Jahon | 09:39 / 06.06.2024
2790
2 daqiqa o‘qiladi

Hisobot: «Gazprom» urushdan oldingi sotuvlar hajmini qaytara olmaydi

2035 yilga borib Rossiya gazining Yevropaga eksporti yiliga 50-75 milliard kub metrni tashkil etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, urushdan oldingi 2021 yilda «Gazprom» Yevropaga 141 milliard kub metr gaz yetkazib bergan.

Foto: Shutterstock

Rossiyaning gaz monopolisti «Gazprom» OAJ yaqin yillarda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli hujumidan so‘ng sanksiyalar natijasida yo‘qotilgan gaz savdosini tiklay olmaydi. Bu haqda Britaniyaning The Financial Times nashri 5 iyun, chorshanba kuni kompaniya rahbariyati topshirig‘iga binoan 2023 yil oxirida tayyorlangan hisobot ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

«Gazprom va energetika sohasi uchun sanksiyalar asosiy oqibatlari eksport hajmining qisqarishi bo‘ldi, ular 2020 yil darajasiga 2035 yildan oldin tiklanmaydi», — deyiladi hujjatda. 

Tahlilchilarning fikricha, 2035 yilga borib Yevropaga gaz eksporti yiliga o‘rtacha 50-75 milliard kub metrni tashkil qiladi. Shu bilan birga, Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, urushdan oldingi 2021 yilda «Gazprom» Yevropaga 141 milliard kub metr gaz yetkazib bergan va kompaniyaning umumiy eksporti 200 milliard kub metrdan oshgan. 

Kompaniya Xitoyga yetkazib berish Yevropa bozoridagi yo‘qotishlarni qoplashiga umid qilgan, biroq yiliga 50 milliard kub metr gazga mo‘ljallangan «Sibir qudrati 2» gaz quvurining yangi tarmog‘ini qurish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Financial Times nashri yozishicha, bunga Pekinning murosasiz pozitsiyasi sabab bo‘lgan, u gazni Rossiyaning ichki narxlarida sotib olmoqchi. 

2023 yil oxirida Gazprom deyarli 25 yil ichida birinchi marta yo‘qotishlar haqida e’lon qildi. Kompaniya hisobotiga ko‘ra, yil davomida ko‘rilgan zarar 629 milliard rublni tashkil qilgan. Shu bilan birga, 2022 yilda Gazprom 1,23 trln rubl foyda to‘g‘risida hisobot bergan.

Mavzuga oid