13:00 / 06.06.2024
5317

G‘azoda ocharchilik tahdidi, Putinning jurnalistlarga javobi va Hindistondagi parlament saylovlari - kun dayjesti

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti iyul oyi o‘rtalaridan boshlab Falastinda 1 milliondan ortiq qattiq ocharchilikka duch kelishi mumkinligidan tashvishini bildirdi.

Kutilma BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO hamda Jahon oziq-ovqat dasturi (World Food Proframm — WFP) qo‘shma hisobotida keltirilgan.

Ocharchilikka ro‘baro‘ kelishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida afrikaning Mali, Sudan va Janubiy Sudan davlatlari ham tilga olingan. Umuman, FAO va WFP hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilning oktyabrigacha jami 17 mamlakat va bitta mintaqaviy klasterda oziq-ovqat xavfsizligi yomonlashishi mumkin.

Keyingi kunlar AQSh prezidenti Bayden tashabbusi bilan ilgari surilgan G‘azoda otashkesimga erishish to‘g‘risidagi kelishuvdan so‘ng sektorda urush harorati biroz pasaygandek. Ammo, hamon qurbonlarga olib kelayotgan harakatlar davom ettirilmoqda.

G‘azodagi urushning 243-kuniga kelib, qurbon bo‘lgan falastinliklar soni 36 ming 586 nafarga yetgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yaradorlar soni 83 ming 74 nafargacha oshgan.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil qo‘shinlari 4 ta ommaviy qirg‘in uyushtirib, 36 kishining o‘limiga va 115 kishining yarador bo‘lishiga sababchi bo‘lishdi.

Putinning jurnalistlarga javobi

Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin jahon axborot agentliklari vakillari bilan uchrashdi, uning davomida bir qator dolzarb mavzularda jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Ukrainaga qarshi urush paytida yadro qurolidan foydalanish tahdidlari haqida so‘ralganda, Putin «yadroviy kaltakni silkitmasligini», shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining yadroviy doktrinasiga muvofiq yadro qurolidan foydalanishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Bilasizmi, ular bizni mudom yadroviy kaltakni silkitishda ayblamoqchi bo‘ladi. Lekin men hozir bu mavzuni ko‘tardimmi? Buni siz qildingiz. Meni mavzuga yaqinlashtiryapsiz, keyin esa yadroviy kaltakni silkitganimni aytasiz», degan Putin Reuters jurnalistining vaziyat bunday xavfga qanchalik yaqin ekanligi haqidagi savoliga javoban.

«G‘arb negadir Rossiya hech qachon yadroviy qurolni qo‘llamaydi, deb hisoblaydi. Bizda yadroviy doktrina bor, unda nima yozilganiga qarang. Agar kimningdir harakati suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimizga tahdid solsa, biz undan foydalanish mumkin deb hisoblaymiz. Buni oddiy, yuzaki qabul qilib bo‘lmaydi. Umid qilamanki, dunyoda hamma bu masalaga shunday yondashadi», — degan Putin.

G‘arb davlatlari ishtirokida Rossiya Federatsiyasiga zarba berish ularning Rossiyaga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri urushini anglatadi va «Moskva bunga javob beradi», dedi Putin.

«Agar biz bu mamlakatlar bizga qarshi urushga jalb qilinayotganini ko‘rsak — bu ularning Rossiya Federatsiyasiga qarshi urushda bevosita ishtirok etishi bo‘ladi — biz shunga o‘xshash tarzda harakat qilish huquqini saqlab qolamiz», dedi u jurnalistlarga.

Kreml rahbari agar Rossiya hududiga Ukraina tomonidan G‘arbdan yetkazib berilgan qurollar yordamida hujum qilinsa, G‘arbga «assimetrik javob» bilan tahdid qilgan. Xususan, Moskva o‘z qurollarini dunyoning boshqa mintaqalariga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, u yerdan Rossiya Federatsiyasiga qarshi qaratilgan qurollar kelib chiqqan mamlakatlarga hujum qilish uchun foydalanish mumkin, degan Putin.

«Nima uchun biz kimgadir tahdid qilyapmiz, deb o‘ylayapsiz? Biz hech kimga tahdid solmayapmiz, ayniqsa, boshqa davlat rahbariga. Bu yomon narsa», degan u Germaniyadan kelgan jurnalistning savoliga javob berar ekan.

«Bizning ayrim masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyamiz bor. Biz Yevropa davlatlarining, jumladan, Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar bo‘yicha GFR pozitsiyasini bilamiz. Hamma Rossiya urushni Ukrainada boshlaganiga ishonadi. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Yevropada hech kim bu fojia Ukrainadagi davlat to‘ntarishi bilan boshlanganini eslashni istamaydi», dedi Putin.

Ukrainaga yordam

AQSh Ukrainaga 225 mln dollarlik yangi yordam paketini berishga tayyorlanmoqda, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayangan holda.

Agentlikning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga yordamning yangi paketini taqdim etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar har ikki davlat prezidentlarining uchrashuvi oldidan paydo bo‘lgan. Bayden va Zelenskiy bugun, Ikkinchi jahon urushida Normandiyada ittifoqchilarning tushirilganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbir davomida uchrashishadi va muzoakaralar o‘tkazishadi. Qayd etish kerakki, Zelenskiy va Bayden keyingi haftada Italiyada o‘tkaziladigan G7 davlatlari rahbarlari sammiti asnosida yana ko‘rishishadi

Hozircha yordam paketi rasman qachon e’lon qilinishi ma’lum emas, deb yozadi Reuters.

Yil boshida AQSh Kongressining moliyalashtirishni tasdiqlashi kutilgan yarim yillik tanaffusdan so‘ng yana Kiyevga Amerika yordamlari davom ettirila boshlagandi.

Amerika parlamenti Ukrainaga 61 mlrd dollarlik yordamni jo‘natishga imkon yaratuvchi qonunni qabul qilgach, Ukraina Vashingtondan bir nechta yordam paketlari qabul qilib oldi.

O‘z navbatida, jurnalistlar bilan uchrashgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin agar Amerika Ukrainaga qurol-yarog‘ berishni bas qilsa, urush 2-3 ichida yakuniga yetishini ta’kidlagan. «Biz Ukrainaning neytral statusidan manfaatdormiz», degan Putin.

Modi yana Hindiston bosh vaziri?

Hindistonda o‘tgan parlament saylovlarida Narendra Modining «Bharatiya janata» partiyasi taxminan 38 foiz ovoz oldi. Koalitsiyadagi ittifoqchilari bilan birgalikda u 543 ta o‘rindan kamida 280 o‘rinni egallaydi.

Shu tariqa, saylovchilar orasida juda mashhur bo‘lgan va Hindiston hukumatini 10 yil davomida boshqarib kelayotgan 73 yoshli Modi uchinchi besh yillik muddatga bosh vazir lavozimini egallashi mumkin.

Biroq, 2019 yilgi saylov natijalari bilan solishtirganda, Modining partiyasi katta yo‘qotishlarga uchradi va BJPni o‘z ichiga olgan «Milliy demokratik alyans» koalitsiyasi parlamentda 400 o‘rinni qo‘lga kiritish maqsadiga erisha olmadi. Koalitsiya 543 o‘rindan 280 o‘rinni qo‘lga kiritadi. Oldingi qonunchilik davrida BJP 303 o‘ringa, koalitsiyadagi boshqa partiyalar bilan birga 353 o‘ringa ega edi.

Muxolifatning INDIA alyansi o‘z natijalarini yaxshilagan va parlamentda kamida 230 o‘ringa ega bo‘ladi. 2019 yilgi saylovlardan keyin Gandi sulolasining «Hindiston milliy kongressi» partiyasi hukmronlik qilgan alyans parlamentda atigi 91 o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Hindistondagi saylovlar dunyodagi eng yirik ovoz berish jarayoni hisoblanadi, ro‘yxatga olingan 968 million saylovchidan 642 millioni qatnashgan. Olti hafta mobaynida milliondan ortiq saylov uchastkalari ochildi, ovoz berish yetti bosqichda o‘tkazildi. Saylovda 66,3 foiz fuqaro ishtirok etgan.

Slovakiya bosh vaziri bayonoti

15 may kuni Gandlova shahrida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishidan so‘ng o‘ziga nisbatan suiqasd sodir etilib, omon qolgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso tuzllib oyoqqa turgach ilk bayonotini berdi. Uning videomurojaati Facebook’dagi sahifasida e’lon qilingan.

Slovakiya hukumati boshlig‘i o‘ziga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan Yuray Tsintulaga nisbatan hech qanday nafrat his qilmayotganini ta’kidlab o‘tgan. U iyul oyidan boshlab ishga qaytishni rejalashtirayotganini ham bildirgan.

«Men uchun ilk qadamni qo‘yish vaqti keldi va bu — kechirish. Menga qarata o‘q uzgan notanish kimsadan nafratlanmayman. Unga nisbatan biror qonuniy chora ko‘rmayman va menga yetkazilgan zararni undirmayman... Men uni kechiraman va nima ish qilganini, bu ishni nima uchun qilganini o‘zi anglab yetishiga izn beraman. Pirovardida, u shunchaki yovuzlik va siyosiy nafrat qurboni bo‘lgani ko‘rinib turibdi», — deya ta’kidlagan bosh vazir.

Janubiy Afrikadagi tabiiy ofatlar

So‘nggi 2-3 kun ichida Janubiy Afrika Respublikasi mamlakatga yopirilgan bir nechta tabiiy ofatlardan jabr chekmoqda. Qor yog‘ishi, kuchli yomg‘irlar, tornado mamlakatga keng ko‘lamli suv toshqinlarini ham keltirib chiqargan.

Suv toshqini Janubiy Afrika Respublikasining sharqiy qismida joylashgan ikki provinsiyani qamrab olgan. Kvazulu-Natal va Sharqiy Keyp provinsiyalarida kuzatilgan kuchli shamollar asnosida ikkita tornado ham vujudga kelgan va keng qamrovli vayronagarchiliklarga ham sabab bo‘lgan.

Tabiiy ofat natijasida kamida 22 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ikki mingdan ziyod kishi Nelson Mandela qo‘ltig‘idan ko‘chirilgan.

Mamlakatning markaziy qismida esa harorat keskin tushib ketgan va qor yog‘gan.

Top