rejalashtirgan. Orxan Shirin arqon yo‘l va osma ko‘prikning barpo etilishi o‘z o‘zidan ushbu hududga boshqa investorlarni ham keng jalb etishi hamda boshqa turistik xizmatlarning shakllanishiga olib kelishini qayd etdi.

Viloyat hokimining taklifi bilan ushbu turistik maskanni Shohimardon qishlog‘ida tashkil etish ustida ish boshlashga kelishib olindi. Dastlabki bosqichda bosh reja ishlab chiqiladi. So‘nggi tasdiqlangan bosh reja asosida loyihani amalga oshirish uchun Yevropa banklarining imtiyozli kredit mablag‘larini jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.

Top